Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Va'da berishdan nariga o‘tishmayapti» - Urganch tumani aholisi ijtimoiy muammolardan shikoyat qilishmoqda
Xorazm viloyati, Urganch tumani, Bekobod qishlog‘ining «Ravot» mahallasi aholisi ijtimoiy muammolardan ikki yildan beri shikoyat qilmoqda. Ammo mutasaddi tashkilotlar va'da berishdan nariga o‘tmayapti, muddat yetib kelganida esa muammolar yechimi ortga surilmoqda.
«Ravot» mahallasi tumanning chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Odatda, bunday mahallalarga e'tibor kam bo‘ladi. Biroq, 2019 yilda hudud «Obod mahalla» dasturiga tushgan. Mahalladagi uylarning devorlari, yo‘llar ta'mirlangan, manzarali daraxtlar ekilgan, eski elektr sim ustunlari yangisiga almashtirilgan. Ammo mahallaning ikki ko‘chasi – Mahorat-1 va Mahorat-2 ko‘chalarida bu ishlar bajarilmagan.

«Xorazm mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati» davlat unitar korxonasi ma'lumotiga ko‘ra, «Ravot» mahallasida ichki yo‘llar uzunligi 11,85 km bo‘lib, 2019 yilda 10,65 km yo‘lni ta'mirlash uchun 2,3 mlrd so‘m ajratilgan. Ammo Mahorat-1 va Mahorat-2 ko‘chalari manzilli dasturga kiritilmagan. Shu sababli, bu ko‘chalarda ta'mirlash ishlari olib borilmagan.

Oqibatda ushbu ko‘chalarning yo‘llari yozda chang-to‘zon bilan qoplanib, qishda yurish og‘ir bo‘lgan botqoqqa aylanmoqda. Eski elektr sim ustunlari esa odamlar hayoti uchun xavf tug‘dirmoqda.

Mahalla faxriylari ushbu ijtimoiy muammolar yuzasidan ko‘plab idoralarga murojaat qilgan bo‘lishiga qaramay, amalda vaziyat o‘zgarmayapti. Rahbarlar har yili yo‘llarni ta'mirlash masalasi manzilli dasturga kiritilishi haqida va'da berishmoqda. Ammo muddat yetib kelganida, ish yana ortga surilyapti.

Misol uchun, Urganch tumani hokimligining 2019 yil sentabr oyidagi xatida shunday deyilgan: «Siz yashab kelayotgan hududning ichki xo‘jalik yo‘llarini haqiqatan ham ta'mirlash kerakligi aniqlandi. Yo‘llarning ta'mirtalablik darajasiga qarab, birinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lgan qabristonlar, maktab va bog‘chalarga olib boruvchi yo‘llar ta'mirlanmoqda. Sizning murojaatingizda ko‘rsatilgan ichki xo‘jalik yo‘lini 2020 yil ta'mirlash dasturiga kiritilganini bildiramiz».
Biroq, 2021 yil o‘tib borayotgan bo‘lsa-da, bu va'da bajarilmagan.

Yaqinda Urganch tumani hokimligi «Ravot» mahallasi aholisi murojaatiga yana munosabat bildirib, navbatdagi va'dalarni berdi. «Ushbu ko‘chalar 2021-2022-2023 yil ichki xo‘jalik yo‘llari joriy ta'mirlash dasturiga kiritilgani va 2021-2022 yillarida ta'mirlash ishlari olib borilishini ma'lum qilamiz», deyiladi munosabatda.

Yo‘llar holati yaxshi bo‘lsa, odamlarning og‘iri yengillashadi, uzog‘i yaqinlashadi, turmush sharoiti yaxshilanadi, turli qulayliklardan bahramand bo‘lishadi. Yo‘llarning rasvoligi natijasida yengili og‘irlashayotgan aholining kayfiyati qanday bo‘lishi mumkin? Ravotliklar mutasaddi tashkilotlardan yo‘l muammosini bartaraf qilishda amaliy yordam so‘rashmoqda. Umid qilamizki, bu safargi va'dalar ham quruq gap sifatida qog‘ozda qolib ketmaydi.
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
12:33 / 02.05.2025
«Bunda xorijiy turist u yoqda tursin, mahalliy sayyoh ham boshqa davlatga borishni afzal ko‘radi» - prezident chiptalar narxi haqida
15:41 / 01.05.2025
Prezident Al-Xorazmiy shaharchasining qurilishini ko‘zdan kechirdi
20:24 / 02.04.2025
Xorazmda pulini ko‘paytirib berishni aytib, mingdan ortiq odamni chuv tushirgan shaxs ushlandi
16:38 / 18.03.2025