O‘zbekiston | 16:01 / 19.07.2021
15359
3 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallar tarqatganlikda gumonlanmoqda

Bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev jamoat tartibini buzganlikda ayblanib 15 sutkaga qamalgan edi. Tekshiruv davomida uning ijtimoiy tarmoq sahifasidagi ayrim materiallar “diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallar” deb topilgan va uning ustidan jinoiy ish ochilgan.

26 iyun kuni Olmazor tumanidagi “To‘xtaboy” masjidida Islom sivilizatsiyasi markazi xodimi Abror Muxtor Ali va bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev o‘rtasida nizo kelib chiqqan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda F.Orifxo‘jayev masjidda ma’ruza qilayotgan Abror Muxtor Aliga qarshi fikrlar bildirgani, masjid jamoati unga qarshilik qilgani, Abror Muxtor Ali esa uni gapirishga qo‘yib berishlarini so‘ragani aks etgan.

Shundan so‘ng fuqarolardan kelib tushgan xabar asosida Olmazor tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan va to‘plangan hujjatlar sudga taqdim etilgan.

Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, ishni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor sudi Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida (“Mayda bezorilik”) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan.

Toshkent shahar sudi matbuot xizmati Kun.uz'ga taqdim qilgan ma’lumotga ko‘ra, fuqaro Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev “To‘xtaboy” masjidida bo‘la turib, Abror Muxtor Alini “munofiqsan” deb haqorat qilgan va baland ovozda baqir-chaqir qilib, jamoat tartibini hamda shu yerda bo‘lgan fuqarolarning osoyishtaligini buzib, mayda bezorilik sodir qilgan. U sud majlisida aybiga iqrorligini bildirgan.

Poytaxt IIBB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tekshiruv jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga Fozilxo‘janing telefonida shubhali diniy mazmundagi materiallar mavjudligi va ularni boshqa fuqarolarga namoyish etgani haqida xabar kelib tushgan. Materiallarning xususiyatiga aniqlik kiritish uchun uning telefoni protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan va dinshunoslik ekspertizasi tayinlangan.

“Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasiga ko‘ra, Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Fozilxo‘ja Arifxodjayev” nomli profiliga joylashtirilgan ayrim materiallar diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallar sirasiga kirishligi aniqlangan. Ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi”, – deyiladi IIBB axborotida.

Hozirda holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi (“Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.

Mavzuga oid