O‘zbekiston | 17:42 / 14.07.2021
1520
2 daqiqa o‘qiladi

Parkent tumanida qariyb 90 million so‘mlik dori vositalarini noqonuniy sotgan shaxs ushlandi

Parkent tumanida dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishi oldi olingan. Qariyb 90 million so‘mlik dori vositalarini noqonuniy sotgan shaxs ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Parkent tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, dori vositalarini noqonuniy muomalaga kiritish orqali daromad orttirishni ko‘zlagan fuqaro U.Yu. ushlangan. U, xorijda ishlab chiqarilgan «Tisovir» (Favipiravir) nomli dori vositasining har bir qutisini 295 ming so‘mdan hisoblab, xaridorga 300 quti dorini 88,5 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid