Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Tolibon» Pokiston bilan chegaradagi muhim postni egallaganini aytmoqda. Postga oq bayroq o‘rnatilgan
«Tolibon» harakati jangchilari Afg‘oniston va Pokiston chegarasidagi yirik nazorat-o‘tkazuv punktida o‘z bayroqlarini ko‘tarishdi. Rasmiy Kobul esa ushbu post nazorati qo‘ldan ketgani haqidagi xabarlarni inkor etmoqda.
Gap Qandahordan uzoq bo‘lmagan masofada joylashgan Spin-Boldak nazorat-o‘tkazuv punkti haqida ketmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu post ustida oq bayroq ko‘tarilgani hamda toliblar chegarachilar bilan gaplashayotgani aks etgan videorolik tarqaldi. Ammo BBC bu video haqiqiyligini tasdiqlay olmagan.
Pokistonlik amaldorlar ham ushbu post toliblar qo‘liga o‘tganini tasdiqlagan. Pokiston tomondagi odamlar va jurnalistlar chegaradan o‘tkazilmayapti. Ushbu mamlakat hukumati shoshilinch yig‘ilish chaqirgan.
Boshqa tomondan, Afg‘oniston IIV vakili Tariq Arian «Frans press» agentligi muxbiri bilan suhbatda chegarada «qandaydir harakatlar bo‘lgani», ammo afg‘on harbiylari hujumni qaytarishganini ma'lum qilgan.
«Tolibon» vakili Zabihulloh Mujohid Qandahor viloyatidagi Vesh qishlog‘i ham harakat nazoratiga o‘tganini ma'lum qilgan. Bu qishloq Spin-Boldak posti orqali o‘tkaziladigan yuk mashinalari xavfsizligini ta'minlaydi.
BBC manbasining aytishicha, toliblar chegara postini jangsiz egallashga muvaffaq bo‘lishgan, ammo afg‘on hukumati bu post ustidan nazoratni saqlab qolayotganini aytmoqda. Keyinroq toliblar Spin-Boldak okrugi markazi va Qandahor viloyati politsiyasi shtab-kvartirasi ham egallanganini ma'lum qilishdi. Ammo bu ma'lumotlarni ham mustaqil manbalar orqali tasdiqlashning imkoni yo‘q.
BBC korrespondenti Liz Dyusetning baholashicha, Spin-Boldak nazorat-o‘tkazuv punkti toliblar qo‘liga o‘tgan bo‘lsa, bu ular uchun ham strategik, ham ramziy nuqtayi nazardan yutuq hisoblanadi. Bu punkt orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo mahsulotlarining katta qismi o‘tkaziladi, «Tolibon» esa katta miqdorda boj to‘lovlarini o‘ziniki qilishi mumkin. Spin-Boldak orqali o‘tgan yo‘l Afg‘onistonning Qandahor viloyatini Pokistondagi portlar bilan bog‘laydi. Afg‘oniston to‘g‘ridan to‘g‘ri dengizga tutashmagan.
Bundan tashqari, chegara ustidan nazorat o‘rnatilishi «Tolibon»ga Pokistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l ochadi, harakat a'zolari ko‘p yillardan buyon Pokistonning chegaraga yaqin hududlarida joylashgan.
So‘nggi hafta davomida «Tolibon» jangchilari chegaradagi bir qancha punktlarni egallab olishdi, Eron, Tojikiston va Turkmaniston bilan chegara postlari shular jumlasidan. «Tolibon» daromad ko‘ra boshladi», deydi afg‘on savdo palatasi raisi Shafiqullo Otoiy. Shu bilan birga, chegara punktlari nazorati orqali harakat aynan qancha miqdorda pulga ega bo‘layotganini aniq aytish imkonsiz.
Afg‘onistondagi vaziyat
AQSh prezidenti Jo Bayden ma'muriyati qaroriga ko‘ra, 11 sentyabrgacha amerikalik harbiylar Afg‘onistonni butunlay tark etishi kerak. Baydenning shu haqdagi bayonotidan keyinoq toliblar butun mamlakat bo‘ylab yurish boshlashdi.
Amerikalik harbiylarning mamlakatdan olib chiqilishi bo‘yicha toliblar bilan kelishuv 2020 yil fevralida, Donald Tramp ma'muriyati davrida imzolangandi - buning evaziga ular Afg‘oniston hududida boshqa ekstremistik kuchlar yuzaga kelmasligini ta'minlashi kerak.
Shu bilan birga, «Tolibon» hukumat kuchlari bilan janglarni to‘xtatishdan bosh tortdi va so‘nggi ikki hafta mobaynida hujumlar ko‘lami yanada kengaydi.
Dushanba kuni harakat a'zolari Kobuldan janubi-g‘arbda joylashgan G‘azni shahrini egallashgani va uning atrofidagi hududlarda janglar ketayotgani xabar qilingandi.
Yakshanba kuni hukumat kuchlari aviatsiya ko‘magida Tojikiston bilan chegaradagi Tohar viloyati markazi - Toluqonda toliblarga muvaffaqiyatli hujumlar amalga oshirgandi.
Bir necha kun oldin toliblar Turkmaniston bilan chegaradagi Bodg‘is viloyati markazi Qal'ai Navga kirishgan, ammo hukumat harbiylari ularni bu yerdan ham siqib chiqarishgan.
Toliblar hozircha mamlakatdagi biror viloyatning ma'muriy markazini qo‘lga kiritishga erisha olmadi. Shu bilan birga, BMT ma'lumotlariga ko‘ra, iyun oyida ular mamlakat hududining 70 foizgacha bo‘lgan qismini nazoratlariga olishgan, tumanlar markazlarining 57 foiz qismi ularning qo‘lida.
Harakat vakili chorshanba kuni Spin-Boldak hududi egallab olingach, «Tolibon» Afg‘onistonning 80 foiz hududini nazorat qila boshlaganini ma'lum qildi. Bu ma'lumotni rasmiy manbalar orqali tasdiqlashning imkoni yo‘q.

Mavzuga oid
21:17 / 24.05.2025
“Mudofaamizga yana tahdid yuzaga kelsa, jim o‘tirmaymiz” – Pokiston elchisi bilan suhbat
21:58 / 21.05.2025
AQSh «Tolibon»ning terrorchi tashkilot maqomini qayta ko‘rib chiqadi
00:15 / 20.05.2025
Hindistonda Pokiston foydasiga josuslik qilishda gumonlangan 9 kishi ushlandi
22:12 / 15.05.2025