Samarqand va Xorazm viloyatlari iyun oyida «inomarka»lar eng ko‘p sotilgan hududlar bo‘ldi
2021 yilning iyun oyida respublikada 1 ming 171ta chet elda ishlab chiqarilgan avtomobil ro‘yxatga olingan. Ular Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand va Xorazm viloyatlarida eng ko‘p sotilgan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, joriy yilning yanvar–iyun oylarida avtomobil bozorida mashinalarga bo‘lgan talab ortdi.
Avtomobil bozorida talabning o‘zgarishi
«2021 yilning iyun oyida avtomobil bozorida aholining talabi joriy yilning may oyiga nisbatan 13,7 foizga oshib, mo‘'tadil o‘sishni ko‘rsatdi», deya qayd etadi mutaxassis.
Manbaga ko‘ra, mazkur davrda avtomobillar savdosining o‘sishi 2020 yilning iyun oyiga nisbatan 12,9 foizni, 2019 yilning shu paytiga qaraganda 29,6 foizni tashkil etdi.
O‘tgan 6 oy davomida ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni barcha viloyatlarda (Sirdaryo viloyatidan tashqari) yuqori sur'atlarda oshdi. Eng yuqori o‘sish sur'atlari Namangan (22,6 foiz), Navoiy (20,9 foiz), Samarqand (18,8 foiz), Farg‘ona (16,2 foiz) va Toshkent (16,4 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Mazkur davrda avtokreditlar hajmi 10 foizga oshishi ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar sonining 4 foizga ko‘payishiga olib keldi. Xususan, yanvar–may oylarida respublika bo‘yicha aholiga 2,67 trln so‘mlik avtokreditlar berilgan. Bu 2020 yilning shu davriga nisbatan 40,5 foizga ko‘p.
Nechta yangi avtomobil ro‘yxatga olindi?
2021 yilning iyun oyida O‘zbekistonda 18 ming 900ta yangi avtomobil ro‘yxatga olindi. Ulardan 1 ming 171 tasi (6,2 foizi) chet elda ishlab chiqarilgan.
Xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan avtomobillar eng ko‘p sotilgan hududlar Toshkent shahri (yangi avtomobillarning 11,8 foiz), Toshkent (5,7 foiz), Samarqand (3 foiz) va Xorazm (2,4 foiz) viloyatlari bo‘ldi.
O‘rganishlarga ko‘ra, 2020 yili respublikada karantinning eng og‘ir bosqichi aprel oyiga to‘g‘ri keldi va bu avtotransport vositalari savdosining 73,8 foiz pasayishiga sabab bo‘ldi. Biroq iyun oyida avtosalonlar yana ish boshladi va yilning ikkinchi yarmida bozorda o‘sish kuzatildi.
Avvalroq, mart oyida avtomobil bozorida aholi talabi fevral oyiga nisbatan 7,7 foizga oshib, barqaror o‘sish sur'atlarini ko‘rsatgani xabar qilingandi.