O‘zbekiston | 17:14 / 08.07.2021
10404
4 daqiqa o‘qiladi

«Xalqimiz suv muammosini tushunishi va shunga yarasha choralar ko‘rishi kerak» - olim fermer va tomorqachilar o‘rtasidagi suv janjallari haqida

Qishloq xo‘jaligi va ichimlik uchun suv yetishmovchiligi, qurg‘oqchilik hamda suvga aloqador boshqa muammolar o‘zbekistonliklarni yildan yilga ko‘proq bezovta qilyapti. Mamlakatda suvni tejab ishlatish borasidagi ishlar esa juda sust ketmoqda. Masalan, O‘zbekistonning asosiy qishloq xo‘jaligi maydonlarini sug‘orishda hozir ham 1970-80 yillardagi kabi bostirma sug‘orishdan foydalaniladi...

Kun.uz muxbiri bu borada mamlakatni kutayotgan qiyinchiliklar, sohaga yangi texnologiyalarni jalb qilish va umuman, suv muammolariga moslashish jarayonlari borasida qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Usmon Norqulov bilan intervyu uyushtirdi.

Intervyuning birinchi va ikkinchi qismlari avvalroq e'lon qilinib, matnlashtirilgan holda taqdim etilgan edi. Quyida suhbatning uchinchi qismi matni juz'iy qisqartirishlar bilan e'lon qilinmoqda.

— O‘zbekistonda suv yetishmovchiligi yildan yilga jiddiy muammoga aylanar ekan, tomorqachilar, fermer va klaster egalari o‘rtasida kelishmovchiliklar, qonli janjallar ham ko‘paymoqda. Afsuski, shu kabi vaziyatlarning ko‘pida qo‘lida kuchi bor odamgina suv ololyapti.

Xo‘sh, qonunchilik bo‘yicha tomorqachi, fermer yoki klaster egasi mavsum davomida qancha suv olishi kerak?

— Bizda suv bo‘yicha doim muammolar bo‘lgan. Shularni hisobga olgan holda O‘zbekistonda 1993 yili «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingandi.

Fikrimcha, muammo qonunchilikda emas, uning ijrosida. Bunda klasterdan tortib, dehqon, tomorqa xo‘jaliklarigacha amaldagi qonunga amal qilishi kerak.

Ikkinchidan, biz har yilgi mavjud suv resurslarini oldindan taxmin qilib, ishni shunga qarab tashkil qilishimiz kerak. Suvdan foydalanish rejalarimiz kerak bo‘lsa, har bir ekin turigacha aniq bo‘lishi kerak. Busiz iloji yo‘q, suv yetishmovchiligi bizda katta muammo ekanligi sir emas.

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Usmon Norqulov

— Hozirgi suv yetishmovchiligi sharoitida eng ko‘p jabrni tomorqachilar ko‘ryapti. Ular aslida tomorqasi uchun doimiy tarzda suv olib turishi kerak emasmi?

— Ha, bu qonunchilikda ham bor. Unga ko‘ra, aholi tomorqasiga doimiy tarzda suv oqib turishi kerak. Chunki ularda turli xil ekinlar, issiqxonalar, chorva va parranda ham bor. Ularga esa doimiy suv kerak. Bu oqimni esa joylarda mas'ullar, mahalladagilar nazorat qilishi kerak.

Xalqimiz suv muammosini tushunishi va shunga yarasha choralar ko‘rishi kerak. Ular ham suvni tejab ishlatishi, shuningdek, tomorqasida suv saqlaydigan beton hovuzlar qurishi kerak.

Hozir suv tejovchi texnologiyalarning narxi ham arzonlashib boryapti, odamlar bu texnologiyalarni mustaqil ham o‘rnata oladi.

Ular o‘z tomorqalarini suv saqlaydigan hovuzlardan va yangi texnologiyalardan foydalanib sug‘orishni o‘rganishlari kerak. Bular hammasi oddiy odam qilishi mumkin bo‘lgan ishlar. Mana shunda ular suv deb talashib, tortishib yurishi shart bo‘lmaydi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev.

Mavzuga oid