O‘zbekiston | 18:41 / 08.07.2021
3413
2 daqiqa o‘qiladi

Nukusda 2,5 mlrd so‘mga ta'mirlangan «bazar stoyanka» 60 kun deganda ishga tushdi

Foto: KUN.UZ

5 iyulda Nukusdagi eng katta avtoturargoh foydalanishga topshirildi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston transport vazirligi xabar berdi.

Shu kundan boshlab «bazar stoyanka»da «Damas»lar harakati qayta yo‘lga qo‘yildi. Oldin nukusliklar yog‘in-sochinli kunlarda turargohda suv kechib yurardi. 

«Bazar stoyanka»ning ta'miriga 2,5 mlrd 251 mln so‘m ketgan. Bozor ma'muriyatining ma'lum qilishicha, bu mablag‘ ichki imkoniyat evaziga topilgan.

«Stoyanka» 4 may kuni yopilgandi. Rekonstruksiya ishlariga 60 kun vaqt ketdi. Bu vaqt mobaynida «Damas»lar Nukus bo‘ylab tarqatib yuborildi.

Avtoturargohga yomg‘ir va qor suvi yig‘iladigan maxsus jihozlar o‘rnatilgan. Yo‘nalishlar o‘rtasida ham suv to‘planmasligi mumkin. Maxsus ariqchalar bunga imkon bermaydi.

Lekin yotqizilgan asfalt sifati savol ostida qolmoqda. Haydovchilarning aytishicha, «stoyanka»ga sifatsiz asfalt to‘shalgan.

Ma'lumot uchun, «Bazar stoyanka»ga har bir «Damas» 500 so‘mdan kirib chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, bir yil oldin Nukus shahri hokimi  Utemurat Panayev Nukusdagi yagona tunnel va «bazar stayanka»dan suv kechib o‘tilishiga o‘z munosabatini bildirgandi.

Mavzuga oid