O‘zbekiston | 13:31 / 10.07.2021
16485
3 daqiqa o‘qiladi

“Jamoat joyida yaktak kiygani uchun javobgarlikka tortilgan holatlar ham bo‘lgan” - Davletov ibodat libosi tushunchasi qonundan chiqarilgani haqida

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonundagi ijobiy o‘zgarishlardan biri – “ibodat libosi” tushunchasi bekor qilingani haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Keng jamoatchilik yaxshi kutib olgan o‘zgarishlardan biri – “ibodat libosi” degan tushunchani olib tashladik. Bu tarixan ham, yaqin o‘tmishimizda ham amaliyotda juda qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgandi.

Eslayman, 5-6 yil oldin boshqa tashkilotda ishlaganimda, amaliyotda muammolar bo‘layotgani sababli “ibodat libosi” nima ekaniga aniqlik kiritish bo‘yicha topshiriq olgandik. Guruh yig‘ganmiz, ko‘p-ko‘p ekspertlar kelgan. Boshida atamaning ta'rifini darrov yozib tashlaymiz degan ishonchimiz komil edi. Lekin keyin ishga o‘tirib, konfessional yondashuvdan kelib chiqib tahlil qilishni boshlaganimizda juda qiynalganmiz.

Oxir-oqibat “tupik”ka kirib, bu terminga hech qanday ta'rif bera olmasligimizni va ojizligizmini tan olganmiz. Bu – 5-6 yil oldin edi, u paytda bu qonunni qayta ko‘rib chiqish harakatlari yo‘q edi. Faqat shu “ibodat libosi” tushunchasi bilan muammo bor edi. Ana shu tushunchani aniq belgilab, aniq taqiqini qo‘yish nuqtayi nazaridan topshiriq bo‘lgandi. Ya'ni qandaydir yengillik berish emas, mavjud taqiqning aniqligini belgilab berish haqida gap ketgandi.

Shuning uchun bizni qiynab kelayotgan mana shu termindan voz kechildi. Oldin ham aytganmiz, o‘zimizdagi dehqonlar kiyadigan yaktak kiyganda ham, boshqa kiyganda ham javobgarlikka tortilgan holatlar bo‘lgan – ibodat libosi sifatida qaralgan, shunday tan olingan. Shunaqa amaliyotlar ham bo‘lgan, endi bunga chek qo‘yildi”, – dedi Ruslanbek Davletov 10 iyul kungi matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalq ta'limi vazirligi maktab formasi bo‘yicha talablar o‘zgarmaganini eslatgan edi.

Mavzuga oid