Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Sohada yoshlarga alohida e’tibor beramiz» - «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi va Qashqadaryo viloyati hokimi yoshlar bilan uchrashdi
«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev va Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Kitob tumanida yoshlar bilan uchrashdi.


Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlarning muammolari, taklif va rejalari eshitildi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev mazkur ochiq muloqot bir oy davomida yoshlar bilan o‘tkazilgan turli darajadagi uchrashuvlar, tadbir va festivallarning mantiqiy davomi bo‘lganini aytib o‘tdi. Xususan, qashqadaryolik yoshlarni eshitish, qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan tadbirda «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlar uchun minnatdorchilik bildirdi.


O‘z navbatida, «O‘zbekneftgaz» rahbari Mehriddin Abdullayev neft va gaz sohasi rivojlanishi yo‘lida Qashqadaryo viloyati aholisining mehnati alohida o‘rin tutishi, viloyat bu sohaning yuragi ekanligini bildirdi. Umuman, viloyatda bu borada katta maktab shakllangani, shu sababli ham viloyat yoshlarining tizimda mehnat qilishi uchun katta imkoniyatlar mavjudligi aytib o‘tildi. Viloyatning vatanparvar, mehnatkash va tanti insonlari sabab bugun bu soha rivojlanishda davom etayotganini e’tirof etdi.


«Biz neft va gaz sohasida tajribaga ega bo‘lgan xodimlarimizni albatta qadrlaymiz. Shuning barobarida sohada yoshlarga alohida e’tibor berishni maqsad qilganmiz. Ellik mingdan ortiq xodimlarimizning salmoqli qismi yoshlardan iborat. Nega bunday deyapman? Yoshlarning qalbi qaynoq bo‘ladi. Ular so‘rashdan, fikrini aytishdan, taklif bildirishdan hayiqishmaydi.
Qolaversa, bugun biz yoshlarimiz orqali, ularning bir nechta tillarni bilishi, salohiyati bilan tizimni yoshartirishni rejalashtirganmiz. Shu maqsadda har yili bir qancha yoshlarimizni xorijda o‘qitish, ularning kontraktlarini to‘lab berishni zimmamizga olyapmiz. Ahamiyatlisi, ularning hech biriga otang kim, kimning bolasisan, degan savol berilmayapti. Iqtidor, salohiyatini inobatga olyapmiz», dedi Abdullayev.
Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdan tashqari, o‘z takliflarini ham bildirishdi.


Uchrashuvda kitoblik yoshlar sport, fan va madaniyat sohasini rivojlantirish uchun ko‘mak so‘rashdi. Tumanda istirohat bog‘ini yangi loyiha asosida ta’mirlash, fan va sport to‘garaklari faoliyatini jonlashtirish, olimpiadachi yoshlarni markazda o‘tkaziladigan tadbirlarga olib borish uchun transport bilan ta’minlash haqida takliflar bildirildi.
Shuningdek, «O‘zbekneftgaz» tizimida ishlash niyatida bo‘lgan yoshlarning murojaati eshitilib, yoshlar uchun beriladigan imkoniyat, qulayliklar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda «O‘zbekneftgaz» rahbari hamda viloyat hokimi yoshlarga erkin savollar berish orqali ularning bilimini sinovdan o‘tkazdi, bilimdon yoshlar taqdirlandi.


Uchrashuvda yoshlarning axborot texnologiyalari, sport, madaniyat va hunarmandchilik sohalarida qilgan ishlari, kitobxonlik hamda texnika yo‘nalishlarida erishgan yutuqlari bilan tanishildi.
Axborot texnologiyalari yo‘nalishida muvaffaqiyatga erishgan hamda o‘zining maktab internet saytini yaratgan o‘quvchiga noutbuk sovg‘a qilindi.
Uchrashuvda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oila farzandlariga tikuv mashinalari va boshqa turdagi jihozlar berildi.
«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi jizzaxlik va farg‘onalik yoshlar bilan ham ochiq muloqot o‘tkazishni rejalashtirgan.
Jurnalist Isomiddin Po‘latov
Operator va montaj ustasi Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
15:41 / 19.05.2025
O‘zbekiston-Misr neft-kimyo va energetika sohasida loyihalarni amalga oshiradi
17:46 / 17.02.2025
Davlatga qarashli bir qator yirik kompaniyalar yanvarda soliq to‘lashni qisqartirdi
17:51 / 27.12.2024
O‘zbekiston qanday qilib yirik gaz eksportyoridan sof importyoriga aylandi?
22:19 / 19.12.2024