Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qonunchilik palatasi matbuot kotibi – plagiatda ayblangan partiya raislari va yopiq muhokama qilinadigan qonunlar haqida
13 iyul kuni AOKA majlislar zalida Parlament quyi palatasining o‘tgan olti oylik faoliyati yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.
Kun.uz muxbiri tadbir yakunida qator savollar bo‘yicha qonunchilik palatasi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Rizayevdan izoh so‘radi.
— Yaqinda Oliy Majlisning ikki mansabdor deputati – XDP raisi Ulug‘bek Inoyatov va «Adolat» SDPning parlamentdagi fraksiyasi rahbari Zuhra Ibragimova jurnalist Shuhrat Dehqonov yozgan maqoladan ko‘chirib, ularni o‘ziniki, deb e'lon qilgani ortidan plagiatda ayblangandi.
Voqealar rivoji haqida ma'lumot bersangiz, ular jazoga tortildimi?
— O‘ylashimcha, masala jazogacha bormadi. Bu kabi holatlar qachon jazogacha borishini siz, biz yaxshi bilamiz.
Ikkinchidan, ko‘chirmachilik degan gaplar chiqyapti. Lekin OAVda e'lon qilingan mahsulotdan barcha foydalanishi mumkin. Masalan, gazeta, jurnal, kitob o‘qiymiz va uni efirga uzatamiz. Ha, Shuhrat Dehqonov tajribali jurnalist. U Oliy Majlisda deputat ham bo‘lgan.
Siz savol bergan vaziyatda maqola aynan ko‘chirilmagan, raqamlar, so‘zlar o‘zlashtirilgan. O‘ylashimcha, partiyalar uning yozganlaridan nimanidir o‘zlashtirgan bo‘lsa, buni ijobiy maqsad deb qabul qilish kerak.
Bu yerda «Intellektual mulk haqida»gi qonunni ham qarash kerak. Agar u qandaydir ixtiro, asar yoki she'r bo‘lganda boshqacha holat bo‘lardi.
— Parlament quyi palatasi saytida deputatlar tez-tez tanqidiy maqolalar bilan chiqishlar qiladi. Ammo ular bildirgan tanqidlar faqat saytda chop etish bilan yakunlanadi.
Nega Deputatlar muammoli holatlar yuzasidan hukumatga tinimsiz so‘rovlar yuborib, ularni hal qilish ustida ishlamaydi, yoki ulardan shunchaki tanqidiy maqolalar hisoboti so‘raladimi?
— Keling, tahlil qilib ko‘raylik. Hozir ko‘plab qonunlar qaytarilyapti. Nima uchun? Pishiq bo‘lmagani uchun. Oxirigacha yetilyapti. Ko‘cha, yo‘l, elektr muammolarini joylarga chiqib hal qilib kelyapmiz.
Bizda deputatlarga tanqidiy maqola yoz, degan topshiriq berilmaydi. Hozir so‘z erkinligi. Deputatlar yozayotgan tanqidiy maqolalar ham ayni shu erkinlik natijasi.
O‘ylashimcha, shu tanqidlar ham 90 foiz holatda hal qilinyapti.
— Masalan, deputatlar daraxt kesilishlarini to‘xtatish bo‘yicha maqolalar e'lon qilyapti, lekin holat davom etyapti-ku.
— Bu mavzu bo‘yicha deputatlarning hisobotlari o‘tib boryapti. Deputatlar befarq emas mavzuga. Savollaringiz bo‘yicha ekologik fraksiyaning ma'lumotlarini sizga taqdim qilishimiz mumkin.
— Qonunchilik palatasi ochiqlik haqida ko‘p gapiradi. Lekin u ijtimoiy, siyosiy va diniy masaladagi eng muhim qonunlar muhokamasi paytida yopilib oladi. Masalan, «Vijdon erkinligi» va «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunlar muhokamasi paytida biz parlamentga kirolmadik.
— Siz aytgan holatlar bo‘yicha OAVga chiqishlar qilindi. Hozir pandemiya sharoiti. Hukumat komissiyasi qarori bilan kasallikka qarshi kurash davom etyapti. Biz hozir masofadan ishlayapmiz. Men bizni kiritmayapti, degan fikringizga qo‘shilmayman.
Hozir jurnalistlar taklif qilib ko‘rilgan ijtimoiy tadbirkorlik, radarlar bo‘yicha qonunlarni kichik qonun deb hisoblaysizmi? Qonunning katta-kichigi yo‘q. Bu shunchaki, pandemiyaga to‘g‘ri kelib qolyapti.
Men jurnalist sifatida avval shunday qarardim, aslida esa vaziyat boshqacharoq. Shuning uchun, vaziyatni yopilib olishga bog‘lamasangiz yaxshi bo‘lardi.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
13:53 / 07.05.2025
BAA dunyoda birinchi bo‘lib qonunlarni yozishda sun’iy intellektdan foydalanmoqchi
17:14 / 19.04.2025
Deputatlar sun’iy intellektda yaratilgan noqonuniy kontent uchun jazoga izoh berdi
20:06 / 14.04.2025
Qonun loyihasiga ilova qilinadigan hujjatlar ro‘yxati kengaytirildi
09:52 / 21.02.2025