O‘zbekiston | 18:01 / 12.07.2021
1940
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi 1000 o‘rinli davolash va taqsimlash markazi qayta ish boshladi

So‘nggi vaqtlarda viloyatda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat biroz keskinlashgani ortidan Samarqandda 2020 yilda tashkil etilib, so‘ng yopilgan davolash va taqsimlash markazi qayta ochilgan. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni markazlashgan holda davolash, ularga tezkor hamda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida Samarqand shahridagi sport majmuasida o‘tgan yil avgust oyida tashkil etilib, kasallanish kamayishi bilan yopilgan 1000 o‘rinli davolash va taqsimlash markazi yana ish boshlagan.

Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, davolash va taqsimlash markazi rahbari Ahmadjon Bobojonovning aytishicha, shu paytgacha COVID-19 infeksiyasi aniqlangan bemorlar Samarqand shahridagi 340 o‘rinli ikkita maxsus shifoxonada davolangan. Bugungi kunda kasallikka chalinish holatlari ko‘payayotgani sababli markaz qayta ochilgan.

Qayd etilishicha, markazda viloyatning turli hududlaridan keltirilayotgan bemorlarni davolash uchun barcha zarur tibbiy jihozlar mavjud, dori vositalari zaxirasi yaratilgan. 100 nafarga yaqin malakali tibbiyot xodimlari markazda ishlashga jalb qilingan.

«Ko‘p ta'kidlanayotganidek, kasallik belgilari va asoratlari bir xil emas, o‘zgarib turibdi. Ayni paytda koronavirus yuqtirgan bemorlarda asosan, holsizlik, bo‘g‘imlar og‘rig‘i, diareya kuzatilmoqda.O‘tgan yil bemorlarda dastlabki bosqichda o‘pkada zararlanish kuzatilgan bo‘lsa, hozir kasallikning besh-oltinchi kunidan bu xavf yuzaga kelyapti. Shu sababli, aholidan karantin qoidalariga qat'iy rioya qilishlari hamda kasallikka qarshi emlash jarayonlarida faol ishtirok etishlarini so‘raymiz. Salomatligimizni asrash o‘zimizga bog‘liq – tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, sog‘lom turmush tarziga amal qilsak, kasallik bizdan yiroq bo‘ladi», deydi A.Bobojonov.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid