Jamiyat | 01:16 / 03.07.2021
6780
2 daqiqa o‘qiladi

“Jamiyatimiz inklyuziv bo‘lishini juda xohlardim” - imkoniyati cheklangan, ammo yutuqlari bisyor yigit hikoyasi

20 yoshli Mirsaid Muxtorov – ijrochi-pianistlar orasida Italiya va Ispaniyada o‘tkazilgan xalqaro tanlovlar g‘olibi. Yengil atletika bo‘yicha 4 karra O‘zbekiston chempionati sovrindori. Ko‘rish bilan bog‘liq muammolari unga shu va boshqa yutuqlarni qo‘lga kiritishiga to‘siq bo‘la olmagan.

Mirsaid o‘zining “Inklyuziv oliy ta'lim” loyihasi bilan “Uchinchi renessans yoshlar nigohida” respublika tanlovida g‘olib chiqqan.

U endilikda Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi huzuridagi Zamonaviy san'at markazi inklyuziv dasturlar sohasi bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi.

Bu haqda ma'lum qilgan jamg‘arma raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva yosh do‘stini “aqlli, intiluvchan, xushchaqchaq va mehribon, qat'iyat va jasorat namunasi” deya ta'riflaydi.

“Biz u bilan bir necha yildan buyon tanishmiz va men bu bilan faxrlanaman”, – deydi Mirziyoyeva.

Mirsaidning fikricha, inklyuziv jamiyat qurishni madaniyatdan boshlash lozim.

“Jamiyatimiz inklyuziv bo‘lishini juda xohlardim. Menimcha, buni madaniyatdan boshlash kerak. Chunki musiqani tushunish uchun tarjimon kerak emas. Agar madaniyat sohasini inklyuziv qila olsak, qolgan hammasi o‘z-o‘zidan yaxshilana boshlaydi”, – deydi u.

Mavzuga oid