Sport | 19:48 / 06.07.2021
7445
5 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya Italiyaning g‘alabali seriyasiga barham bera oladimi? Yarimfinal anonsi

Yevro-2020 hal qiluvchi pallasiga kirmoqda. 6 iyul oqshomida Londondagi «Uembli» stadionida Ispaniya va Italiya milliy jamoalari o‘zaro to‘qnash kelib, turnirning dastlabki finalchisini aniqlashadi.

Kim qanday yetib keldi?
Luis Enrike murabbiyligidagi Ispaniya milliy jamoasi «E» guruhida Shvetsiya (0:0), Polsha (1:1) va Slovakiya (5:0) bilan o‘yinlarda 5 ochko to‘plab, guruhdan 2-o‘rinni olgan holda pley-offga yo‘llanma oldi.

Qo‘shimcha bo‘limlar bilan kechgan nimchorakfinalda Xorvatiya ustidan 5:3 hisobida zafar quchilgan bo‘lsa, chorakfinalda turnir kashfiyoti Shveytsariya ispanlar tomonidan penaltilar seriyasida mag‘lub etildi (1:1, 3:1). Yarimfinalda esa «qizil furiya»ni Italiya kutib turibdi.

Roberto Manchini boshqaruvidagi Italiya esa guruh bosqichidayoq turnir favoriti ekanligini namoyish etdi – Turkiya (3:0) va Shveytsariya (3:0) yirik, Uels esa minimal hisobda (1:0) mag‘lub etilib, 9 ochko bilan keyingi bosqichga chiqildi.

1/8 final bosqichida Avstriya qo‘shimcha bo‘limlarda taslim etildi (2:1), chorakfinalda musobaqada chempionlikka da'vogar bo‘lgan Belgiya to‘xtatildi (2:1).

«Skuadra Adzurra»ning rekordiga barham beriladimi?

Futbolda tiki-taka uslubi o‘zining avjiga chiqqan yillarda Ispaniya Yevro-2012 finalida Italiyani yirik – 4:0 hisobida mag‘lub etib, qit'ada tengsiz ekanligini ko‘rsatgandi. O‘shandan so‘ng «moviy gvardiya» Fransiyada o‘tgan 2016 yilgi Yevropa chempionati 1/8 finalida «qizil furiya»dan revansh olgan – 2:0.

«Uembli»dagi yarimfinal to‘qnashuvidan oldin Italiya milliy jamoasining g‘alabali seriyasi 13tani tashkil etmoqda, mag‘lubiyatsiz seriya esa 32 o‘yinga yetgan. Pireney yarimoroli vakillari final yo‘llanmasiga ega chiqish uchun Apennin yarimoroli vakillarining rekordga aylangan mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berishiga to‘g‘ri keladi.

Raqam va faktlar:

- Ispaniya va Italiya hozirgacha jami 37 marta o‘zaro ro‘baro‘ kelgan. Kuchlar teng ekanligi ko‘ringan – 11tadan g‘alaba va 15 o‘yinda murosa ko‘chasi tanlangan.

- Ispaniya va Italiya ketma-ket to‘rtinchi marta Yevropa chempionatida o‘zaro to‘qnash kelishmoqda. Ular bungacha Yevro-2008, Yevro-2012 va Yevro-2016da ham o‘zaro uchrashgan.

Taxminiy tarkiblar:

Italiya: Donnarumma; Di Lorenso, Bonuchchi, Kellini, Emerson; Barella, Jorjino, Verratti; Keza, Immobile, Insine
O‘ynamaydi: Spinatssola (jarohat)

Ispaniya: Unay Simon; Aspilikueta, Erik Garsiya, Lyaport, Jordi Alba; Koke, Buskets, Pedri; Jyerar Moreno, Morata, Dani Olmo
So‘roq ostida: Sarabiya (jarohat)

O‘yindan oldin kim nimalar dedi?

Roberto Manchini (Italiya bosh murabbiyi):

«Ispaniyaning Belgiyadan farqli jihati bo‘lsa-da, o‘yin juda og‘ir kechishini taxmin qilish qiyin emas. Bu bahsdagi o‘yinimiz avvalgi uchrashuvdagi harakatlarimizdan katta farq qiladi, ammo qiyinchiliklar kamayib qolmaydi. Ispaniya uzoq vaqt jahon futbolida yetakchilik qildi. Hozirda ularda avlodlar almashinuvi kuzatilmoqda, jamoa nisbatan yoshardi. Shunga qaramay, ispanlar tarkibida kuchli ijrochilar va ajoyib murabbiy bor».

Luis Enrike (Ispaniya bosh murabbiyi):

«Ikki jamoadan biri o‘yinda yaqqol ustunlik qiladi, deb bo‘lmaydi. Bu duelda kim g‘olib chiqishini tomosha qilish juda qiziq bo‘ladi. Italiyada yuqori saviyali futbolchilar ko‘p, ammo ularning eng asosiy ustunligi bu – haqiqiy jamoa borligidir. Bu raqib hujumda ham, himoyada ham butun jamoa bo‘lib ishtirok etadi. Bu borada bizning uslubimiz juda o‘xshash. Manchini jamoasining avvalgi Italiyadan farqi shundaki, hozirgi jamoa italyanlarga xos bo‘lmagan juda yuqori pressingda o‘ynaydi. Bu raqibda kuchli jihatlar ko‘proq. Finalga chiqish uchun ikki jamoada ham yaxshi vaziyatlar bo‘lishi aniq».

Yarimfinal va finallarda «Uembli» 75 foizga to‘ladi

Yarimfinal va finalga mezbonlik qiladigan «Uembli» stadioni 1/8 final doirasidagi Italiya – Avstriya bahsida 21 500 nafar tomoshabinni o‘z bag‘riga olgan bo‘lsa, Angliya – Germaniya uchrashuvida 80 ming sig‘imga ega o‘yingohning 50 foizga to‘lishiga ruxsat berilgandi. Turnirning hal qiluvchi so‘nggi uch o‘yinida esa stadion 75 foizga to‘lishiga ruxsat etiladi.

6 iyul (seshanba)

Yevro-2020. Yarimfinal.

Ispaniya – Italiya

Bosh hakam: Feliks Brix (Germaniya)

London, «Uembli» stadioni.

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

TV-translatsiya: UzReportTV. 

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid