Jamiyat | 12:45 / 09.07.2021
27463
4 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya qo‘mitasi ikkinchi ayiqni ovlash bo‘yicha ruxsatnomani bekor qilmagani ma'lum bo‘ldi

Bugun, 9 iyul kuni Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta'minlash masalalari qo‘mitasining birinchi majlisi o‘tkazildi. Unda Senat a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda tanqidga ko‘p duch keluvchi sohalar bo‘yicha Ekologiya qo‘mitasi ham tilga olindi. Unda Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ining ovlanishi ortidan jamoatchilik e'tirozi tufayli ikkinchi ruxsatnoma bekor qilinishi, Ekolog inspektor va OAV vakillarining «G‘ofur G‘ulom» nomli istirohat bog‘iga kiritilmagani, Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi yirik daraxtlar kesilgani kabi masalalarga to‘xtalib o‘tildi.

Tadbirda so‘z olgan Ekologiya qo‘mitasi vakili Sevara Davlatova bu mavzular bo‘yicha javob berdi.

«Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini ovlash bo‘yicha ikkinchi ruxsatnoma bekor qilinmagan. Faqat jamoatchilikda kuchli e'tiroz bo‘lgani tufayli vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan. Daraxtlar kesilishiga kelsak, ekologiya boshqarmalarining bu boradagi xulosalari umumiy jarayondagi bir bo‘g‘in, xolos. Ya'ni ekologiya boshqarmasi ruxsat bergan taqdirda ham daraxtlarni kesish yoki kesmaslik, qachon, qay tartibda kesish bo‘yicha qaror mahalliy hokimiyatlar tomonidan chiqariladi. Taklifimiz, daraxtlar kesiladigan hududga hokimiyat o‘z rejalarini ko‘rsatib beruvchi, ya'ni daraxtlar qay tartibda va nima maqsadda kesilishini bildiruvchi ma'lumotnomalar osib qo‘ysin», deya Sevara Davlatovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, may oyida «Qizil kitob»dagi qo‘ng‘ir ayiq Ekologiya qo‘mitasi raisining ruxsati bilan Toshkent viloyatida rossiyalik ovchi tomonidan otib o‘ldirilgan, bu jamoatchilik e'tirozlariga sabab bo‘lgandi. Ayrimlar Ekologiya qo‘mitasi raisining iste'fosini talab qilgandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonovning aytishicha, Ekologiya qo‘mitasi raisi bilan bo‘lgan ushbu voqea va unga jamoatchilikning reaksiyasi yangi farmonga ov qilish, ruxsatnoma va yo‘llanma berish, uning to‘lovlari to‘g‘risidagi barcha ma'lumotlarni doimiy ravishda ochiqlab borish talabini kiritishga turtki bo‘lgan.

«Dastlab loyihada ov qilish bilan bog‘liq ochiqlanishi lozim bo‘lgan ma'lumotlar bandi yo‘q edi. Yaqinda qo‘ng‘ir ayiqning o‘ldirilishi bilan bog‘liq voqeadan keyin aholi orasida katta rezonans berdi. Shunga ko‘ra ijtimoiy ahamiyatga molik litsenziyalarning egalari, ruxsat beruvchi va oluvchilar to‘g‘risidagi ma'lumotlar e'lon qilib boriluvchi ro‘yxatga ov qilish bilan bog‘liq litsenziyalarni ham kiritdik.

Lisenziyaga aloqador holatlar juda ko‘p. Yer qa'ridan foydalanganlik uchun ruxsat olish kerak, tekshirilganda qaysidir davlat idorasi rahbari tomonidan og‘zaki “ruxsat” asosida ishlab kelayotganini ham ko‘rdik. Farmon bilan shu kabi litsenziyalar haqidagi ma'lumotlarni ochiqlash majburiyati yuklanadi. 1 iyuldan boshlab bu ham ochiqlanishi kerak», degandi u Kun.uz’ga bergan intervyusida.

Mavzuga oid