Jamiyat | 12:24 / 10.07.2021
21145
7 daqiqa o‘qiladi

«Endi chiroq o‘chsa, qo‘rqmayman, uni ko‘paytirish yo‘llarini izlayman» - IELTS’dan 8 ball olgan o‘quvchi «yashil energiya» manbasini yaratmoqchi

Har qanday jamiyat faqat va faqat ilm yordamida rivojlanadi. O‘zbek jamiyatida ham, ayniqsa yoshlar orasida ilmning ommalashayotgani quvonarli holat. Kun.uz kelajagini ilm bilan bog‘lashni maqsad qilgan yoshlar bilan tanishtirishda davom etadi.

Navbatdagi qahramonimiz endi maktabni bitirgan bo‘lishiga qaramay, oliy maqsadlarni ko‘zlamoqda. Uning aytishicha, hayotdagi eng zo‘r motivatsiya aynan oliy maqsadlarning mavjud ekani.

Rahmatillo Abdubayev Namangan shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi. U yaqinda «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyasi sohibi bo‘ldi. Rahmatillo Amerikada o‘qib kelib, O‘zbekistonda «yashil energiya» turlarini ommalashtirmoqchi. Qahramonimiz IELTS’dan qanday qilib 8 ball olgani va unga motivatsiya beruvchi oliy maqsadlari haqida so‘zlab berdi.

11-sinfda IELTS’dan 8 ball olgani haqida

«Namangan shahridagi Prezident maktabini 2021 yil bitirdim. Bu maktabga kelishimdan oldin Namangan shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qiganman. 7-sinfligimda Londonga ikki haftalik yo‘llanma beriladigan tanlov e’lon qilingandi. Shu tanlovda g‘olib bo‘lish uchun ingliz tilidan o‘quv kurslariga qatnay boshladim. 7-sinf oxirigacha o‘quv kursida o‘qib, tanlovda g‘olib bo‘lib, Londonga ikki haftalik yo‘llanmani qo‘lga kiritganman. 11-sinfda IELTS’ga imtihon topshirib 8 ball oldim».

«Ingliz tili xorijda o‘qish uchun kalit»

«Men chet elga bormoqchi bo‘lsam, avvalo kichik narsa, ya’ni ingliz tilini o‘rganishni boshlashim kerakligini tushundim. Bu chet el oliygohlariga kirish uchun kichik kalit, xolos. Shu kalitga ega bo‘lmasam, boshqa chig‘iriqlardan o‘tolmasligimni tushundim. Shuni maqsad qilib, iyun oyidan boshlab har kuni 12 soat ingliz tilining o‘ziga vaqt ajratdim. Karantinning may-iyul oylarida, 10-sinfni yakunlagandan keyin vazifalarimiz tugagandi. Ertalab azonda turib, Amerikada chiquvchi gazeta International Herald Tribune’ni o‘qirdim. 23 betli bu gazetani erinmay o‘qidim, uni bir marta emas, bir necha marta o‘qib tugatdim. Bu gazetada siyosat, iqtisodiyot kabi ko‘plab mavzularga oid maqolalarni o‘qib, shu sohadagi bilimlarimni ham oshirdim. Uni tushunib olish uchun 6-7 martalab o‘qirdim va har bir chiqqan yangi so‘zlarni yozib, bitta daftar qilganman. Bu daftarni bir marta emas, yetti martacha yodlab chiqardim.

Ingliz tilini o‘rganayotgan odam har qanday resursdan to‘g‘ri foydalanishi kerak. Aslida ko‘p resurs kerak emas, bitta resurs bo‘lsa ham undan sifatli foydalansangiz, albatta, bu sizga yordam beradi».

«Amerikada o‘qishni xohlayman. Yo‘q, u yer orzular makoni bo‘lgani uchun emas»

«Faqat IELTS'ga tayyorlanish orqali ingliz tilini o‘rganib bo‘lmaydi. Chunki IELTS topshirganidan keyin ingliz tilini tez orada unutib yuborish mumkin. Agar mehnat qilib, ko‘p vaqt ingliz tiliga sarflansa, balki IELTS'dan o‘rtaroq baho olar, lekin umuman olganda tilni yaxshiroq o‘rganadi. IELTS bu ingliz tili degani emas. O‘z navbatida, ingliz tili ham IELTS degani emas. IELTS ko‘rsatkichi har doim ham haqiqiy bilimni ko‘rsatmasligi mumkin. Shuning uchun qancha ko‘p mehnat qilsangiz, bu mevasini bermay qolmaydi. Masalan, men University of East Anglia, King's College London University of Bristol kabi Buyuk Britaniyadagi universitetlarga qabul qilindim. Amerikada University of Longwood, University of Manhattan University of Trachsel, Purdue University west of Lafayette va Columbia college’ga muhandislik yo‘nalishiga kirdim. Mening niyatim AQShda o‘qib kelish. U yerga borish sababi boshqa insonlar havas qilgani yoki AQSh orzular makoni bo‘lgani uchun emas, balki yaxshi ta’lim va universitetning maqomi sababdir. Muhandislik bo‘yicha men tanlayotgan universitet dunyoda 34-o‘rinda turadi».

«TikTok ishlatib ko‘rmaganman, u vaqtimni o‘g‘irlashini istamayman»

«TikTok yaqinda paydo bo‘lib, juda mashhur ijtimoiy tarmoqqa aylanib ketdi, lekin men bu saytga kirmayman, ishlatib ko‘rmaganman, u vaqtimni o‘g‘irlashini istamayman. Miyani dam oldirish uchun jismoniy mashg‘ulot qilgan yaxshi. Agar jismonan charchagan bo‘lsangiz, uxlaganingiz yaxshi».

«Eng yaxshi motivatsiya – oliy maqsad»

«Hozir yoshmiz va ko‘p narsa qilishga qodirmiz. Badanimiz, tanamiz ham bunga bemalol moslasha oladi. Ko‘p o‘qisa, miya charchab qoladi deyishadi, ammo menda bunday bo‘lmadi. Aksincha, ko‘proq bilim olishga ishtiyoqim va qobiliyatim oshdi. Prezident maktabiga uncha yaxshi o‘quvchi bo‘lmay kelib, a’lochi bo‘lib bitiryapman. Inson irodasi kuchli bo‘lsa, hamma xohlagan narsasiga erishishi mumkin. Irodani chiniqtirish uchun avvalambor motivatsiya kerak. Eng yaxshi motivatsiya esa oliy maqsadlardan keladi».

«Endi tok o‘chsa, qo‘rqmayman, uni ko‘paytirish yo‘llarini izlayman»

«Yoshligimda multfilm ko‘rishni yaxshi ko‘rardim. Shunda birdan tok o‘chib qolsa, qo‘rqib onamning oldilariga borardim. Endi esa tok o‘chib qolsa, qo‘rqmayman, aksincha, qanday qilib muammoni yechish mumkinligi haqida o‘ylaydigan bo‘ldim. Bu menga motivatsiya ham bo‘ladi.

Loyihalarimdan biri O‘zbekistonda «yashil energiya» manbayini yaratish. Buning yo‘llari juda ham ko‘p. Xudo xohlasa, universitetni bitirib, bulardan birini O‘zbekistonga tatbiq etishni niyat qilganman. «Yashil energiya» bu – tabiatga zarar yetkazmaydigan energiya manbayi. Bunday energiya olishning bir yo‘li – o‘simliklar. O‘simliklarning eng keraksiz, hayvon yemaydigan joyidan foydalanib, uni qaytadan ishlab, ichidagi etanol moddasini olib, energiya manbasini hosil qilish mumkin. Bu ham arzon, ham chiqindini kamaytiradi. Keng miqyosda biz uni nafaqat elektr, balki mashinalar uchun ham ishlatishimiz mumkin bo‘ladi. Bu orqali mashinalardan chiqadigan zararli gazlar ham atmosferani bulg‘amaydi».

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev

Mavzuga oid