O‘zbekiston | 08:27 / 08.07.2021
24814
12 daqiqa o‘qiladi

Komil Allamjonov - shov-shuv ko‘targan kitobi, Saida Mirziyoyeva bilan tandemi va siyosiy ambitsiyalari yo‘qligi haqida

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov BBC'ga bergan intervyusida yaqinda nashrda chiqqan kitobi, “siyosiy ishtaha” va odamlar Saida Mirziyoyevani Gulnora Karimovaga qiyoslashlari haqidagi savollarga javob berdi.

— “Allamjonov aybdor” kitobini nima uchun aynan hozir nashr qildirmoqdasiz?

— Bu kitobni yozishni aslida 1,5 yil oldin boshlanganman. Aynan pandemiya davrida, hammamiz uyda o‘tirgan paytimizda bu kitobni boshlash fikri paydo bo‘lgan va uni yozishni boshlaganman.

Nima uchun aynan hozir deganda, birinchidan, bu yil yoshlar yili. Yoshlarimizga, o‘z hayot yo‘lini tanlash haqida fikr yuritayotganlarga ayni damda hozir shu foydali bo‘ladi, deb o‘yladim.

Bundan tashqari, hozir – yoz fasli. Yoz faslida, xabaringiz bor, ko‘pchilik maktab bitiruvchilari turli oliy ta'lim yo‘nalishlariga kirishadi, hayotga endi ilk qadamni qo‘yishadi. Aynan shu paytda bu kitobni o‘qigan holda mening hayotimda, boshimdan kechirgan o‘sha voqealar, holatlar va turli yaxshi yoki og‘ir kunlarni ko‘rgan holda, o‘zlariga ozgina bo‘lsa-da tajriba, ozgina bo‘lsa-da yo‘nalish olishlariga yordam beradi, degan maqsadda aynan shu yili va aynan yoz faslida buni chiqardik.

— Bu kitob yoshlarga motivatsiya berishdan ko‘ra, mamlakat siyosiy sahnasidagi o‘z ta'sirini yanada kengaytirish istagida bo‘lgan insonning yozganlariga o‘xshaydi, degan qarashlar bor. Haqiqatan bu kitobning nashr qilinishi bilan Komil Allamjonovda siyosiy ishtaha paydo bo‘ldi, deb ayta olamizmi?

— Bu kitobdan siyosat qidirish kerak emas. Bu kitobda hech qanday siyosiy motiv yo‘q. Bu kitob, yana bir marta aytib o‘tdim, memuar ham emas. Bu kitob – motivatsiya. Chunki judayam ko‘p yoshlarimiz o‘z hayot yo‘lini tanlashda qiynalishadi; mana, o‘zimiz ham boshimizdan o‘tkazganmiz, aynan maktabni bitirgandan keyin hayot yo‘lini tanlashga ko‘pchilik qiynaladi. Qaysi yo‘lga kirsam ekan, oliy ta'lim yo‘nalishida bilim olib, bir sohani egallaymi, hunar egallaymi, yoki bo‘lmasam, bir sohaning boshini ushlaymi? Yoki bo‘lmasa, umuman tag-tugi bilan O‘zbekistondan boshqa davlatga borib, yashab, ana shu yerda ishlab, faoliyat olib boraymi, degan ikkilanishlar bo‘ladi.

Ko‘p yo‘llarni tanlashda, ochig‘ini aytamiz, bugungi kunda baribir O‘zbekistonda, mening shaxsiy fikrim, shunday kitoblarga ehtiyoj bor. Ana shu yerda o‘sib, ana shu yurtda turli darajalarga yetish mumkinligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Hech qanday yordamsiz, hech qanday bir ko‘maksiz yoki bo‘lmasa, daldasiz insonda xohish bo‘lsa, iroda bo‘lsa, maqsad aniq bo‘lsa va tinimsiz mehnat bo‘lsa, bu yerda ham katta yutuqlarga erishish mumkinligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim.

Bu yerda hech qanday siyosiy motiv, hech qanday bir siyosatga, siyosiy maydonda o‘zimni ta'sir kuchimni oshirish uchun bir ishtiyoq yoki bir harakat, degan gaplarning hammasi bular noto‘g‘ri gaplar.

— Kitobingizda yozgansiz, birinchi prezident davlat boshqaruv tizimida “bo‘lib tashla, hukmronlik qil” uslubini qo‘llagan va bu usulga o‘zingiz ham professional faoliyatingizda duch kelgansiz. Aytingchi, ikkinchi hukumat davrida bu siyosiy boshqaruv usuliga butunlay barham berildimi yoki bu siyosiy merosning asoratlari qaysidir darajada saqlanib qolmoqdami?

— Endi oldingi davr bilan hozirgi davrni solishtirsa, yer bilan osmonchalik farq bor. Judayam baland farq. Hozir butunlay boshqacha tizim. Hozir ko‘proq jamoa bo‘lib ishlash, ahillikda ishlash, bir yoqadan bosh chiqarish, degan to‘g‘ri boshqaruv siyosati ketyapti.

Men u davrni suyagim qotgan davr, deb hisoblayman. Ko‘rganman-da, misol uchun. Hozir bunaqa holatlar yo‘q. Buni “komandasi” yoki bu buni “komandasi” degan narsani men ko‘rmadim. Lekin bu degani muammolar yo‘q, degani emas. Bu endigina 4 yillik bir o‘zgarish. Katta bir mashinani 4 yil ichida tubdan o‘zgartirib yuborish bu juda qiyin masala. Chunki o‘zimiz aytib kelamiz, har doim kadrlar soni yoki bo‘lmasa, bilimlilar soni yetarli darajada emas, degan bir payt. Buni faqat bilimlilar, ilmlilar qila olishi mumkin.

— Mass-media fondi ochilgunga qadar yuqori hokimiyatga yaqinroq bo‘lib ishlagan paytlaringiz saroyning ba'zi bir nozikliklari, ba'zi bir muammolari haqida yozgansiz kitobingizda. O‘sha nozik muammolar ichida siz duch kelganingiz eng kattasi qaysi edi va eng muhimi?

— Endi, bilasizmi, bu saroy, dargoh – bir oiladek gap-da. Har bir oilada o‘ziga yarasha baland-pastlari bo‘ladi. Yaxshi jihatlari, yoki bo‘lmasa, nozik jihatlari, yoki bo‘lmasa, boshqa bir salbiy tomonlari. Endi bu – oilaviy masala. Oilaviy masalani men ko‘chaga olib chiqmagan bo‘lardim.

— Prezident qizi Saida Mirziyoyeva va Komil Allamjonov tandemini ijtimoiy-siyosiy hayotda birga ko‘rishga O‘zbekistondagi jamoatchilik allaqachon ko‘nikib bo‘ldi. Aytingchi, hozirgi vaqtga kelguningizgacha, Saida Mirziyoyeva sizga qandaydir qalqon vazifasini o‘tadimi? Har holda u – prezident qizi.

— Albatta, Saida Mirziyoyevani bizga, matbuotchilarga, shu yo‘nalishga kelishi bu – prezidentimizning matbuotga va jurnalistlarga bo‘lgan e'tiborining belgisi, deb hisoblayman.

Saida Mirziyoyeva bilan biz tandemdagina shu bugungi kunga erishgan yutuqlarimizga erisha oldik. Matbuotni 4-hokimiyat darajasiga olib kelishga harakat qildik. Vazirlik-idoralarda matbuot xizmatlarining joriy qilinishi, matbuotning himoyalanishi, matbuotning muammolarini zudlik bilan rahbariyatga yetkazishda va uni hal qilishda ularning roli katta.

— Suhbatimizning boshida siyosiy ishtaha haqida gaplashdik. Mana yaqinda Saida Mirziyoyeva bilan birgalikda “Zakovat” intellektual klubini qaytadan jonlantirdinglar. Ya'ni qaytadan shakllantirdinglar, desak ham bo‘ladi. Lekin hozir jamoatchilikda: “Saida Mirziyoyeva va Komil Allamjonov “Zakovat” klubi orqali o‘zining tarafdorlari qatlamini shakllantirishga urinmoqda” degan bir qarashlar yuribdi. Bu qarashlarga qanday munosabat bildirasiz?

— Bilasizmi, “zakovatchilar”, intellektual yoshlar Komil Allamjonov yoki Saida Mirziyoyeva uchun bu yerda to‘planmaydi. Ularni birlashtiruvchi kuch bu – ilmga bo‘lgan intilish, unga bo‘lgan qiziqish.

Har bitta shunday harakatlarda siyosiy maqsadlarni ko‘zlayversak, unda ertaga bozorga chiqib pista sotsak, bundan ham siyosat ko‘rish mumkin. Mana hammaga shirin pista sotib, o‘zining tarafdorlarini egallayapti, deb. Men bunaqa fikrlardan qochgan bo‘lardim. Bizning asosiy maqsadimiz – yoshlarni, ilmga tashna bo‘lgan yoshlarni birlashtirish, ularni yuzaga chiqishini ta'minlash. Ularni, umuman ilmni trendga chiqarish – asosiy maqsad shu va biz buni “Zakovat” platformasida qilganmiz.

“Zakovat” o‘zi bu – yangi loyiha emas, bu 20 yildan oshiq bor loyiha. Bizning “Milliy” telekanalimizda “Zakovat” ko‘rsatuvi efirga ketib turgan bo‘lgan va qaysidir sabablarga ko‘ra reytinglari pasayib ketgani uchunmi, ko‘rsatuvni efirdan olishdi. Efirdan olishganda “Zakovat” klubining ta'sischilari menga murojaat qilishdi, qanday qilib buni efirga qo‘ysak bo‘ladi, degan taklif bilan chiqishdi.

Ular bilan suhbatgacha men bu klub, ko‘rsatuv bilan 15-20 tacha odam shug‘ullanadi, deb o‘ylagan ekanman. Bilsam, “Zakovat”ni Toshkent shahrining o‘zida har hafta minglab yoshlar turli kafelarda o‘zlari pul tashlashib, o‘zlari to‘planishib, shu o‘yinlarni o‘ynashar ekan. Huddi shunaqa viloyatlarda ham. Bundan tashqari, qarasam, rus ligasi bor ekan, rus ligada ham ikki mingga yaqin odam doimiy ko‘rishib, o‘ynab turishar ekan. Lekin ularni birlashtiradigan, ularni doimiy yanayam qiziqtiradigan bir homiy yoki yo‘lboshchi bo‘lmagan.

Shundan keyin shu fikr paydo bo‘ldiki, kelinglar agar shu potensiali katta loyiha bo‘lsa, ilmga tashna yoshlarimiz shunchalik bo‘lsa, ularni yuzaga chiqaraylik, sonini oshiraylik, ilmga bo‘lgan qiziqishni yoshlarda kuchaytiraylik, deb biz bu ishga qo‘l urganmiz.

Bu yerda bir tarafdorlarimizni shakllantirish yoki bo‘lmasam boshqa hech qanaqa ortiqcha maqsad yo‘q.

— Oxirgi paytlarda Saida Mirziyoyevaning ijtimoiy-siyosiy sohada olib borayotgan ko‘p harakatlari olqishlanayotgan bir paytda, uning ayrim masalalarda ilgari surayotgan tashabbuslarini Gulnora Karimovanikiga o‘xshatishlar ko‘payib bormoqda.

— Bilasizmi, biz bunday tanqidlarga judayam ko‘p duch kelamiz. Endi, Gulnora Karimovaning ham qilmagan ishi qolmagan ekan-da. Nima ishga qo‘l ursak, o‘sha ishda albatta Gulnora Karimova o‘tib ketgan bo‘ladi, iz qoldirib ketgan bo‘ladi.

Biroq biz Gulnora Karimova bu ishni qilgan ekan deb, yangi loyiha va g‘oyalar paydo bo‘lsa, o‘zimizni tiymaymiz. U davr o‘zining davri edi, bu davr o‘zining davri. U paytdagi xatolar bizga ko‘proq bu yo‘lda xato qilmaslikka undaydi. Ularning qilgan xatolari bizga bir ko‘rgazma, aslida. Biz shu-shu xatolarni qilsak, shu loyihalarni shu xatoliklar bilan qilsak, qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘rganmiz, bu bizga saboq bo‘ldi. Lekin yo‘limizni qaytarishga yoki biron bir yaxshi, chiroyli, foydali, odamlar uchun, jamiyat uchun foydali loyihalar chiqqanda, “Voy, shuni bir paytlar Gulnora Karimova qilgan ekan”, deb undan to‘xtamaymiz.

— O‘zingizning ta'biringiz bilan aytganda, Komil Allamjonovni prezident bo‘lishga maqsad qilish yoki hech bo‘lmaganda orzu qilishda ayblay olamizmi?

— Yo‘q, menda siyosiy ambitsiyalar yo‘q. Har bitta kitob yozgan odam, har bitta yangi loyihalarni amalga oshirgan odam, albatta, prezidentlikni orzu qilib qilmaydi bu ishni. Hammaning o‘z maqsadi bor. Masalan, mening bosh maqsadim – hozirda yoshlarni ilmga jalb qilish.

Bugun jamiyatimiz rivojlanishi uchun yoshlarimiz yo bilimli bo‘lishi kerak, yo hunarli bo‘lishi kerak. Har bitta kitob yozgan odam yoki har bitta “Zakovat”ga o‘xshagan katta loyihani qilayotgan odam siyosiy ambitsiya bilan yashaydigan bo‘lsa, bilasizmi, hammaning dunyoqarashi, hammaning xohishi har xil, hammaning maqsadi har xil. Menda unday ambitsiya yo‘q.

Mavzuga oid