Jahon | 09:29 / 18.07.2021
8094
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropadagi tabiiy ofat Avstriyaga yetib bordi. Germaniya va Chexiya o‘rtasida temir yo‘l aloqasi to‘xtatildi 

Avstriya Germaniya, Belgiya va Niderlandiya ortidan Yevropada hukm surayotgan yomon ob-havo iskanjasida qoldi. Mamlakatning ikki regioni - Zalsburg va Tirolda kuchli yomg‘irlar toshqinlarga olib keldi.

Zalsburgning Xallyayn shahrida Kotbax daryosi o‘zanidan chiqib ketdi. Buning oqibatida shahar markazidagi binolarga talafot yetgan. Aholiga o‘z uylarida qolish va yerto‘lalarga tushmaslik tavsiya qilingan. Favqulodda xizmatlar ma'lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida hech kimga zarar yetmagan. 

Tirolda esa suv sathi ko‘tarilishi 30 yillik rekordni yangiladi. Bu yerda kuchli yomg‘irlardan keyin Briksentaler Axe va Kelxzauer Axe daryolari o‘z qirg‘oqlaridan toshdi. Buning oqibatida Brukxoyzl va Xyorbrunn shaharlari jabr ko‘rdi.

Avstriyaning tabiiy ofatlarni nazorat qilish xizmati mamlakatning ba'zi hududlarida toshqinlar yuz berishi xavfidan ogohlantirgan. Federal yerlarning aksariyati uchun shtorm ogohlantirishi berilgan.

Shuningdek, Germaniyada yomon ob-havo davom etmoqda. Bu yerda tabiiy ofat qurbonlari soni 143 nafarga yetdi. Bavariya sharqida favqulodda holat rejimi kiritildi.

Toshqinlar sababli Germaniya sharqidagi Sakson Shveytsariyasida Bad-Shandau va Chexiyaning Dechin shaharlari o‘rtasida temir yo‘l aloqasi 18 iyul tush vaqtigacha to‘xtatib qo‘yildi. Ta'kidlanishicha, bu Hamburg-Berlin-Drezden-Praga yo‘nalishi bo‘yicha qatnovchi poyezdlarga o‘z ta'sirini ko‘rsatgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 17 iyulda Drezden yaqinidagi Sakson Shveytsariyasida yog‘ingarchilik bir kvadrat metrga 100 litr suvni tashkil qilgan. Ayniqsa, Noyshtadt, Zebnits, Bad-Shandau, Raynxardsdorf-Shena va Gorish shaharlariga katta talafot yetgan. Drezdendagi mutasaddi idoralar vaziyat “og‘irligi, biroq uni boshqarish mumkinligi”ni aytgan. Odamlarga yerto‘lalalarga, metro va yerosti avtoturargohlariga tushmaslik va yo‘llarda ehtiyot bo‘lish tavsiya qilingan.

Yevropaning markaziy qismidagi toshqinlar joriy hafta o‘rtasida davomli yomg‘irlardan keyin boshlandi. Germaniyaning Shimoliy Reyn-Vestfaliya va Reynland–Pfals yerlarida daryolar o‘z o‘zanlaridan chiqib, shaharlar va qishloqlar suv ostida qoldi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Germaniyada tabiiy ofat oqibatida kamida 143 kishi halok bo‘lgan, mingdan ko‘proq odam bedarak yo‘qolgan. Toshqinlardan qo‘shni Niderlandiya va Belgiya ham jabr ko‘rgan. Jumladan, Belgiyada tabiiy ofat oqibatida kamida 27 kishi halok bo‘lgan. Mamlakatda 20 iyul qurbonlar xotirasiga milliy motam kuni deb e'lon qilingan.   

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid