Jahon | 22:45 / 19.07.2021
7110
3 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Litvaga mablag‘ evaziga muhojirlar masalasini hal etishni taklif qildi

Belarus Litvaga noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda ko‘mak ko‘rsatishi mumkin, biroq buni boshqa bepul amalga oshirmaydi. Bu haqda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Sky News Arabia telekanaliga intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: AP

“Agar sizga ko‘mak kerak bo‘lsa, biz uni ko‘rsatamiz, biroq endi bepul emas”, deb aytgan Lukashenko.

Belarus prezidentining ta'kidlashicha, Litvada chegaradan noqonuniy muhojirlarni olib o‘tuvchi jinoiy guruhlar harakat qiladi, biroq mamlakat rahbariyati buni ko‘rmaslikka oladi. Uning aytishicha, Belarusni muhojirlar bilan bog‘liq inqirozda ayblash ushbu haqiqatni yashirishga urinish hisoblanadi.

Lukashenkoning ta'kidlashicha, g‘arb davlatlari Belarusga qarshi sanksiyalar kiritib, “mamlakatni bo‘g‘moqda” va shu sababli Minskdan bunday sharoitlarda himoya talab qilish g‘alatidir.

Belarus rahbari chegarani nazorat qilish, jumladan noqonuniy migratsiya, giyohvand moddalar va qurol tashishning oldini olish qimmat turishini aytgan. “Agar sizga bunda yordam berishimizni istasangiz, unda bo‘ynimizga sirtmoq solmang”, deb o‘z so‘zlarini yakunlagan Lukashenko.

Avvalroq Yevropa Ittifoqining ichki ishlar bo‘yicha yevrokomissari Ilva Yoxansson Belarusdan Litvaga o‘tayotgan noqonuniy muhojirlar soni 2020 yilga nisbatan 22 marta oshgani va 1,6 ming nafarga yetganini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, Belarus Yevropaga muhojirlar oqimini boshqa to‘xtatmayapti va aksincha, unga ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Litva hukumati oxirgi yarim yil ichida Belarus chegarasi orqali o‘tishga harakat qilayotgan noqonuniy muhojirlar soni oshayotganini qayd qilmoqda. Shu sababli mamlakat rahbariyati favqulodda holat rejimini e'lon qilgan va chegaraning muammoli qismida 30 kmlik devor qurishga qaror qilgan.

Yevropa Ittifoqining chegaralarni muhofazalash agentligi Frontex ma'lumotlariga ko‘ra, Litva chegarasini joriy yilning ilk yarim yilligida asosan Eron, Iroq, Suriyaning kurd aholisi, iyulda esa Senegal, Kongo, Gambiya, Gvineya va Malidan muhojirlar kesib o‘tishga harakat qilgan.

Iyul boshida Lukashenko belaruslik chegarachilar yetarlicha kuch va mablag‘ yo‘qligi sababli noqonuniy migratsiyani boshqa ushlab turmasligini aytgan.

Mavzuga oid