Jahon | 15:28 / 05.07.2021
9348
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Markaziy Osiyoda harbiy bazalar tashkil etish niyatida emas – Afg‘oniston prezidenti maslahatchisi

Hamdulla Muhibning so‘zlariga ko‘ra, Kobul Markaziy Osiyo mamlakatlarining texnik qo‘llab-quvvatlovidan manfaatdor.

Foto: AP

Vashington Kobul bilan muloqotlarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida harbiy bazalar tashkil etish niyatida emasligini bildirgan. Bu haqda Afg‘oniston prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Hamdulla Muhib RIA Novostiga bergan intervyusida aytdi.

«Bilishimcha, bu haqda gap ketmayapti. OAV noto‘g‘ri xabarlar bergan deb o‘ylayman. Amerika tomoni bilan muloqotimizga ko‘ra, ular hech qayerda harbiy baza tashkil etish yo‘llarini qidirmayapti», – dedi Muhib.

Uning qo‘shimcha qilishicha, agarda AQSh bu borada muzokaralar olib borayotgan bo‘lsa, unga bu haqda hech narsa ma'lum emas.

Hamdulla Muhibning so‘zlariga ko‘ra, Kobul Markaziy Osiyo mamlakatlarining texnik qo‘llab-quvvatlovidan manfaatdor.

«Biz mintaqa mamlakatlaridan texnik qo‘llab-quvvatlovni kutmoqdamiz. Masalan, bizda Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-17 vertolyotlari bor va biz ularni ta'mirlash imkoniyatlarini izlayapmiz. Bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlarini ko‘rib chiqmoqdamiz, chunki ular ham bu vertolyotlardan foydalanadi va Afg‘oniston bilan umumiy chegaraga ega», – dedi Muhib.

Avvalroq AQSh Markaziy Osiyoda harbiy baza qurishi haqida xabarlar tarqalgandi.

Mavzuga oid