O‘zbekiston | 18:04 / 15.07.2021
21407
7 daqiqa o‘qiladi

«Aldanmang, ishonmang» - Oliy ta'lim vaziri yaqinlashayotgan qabul jarayonlari oldidan jamoatchilikka murojaat bilan chiqdi

Keyingi vaqtlarda oliy ta'limda firibgarlar qo‘liga tushish, farzandi kelajagini pora ustiga qurish holatlari OAVda yoritila boshladi. Aldanmang, ishonmang. Qani, qaysi bir bilimli qo‘shningiz yoki qarindoshingiz o‘qishga kira olmayapti – biroz harakat qilgan o‘quvchi borki, oliy ta'limga kira olmoqda, deydi Abduqodir Toshqulov.

Vazirlik matbuot xizmati Kun.uz'ga taqdim etgan videomurojaatda, shuningdek, oliy ta'lim yo‘nalishida qilinayotgan islohotlar ham eslatib o‘tiladi.

Hurmatli ota-onalar, qadrli abituriyentlar, shu kunlarda oliy ta'lim oldida katta bir jarayon – qabul jarayoni turibdi. Bolajon xalqimiz butun investitsiyasini, kelajagini farzandi ortida ko‘radi. Jamoatchilik arboblari, ziyolilar va rektorlar murojaat bilan chiqmoqda, buning bevosita guvohi bo‘lib turibsiz. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri sifatida bugun siz azizlarga murojaat qilmoqchiman.

Oliy ta'lim tizimida oxirgi to‘rt yilda amalga oshirilgan islohotlarni sanab o‘tsam. Bir asr mobaynida O‘zbekistonda 77ta OTM faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. Oxirgi 4 yilda ularning soni 141taga yetdi, ya'ni qariyb ikki barobarga ko‘paydi. Talabalar soni esa 3,5 baravarga oshdi. 2016 yilda 379 ming talaba tahsil olgan bo‘lsa, joriy yilgi qabul natijasida talabalar soni 750 mingdan oshishi kutilmoqda. Natijada avval yoshlarning atigi 8 foizi oliy ta'limga qamrab olingan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 28 foizga yetdi. Buning zamirida O‘zbekiston prezidentining ta'limga bo‘lgan  e'tibori yotibdi.

Xalqimizni juda qiynab kelgan sirtqi ta'lim shakli tiklandi, kechki ta'lim shakli joriy etildi, joriy o‘quv yilidan boshlab masofaviy ta'lim shakli ham O‘zbekiston ta'lim tizimiga tatbiq etiladi. Bu raqamlar zamirida qancha mashaqqat, xarajat va qancha-qancha yangiliklar turibdi.

Yana bir yangilik bu abituriyentlarga 5ta ta'lim yo‘nalishiga hujjat topshirish imkoniyati berilgani. Hujjatlar esa onlayn tarzda topshirilmoqda. Yaqin yillarni eslab ko‘ring, haftalab hujjat topshirishga vaqt sarf etilardi. Garchi kech bo‘lsa-da, mana shu qisqa vaqtda 1,5 mln.ga yaqin hujjatlar onlayn topshiriladigan bo‘ldi. Endi abituriyentga uyida o‘tirib, yo‘lga vaqt va xarajat ketkazmay, 5ta ta'lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati berildi. Avvallari misol uchun ikki do‘stdan biri poytaxtdagi oliy OTMga 193 ball bilan kirolmasdan, “o‘qishdan yiqilib”, qaytib kelsa, ikkinchisi, viloyatdagi OTMga 93 ball bilan budjetga o‘qishga kirganini o‘zimiz guvohi bo‘ldik-ku. Bu adolatsizlik edi, bunaqa adolatsizliklarning qanchasiga barham berildi.

Test imtihonlari. Bilasizki, hamma uchun bir kunda test imtihonlari bo‘lib o‘tar edi. Davlat rahbari topshirig‘i bilan imtihonlar 15 kunda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Natijada nazorat imkoniyati ko‘paydi. O‘rtacha bilimga ega yoshlar bemalol o‘qishga kira olyapti, iqtidorli yoshlar esa 10dan ortiq ta'lim mussasalariga kira olyapti. Ya'ni bilimi va harakati borlar uchun to‘la imkoniyat yaratildi. Test adolat mezoniga aylandi.

Joriy o‘quv yilidan xalqimiz uchun yana qator imkoniyatlar yaratildi. Xorijdan o‘qishini ko‘chirib kelmoqchi bo‘lganlarning salmog‘i juda ko‘p. Ularni imtihon qilish vazirlikdan DTMga olib berildi. Bu ham korrupsiyaning, tanish-bilishchilikning oldini olishga qaratilgan. Lekin eski tizim orqali nafsini qondirib kelganlar yangi tartib noto‘g‘ri bo‘lganini ayta boshladi, holbuki, inson omili bekor qilinib, test markazi imtihon qiladigan bo‘lmoqda. Ballarning juda ham oshirilishidan tizim manfaatdor emas. Lekin bir qadar o‘ylab ko‘riladi. Chunki 40-50 minglab talabalar soni ko‘payib borayotgan sharoitda xalqimiz qaysi OTMga, qaysi davlatga chiqishni ham o‘ylab ko‘rishi kerak.

Keyingi vaqtlarda oliy ta'limda aldanish, firibgarlar qo‘liga tushish holatlari, farzandi kelajagini pora ustiga qurish holatlari OAVda yoritila boshladi. Aldanmang, ishonmang. Qani, qaysi bir bilimli qo‘shningiz yoki qarindoshingiz o‘qishga kira olmayapti – biroz harakat qilgan o‘quvchi borki, oliy ta'limga kira olmoqda. Siz o‘zingizni aldayapsiz. Takror aytaman, beruvchi qo‘l bo‘lmasa, oluvchi qo‘l bo‘lmaydi.

Oliy ta'lim tizimida ishlayotgan, poraga moyilligi bor hamkasblar, ustoz deya olmayman sizni, o‘zingizni yig‘ishtiring, xalqni aldamang. Ayniqsa, bu magistratura va ijodiy imtihonlarga taalluqli. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab magistraturaga kirish uchun chet tilidan xalqaro sertifikati bo‘lmasa, magistratura ostonasiga qadam ham bosolmaydi.

Bugun jamoatchilikning bizdan yagona e'tirozi va haqli e'tiroz deb bilaman, ta'lim sifati. Lekin shu kunlarda ishlab chiqilayotgan hujjatlar bilan yaqin kunlarda tanishasiz, unda butun oliy ta'limni kredit-modul tizimiga o‘tkazish, xalqaro ta'lim standartlarini joriy qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Eng muhim yutuqlardan biri oliy ta'limda ziyolilarning obro‘si va nufuzini davlat rahbari qaytarib berdi. Majburiy mehnatdan ozod bo‘ldi, o‘qituvchining obro‘yi tiklandi. Bu jarayon ularning ish haqlari ko‘tarilishi bilan baravar kechdi, ularning oylik maoshlari 3 baravardan ko‘p oshirildi. Bugun professorning oyligi nafaqat yashashi, balki uy olishi, mashina olishi uchun yetarli bo‘ldi. Faqatgina bir narsa qoldi, bugun tizimning obro‘yini yelkama-yelka turib saqlash qoldi. Chunki atrofimiz firibgarlarga to‘la, hatto yaqin kunlarda eshityapmanki, o‘qishni ko‘chirish uchun stavkalar belgilangan.

Hurmatli jamoatchilik a'zolari, OAV vakillari, blogerlar, marhamat, ijodiy imtihonlarda ishtirok eting, murojaat qiling – komissiyalarga qo‘shamiz. Tizimni o‘rganing, yordam beramiz. Oqibat bilan emas, sabab bilan ishlaylik, sababning oldini olaylik.

Abduqodir Toshqulov,
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri.

Mavzuga oid