Jahon | 10:22 / 05.07.2021
14201
2 daqiqa o‘qiladi

Kaspiy dengizida kuchli portlash yuz berdi. Ozarboyjon buning sababini aniqlashtirmoqda

Ozarboyjon Kaspiy dengizidagi portlash sababini aniqlashtirmoqda. 4 iyulda konkret.az nashri Ozarboyjonga tegishli “Umid” gaz platformasida portlash yuz bergani va uning ortidan yong‘in chiqqanini ma'lum qilgan. Biroq Boku bu xabarni rad etmoqda.

Voqea guvohlari ijtimoiy tarmoqlarda yetarlicha kuchli portlash yuz bergani va uning zarba to‘lqini sohilda sezilganini ma'lum qilishgan. Ular portlash videosi bilan bo‘lishishgan.

“Kun davomida favqulodda vaziyatlar vazirligiga dengizdagi sanoat obektlarida biror-bir favqulodda vaziyat yuz bergani haqida ma'lumot kelib tushmadi. Shunga qaramay, tegishli tuzilmalar mutaxassislari bilan birgalikda videodagi yong‘in yuzasidan tergov o‘tkazilmoqda”, deb ma'lum qilingan Ozarboyjon favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida.

O‘z navbatida, Ozarboyjon davlat neft kompaniyasi SOCAR dengizdagi platformalarida hech qanday falokat yuz bermaganini tasdiqlagan. Biroq kompaniya rahbariyati portlash joyiga kema yuborishga qaror qilgan.

Ozarboyjon ekologiya va tabiiy zaxiralar vazirligining ta'kidlashicha, portlashga dengizdagi balchiqli vulqon otilishi sabab bo‘lishi mumkin.

Ozarboyjon seysmologiya xizmati markazi rahbari Gurban Yetirmishli ham Kaspiyda balchiqli vulqon otilishi boshlangan bo‘lishi mumkinligini ma'lum qilgan. “Kaspiy dengizida balchiqli vulqonlar ko‘p, ehtimol ulardan biri otila boshlagan”, deb aytgan mutaxassis.

Mavzuga oid