O‘zbekiston | 13:35 / 17.07.2021
36237
2 daqiqa o‘qiladi

Namangandagi selda bedarak yo‘qolgan 7 yoshli bolaning jasadi topildi

Kosonsoydagi sel qurbonlari soni 9 kishiga yetdi. Ulardan ikki nafari – bolalar. Bedarak ketgan 7 yashar bolaning jasadi bugun tongda Kosonsoy soyining Tagijar mahallasidan oqib o‘tuvchi qismidan topildi.

13 iyul kuni Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida do‘l yog‘ishi ortidan kelgan sel odamlarni oqizib ketdi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 9 kishi vafot etgan, 6 kishi tabiiy ofatdan jabrlangan. Jami 24 kishi jarohat olib shifoxonalarga murojaat qilishgan.

Talafotda birdaniga 8 nafar yaqinini yo‘qotgan Rustamboy Rahmonovlar oilasidan 5 va 7 yoshdagi bolalar ham selda oqib ketishgan. 7 yoshdagi bolaning jasadi hamon qidirilayotgan edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati bolaning jasadi topilganini ma'lum qildi.

“Olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida bugun, 17 iyul kuni erta tongda 2014 yilda tug‘ilgan, 7 yoshli bolaning jasadi Kosonsoy soyining “Tagijar” MFY hududidan oqib o‘tuvchi qismidan topilgan.

Barcha yurtdoshlarimizdan mutaxassislarning ob-havo o‘zgarishlariga oid ogohlantirishlariga qat'iy amal qilishni so‘raymiz”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan beri O‘zbekistonda jami 11 nafar fuqaro sel oqimlaridan halok bo‘ldi. 2005-2021 yillar davomida O‘zbekistonda sel-suv toshqinidan jami halok bo‘lganlar soni esa 70 nafarga yetdi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid