O‘zbekiston | 13:32 / 05.07.2021
15207
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz» rahbari Qashqadaryoda yong‘in oqibatida halok bo‘lgan ishchining oilasi otaliqqa olinganini ma’lum qildi

1 iyul kuni Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi «Sho‘rtanneft va gaz qazib chiqarish» zavodida yong‘in yuz berishi oqibatida bir ishchi halok bo‘lgandi.

«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev Qashqadaryoda yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng yong‘inda vafot etgan xodimning yaqinlariga ta’ziya bildirdi.

Abdullayev 2 iyul kuni kitoblik yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan iliq taassurot olganini bildira turib, bir kun avval bo‘lgan noxush voqeani esladi. Zavodda chiqqan yong‘in oqibatida tajribali xodim Shavkat Nasimovning vafot etganidan taassufda ekanini bildirdi.

«Xodimimizning oilasi, yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiraman. Qolaversa, bu voqea barchamiz uchun katta dars bo‘ldi. Biz butun jamoamiz bilan kelgusida bunday voqealar takrorlanmasligi, noxush holatlarning oldini olish uchun zarur choralarni ko‘rdik. Marhumning yaqinlari va olti nafar farzandini «O‘zbekneftgaz» AJ otaliqqa olganini ma’lum qilmoqchiman. Oilasi va farzandlarining o‘qishi hamda kelgusida ish bilan ta’minlanishida yordamimizni ayamaymiz», dedi «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi.

Abdullayev shuningdek, tizim xodimlarining ahilligi, bir-birini qo‘llab-quvvatlashi bu – tashkilotning imijini ham belgilashini aytib o‘tdi.

Jurnalist Isomiddin Po‘latov
Operator va montaj ustasi Faxriddin Hotamov

Маъруфжон Асқаров
Muallif Маъруфжон Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid