Jahon | 19:23 / 04.07.2021
26292
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonning 13 tumani toliblar tomonidan egallab olindi

“Tolibon” harakati jangarilari oxirgi 24 soat ichida Afg‘onistonning 13 tumani ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi.

Foto: ariananews.af

Ta'kidlanishicha, toliblar birinchi marta qisqa vaqt ichida bunday ko‘p sonda tumanni egallab olmoqda.

Jumladan, toliblar Afg‘oniston shimolida joylashgan Badahshon viloyatida 9ta va Tahor viloyatida 2ta, sharqidagi Paqtiya viloyati va janubidagi Qandahor viloyatida bittadan tumanni egallab olgan.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda toliblar Afg‘onistonning 370 tumanidan 110tasini nazorat qilmoqda. 

O‘z navbatida Afg‘oniston mudofaa vazirligi oxirgi sutka ichida mamlakatning 9ta viloyatidagi janglar davomida 224 nafar tolib yo‘q qilinganini ma'lum qilgan. Shuningdek, vazirlikda toliblar egallab olgan hududlar ortga qaytarib olinishiga va'da berilgan.

AQSh va uning ittifoqdoshlari 11 sentyabrgacha Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishi rejalashtirilgan. Avvalroq amerikaliklar Afg‘onistondagi eng yirik bazasi - Bagrom aviabazasini to‘liq tark etdi. Ba'zi davlatlar Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni yakunlab bo‘ldi.

Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlarning olib chiqilishi ortida toliblar faollashuvi kuzatilmoqda. Ular may oyidan beri hukumat qo‘shinlariga qarshi katta ko‘lamli amaliyotni olib bormoqda va ko‘p holatlarda ularni egallab turgan hududlaridan siqib chiqarmoqda. 

Mavzuga oid