O‘zbekiston | 11:18 / 15.07.2021
40035
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston prezidenti O‘zbekistonga keldi

Foto: Anvar Ilyasov

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bugun Toshkentga amaliy tashrif bilan keldi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar bermoqda.

Afg‘oniston rahbari 15-16 iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiyasida ishtirok etadi.

Konferensiyada qatnashish uchun Pokiston bosh vaziri Imron Xon ham Toshkentga kelishi kutilmoqda. Shuningdek, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozep Borrel, 20dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari konferensiyada ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilarning umumiy soni 600dan ortiq.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev konferensiya doirasida Afg‘oniston va Pokiston rahbarlari, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Bangladesh, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, AQSh prezidentining Ichki xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idorasi rahbari Jozep Borrel bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid