O‘zbekiston | 18:01 / 21.07.2021
15091
19 daqiqa o‘qiladi

“20 yilda erishilgan yutuqlarni saqlab qolish zarur” - Ismatulla Ergashev bilan Toshkent konferensiyasi yakunlari bo‘yicha suhbat

Afg‘on muammosi. Shu qadar uzoq muhokama qilingan, dunyo hamjamiyatini shunchalar tashvishga solgan masalaki, unga befarq bo‘lmagan qator davlatlar hatto eng malakali diplomatlariga Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil maqomini bergan. O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev bilan suhbat Toshkent konferensiyasi, qo‘shni davlatda kun sayin o‘zgarib borayotgan vaziyat hamda uning O‘zbekiston va dunyoga ehtimoliy ta'sirlari haqida bo‘ldi.

— Ismatulla Raimovich, yaqinda Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Sizningcha, uning asosiy maqsadlari nimalardan iborat?

— Darhaqiqat, poytaxtimiz “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik.Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasiga mezbonlik qildi. Deyarli barcha oliy martabali mehmonlar va ishtirokchilarning umumiy fikriga ko‘ra, anjuman yuqori tashkiliy daraja va yuksak saviyada tashkil etildi.

Toshkentga Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston bosh vaziri Imron Xon, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Bangladesh hamda Markaziy Osiyo respublikalari tashqi ishlar vazirlari, Birlashgan Arab Amirliklari energetika vaziri, AQSh prezidenti maslahatchisi, Eron, Qatar, Nepal va mintaqaning boshqa mamlakatlari tashqi siyosat mahkamalarining rahbar shaxslari tashrif buyurdi. Konferensiyada BMT bosh kotibi konferens-aloqa tarzida ma'ruza qildi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari, nufuzli banklar boshqaruv hay'ati a'zolari hamda dunyoning yetakchi tadqiqot va tahliliy markazlari vakillari ishtirok etdi. 

Ushbu xalqaro anjuman ishtirokchilarining tarkibi va ularning fikr-mulohazalariga asoslangan holda aytishimiz mumkinki, muhtaram prezidentimizning mazkur tadbirni o‘tkazish bo‘yicha tashabbuslari nafaqat mintaqa doirasida, balki global miqyosda ham qo‘llab-quvvatlandi.

Markaziy va Janubiy Osiyo qadimdan bir-biriga uzviy bog‘langan hududlar bo‘lib kelgan. Afsuski turli zamonaviy global muammolar, xususan Afg‘onistonda har xil “siyosiy o‘yinlar” oqibatida avj olgan fuqarolik urushi ikki mintaqa o‘rtasidagi azaliy aloqalar uzilishiga olib keldi va o‘zaro ishonchsizlik va sovuqchilik muhitini yuzaga keltirdi.

Prezidentimiz o‘zaro bog‘liqlikni qayta tiklash, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining mavjud salohiyatini ro‘yobga chiqarish, Afg‘onistonda uzil-kesil tinchlikni qaror toptirish maqsadida tarixiy ahamiyatga ega g‘oyani ilgari surdi. Uning asosida quyidagi oliy maqsadlar mujassam:

Birinchidan, Afg‘on zaminida barqaror tinchlik o‘rnatish bo‘yicha mintaqa doirasida va xalqaro maydonda yagona yondashuvni shakllantirishga erishish;

Ikkinchidan, Afg‘onistonning ikki mintaqa o‘rtasidagi jug‘rofiy mavqeini uning ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishiga xizmat qiluvchi omilga aylantirish;

Uchinchidan, mintaqada o‘zaro ishonch fazosini tiklash orqali Afg‘oniston va Pokistonning transport-tranzit salohiyati va imkoniyatlarini mintaqa yuksalishiga yo‘naltirish;

To‘rtinchidan, Afg‘onistonning mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalar tizimiga faol qo‘shilishini ta'minlash.

O‘zbekiston prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Termiz - Mozori-Sharif - Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish tashabbusining hayotga tatbiq etilishi Afg‘oniston tashqi savdosining 50 foizga o‘sishini ta'minlaydi va tranzitdan Kobulga yiliga 400-500 mln dollar daromad keltiradi.

Umuman olganda, ushbu transchegaraviy temir yo‘lni foydalanishga topshirish Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy rivoji uchun mustahkam zamin yaratadi.

Shu bilan birga, muhtaram prezidentimiz o‘zaro aloqalarni va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlamasdan turib bugungi kunda mamlakatlarimiz duch kelayotgan xavf-xatar va tahdidlarni yengib bo‘lmasligini xalqaro hamjamiyat diqqatiga yetkazdi.

Bugungi kunda Afg‘oniston o‘zining yangi tarixidagi muhim burilish davrini boshdan kechirmoqda. Shu o‘rinda, Toshkent xalqaro konferensiyasi yakunlangach, Doha shahrida muxolif afg‘on tomonlarining anchadan beri to‘xtab turgan muzokaralari boshlanishida ham ramziy ma'no bor, deb o‘ylayman.

— Suhbatimizni ko‘pchilik vatandoshlarni xavotirga solayotgan bir savol bilan davom ettirsak. AQSh harbiylari ketgach, Afg‘onistonda nima bo‘ladi?

— O‘zbekiston mintaqaning boshqa mamlakatlari singari, Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlar yuksak mas'uliyat va javobgarlik asosida hamda mamlakatda tinchlik jarayonining sur'atiga mutanosib ravishda olib chiqilishi tarafdoridir.

Ta'kidlash joizki, so‘nggi 20 yil davomida Afg‘onistonda inson, xotin-qizlar va mamlakatda yashovchi turli millatlarning huquqlarini, fuqarolik jamiyati faoliyatini ta'minlash bo‘yicha muhim davlat institutlari tashkil etildi. Biz ushbu erishilgan barcha yutuqlarni Afg‘onistonning kelajagi uchun o‘ta muhimligini inobatga olgan holda, ularni saqlab qolish zarur deb, hisoblaymiz.

AQSh qo‘shinlarining olib chiqilishi ortidan Afg‘oniston shimolidagi vaziyatning keskinlashuvi, mamlakat ichida umummilliy yarashuvga erishish nechog‘lik zarurligining yaqqol isbotidir.

Yuqorida qayd etganimdek, Qatar hukumatining bevosita ko‘magida Doha shahrida muxolif afg‘on tomonlari o‘rtasida yangidan boshlangan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar aynan shu maqsadga yo‘naltirilgan.

Birinchi navbatda, ushbu muzokaralar o‘zaro kurashayotgan tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va Umummilliy tinchlik Shartnomasini imzolashga yordam berishiga umid bildiramiz.

Shubhasiz, Afg‘onistondagi bugungi voqelik mintaqa va global miqyosda yagona mavqe ishlab chiqishni talab qilmoqda.

Shu o‘rinda quyidagilarni ta'kidlashni istardim:

Birinchidan, milliy kelishuvga erishishning muqobil yo‘li mavjud emas;

Ikkinchidan, mamlakatda xorijiy kuchlar yordamida yuzaga kelgan vaziyatni saqlab qolishning imkoni yo‘q;

Uchinchidan, mamlakatdagi barcha siyosiy partiyalar va kuchlar o‘z xalqining kelajagi uchun birlashishi lozim;

To‘rtinchidan, o‘tgan yilning 12 sentyabrida boshlangan rasmiy Kobul va “Tolibon” o‘rtasidagi afg‘onlararo tinchlik jarayoni barcha ichki siyosiy guruhlarni qamrab olishi shart.

Alohida ta'kidlab o‘tish joizki, muxolif tomonlar Afg‘onistondagi etnik xilma-xillikni e'tirof etishlari va tinchlik muzokaralarida o‘zaro konstruktiv kompromisslarga tayyor bo‘lishlari zarur. Mamlakatdagi turli millat vakillarini tinchlik bo‘yicha siyosiy jarayonlarga jalb qilish – mamlakatda yakuniy sulhga erishishga ko‘maklashadi. Afg‘oniston hududi, xorijiy kuchlar chiqib ketgach, turli ko‘rinishdagi terroristik tashkilotlar uchun boshpana va uchinchi davlatlar uchun tahdid makoniga aylanmasligi o‘ta muhimdir.

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi vaziyatda Afg‘oniston hukumati barcha ichki etno-siyosiy kuchlar bilan o‘zaro birlashgan holda mamlakatda Umummiliy yarashuvga erishish va afg‘on xalqi uzoq yillar davomida intizorlik bilan kutgan tinchlik uchun yakdillik bilan sa'y-harakatlarni amalga oshirishi zarur.

— Toliblar Markaziy Osiyoga daxl qilmasligini takror-takror aytmoqda. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ham yaqinda amerikalik jurnalistga bergan intervyusida “Tolibon” hali biror marta Afg‘oniston tashqarisida terakt sodir etmaganini aytdi. Biroq Toshkentdagi konferensiyada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Afg‘onistondagi notinchlik qo‘shni davlatlarga tarqalishi xavfi haqida ta'kidladi. Siz bu xavfni qanday baholaysiz?

— O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi Afg‘oniston bo‘yicha tinchlik konferensiyasida ta'kidlaganidek, Afg‘onistonning xavfsizligi – bu O‘zbekiston xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotining garovidir.

Shundan kelib chiqqan holda aytishimiz mumkinki, davlatimiz rahbarining Afg‘oniston yo‘nalishidagi siyosati faqatgina bu mamlakat tinchligi uchungina emas, balki umumiy uyimiz bo‘lgan mintaqada xavfsizlikni ta'minlash hamda har qanday terrorizm, aqidaparastlik va zo‘ravonlikdan yiroq bo‘lgan tinchlik uchun kurashishni maqsad qilib qo‘ygan.

Shu sababli, O‘zbekiston Afg‘onistondagi barcha yetakchi siyosiy-harbiy kuchlar vakillari, jumladan “Tolibon” harakati rahbariyati bilan ravon va betaraf mustahkam aloqalarni o‘rnatgan. Shuni aytib o‘tish joizki, ularning barchasi, shu jumladan, “Tolibon” rahbariyati, muloqotlar davomida rasmiy Toshkent afg‘on inqirozini hal qilishda xolisona, samimiy va konstruktiv siyosat yuritayotganini tan olishmoqda va shu bilan birga, ular O‘zbekiston prezidentining siyosatiga to‘la ishonch bildirishmoqda. Chunki, O‘zbekiston rahbariyatining Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Afg‘oniston bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini kengaytirish siyosati mintaqaviy hamkorlikning yangi muhitini yaratmoqda va kelajakka umidlarimizni mustahkamlamoqda.

Biz, ushbu davlatda tinchlik o‘rnatilishi uchun lozim bo‘lgan asosiy tamoyilga sodiq qolamiz. Ya'ni mamlakatda barqaror tinchlik o‘rnatish uchun zarur bo‘lgan siyosiy jarayonlar faqat afg‘onlarning o‘zi tomonidan va Afg‘oniston xalqi rahbarligida amalga oshirilishi zarur.

Bundan tashqari, Afg‘oniston geopolitik manfaatlar to‘qnashadigan sahnaga aylanmasligi lozim. Shu nuqtayi nazardan, AQSh, Rossiya va Xitoy “uchligi”ning tashkil etilishi va unga Pokistonning qo‘shilgani alohida ahamiyat kasb etadi, chunki bu davlatlar o‘rtasida afg‘on muammosi bo‘yicha yakdillikka erishish o‘ta muhimdir. Shu bilan birga, bu masalada Eronning ham mavqeyi hisobga olinishi shart, deb o‘ylayman.

Shuningdek, mintaqaning barcha davlatlari Afg‘onistondagi vaziyatni bir xil baholashi, mavjud muammolar yechimi va yuzaga keladigan tahdidlarga nisbatan mushtarak qarashga ega bo‘lishi zarur. Agar ushbu mamlakatlar muammolarni faqat o‘zlari emas, balki o‘zaro konsensusga erishgan holda birgalikda yechadigan bo‘lsa, Afg‘onistonda barqaror tinchlik o‘rnatish uchun muhim zamin yaratilgan bo‘lar edi.

Albatta, Afg‘onistondagi notinchlik bizni ham xavotirga soladi va uning salbiy ta'sirining oldini olish uchun kerakli chora-tadbirlar ko‘rib qo‘yilgan. Lekin shu bilan birga aytib o‘tmoqchi edimki, “Tolibon” rahbariyati bilan muloqotlarimiz davomida ular bir necha bor faqatgina o‘z mamlakatlari ozodligi uchun kurashayotganliklari va qo‘shni davlatlar, shu jumladan, O‘zbekiston chegaralarini buzish yoki Afg‘oniston hududi orqali mamlakatimizga hech qanday tahdidlarga yo‘l qo‘ymasliklarini alohida ahamiyat bilan ta'kidlab o‘tishdi.

O‘ylaymanki, biz azaliy qo‘shnimiz bo‘lmish Afg‘oniston bilan doimo yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolamiz va birodarlik rishtalarini yanada kengaytiramiz.

— Afg‘onistondan O‘zbekistonga qochib o‘tayotganlar o‘z vataniga qaytarib yuborilmoqda. AQShga xayrixohlik bildirgan, bugungi kunda real xavf ostida qolayotgan odamlarning taqdiri muhokama qilinyaptimi? O‘zbekiston ularga boshpana berishi mumkinmi?

— Haqiqatan, bu O‘zbekiston uchun o‘ta jiddiy va hassos masaladir va uni birdaniga hal etib bo‘lmaydi. Bu muammoni uning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda hal etish lozim.

Ma'lumki, O‘zbekiston qochoqlar maqomi to‘g‘risidagi 1951 yil Konvensiyasiga va 1967 yilda qabul qilingan Protokolga qo‘shilmagan, undan tashqari, mamlakatimiz qonunchiligida qochoqlar maqomini olish tartibi ham ko‘zda tutilmagan.

Shundan kelib chiqqan holda, hamda ushbu masalaning ichki va tashqi omillarini nazarga olgan holda, AQShga xayrihohlik bildirgan afg‘on fuqarolariga bizning zaminimizda boshpana berishning qonuniy va amaliy asoslari yo‘q.

“Tolibon” rahbariyatining yaqin kunlardagi bayonotiga muvofiq, xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik qilgan afg‘on fuqarolarini avf etish va agar ular o‘z xalqiga xolisona xizmat qilish istagini bildirishsa, ularga ozodlik va'da qilinishi e'lon qilingan.

O‘zingizga ma'lumki, qochoqlar muammosida yetakchilik va muvofiqlashtirish roli bevosita BMTga tegishlidir. Agar bu xalqaro tashkilot tegishli murojaat bilan chiqsa, O‘zbekistonning chegara hududida BMTning qochoqlar bo‘yicha oliy komissariati vakolatxonasi ochish va uning Afg‘oniston hududida joylashgan qochoqlarga yordam berish bo‘yicha faoliyatini ta'minlash masalasi ijobiy ko‘rib chiqilishi mumkin.

O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga rioya etgan holda Afg‘onistondan mamlakatimiz hududiga qochib o‘tgan afg‘on harbiylarining hayotini saqlab qolishda yordam berdi va ularning o‘z xohish-istaklari asosida vatanga qaytishida yordam ko‘rsatdi. O‘zbekiston boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsipiga sodiq qoladi.

— Bo‘lib o‘tgan konferensiya doirasida AQSh, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston ishtirokida to‘rt tomonlama yangi siyosiy platforma tashkil etilgani e'lon qilindi. Bu “to‘rtlik” asosan afg‘onlararo inklyuziv muzokaralarni yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullanadimi?

— Xalqaro anjuman doirasida AQSh tashabbusiga binoan yangi “to‘rtlik” tashkil etilgani to‘g‘risida bayonot tarqatildi. Shuni aytib o‘tish kerakki, bu masala birdaniga yoki o‘z-o‘zidan kelib chiqqani yuq.

Esingizda bo‘lsa o‘tgan yilning o‘rtalarida Amerikaning Afg‘onistondagi yarashuv masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod va Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Adam Boler boshchiligidagi hay'atning Toshkentga safari chog‘ida O‘zbekiston va Afg‘oniston ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarni moliyalashtirish masalasi ham ko‘rib chiqilgan edi.

Amerika hay'ati bilan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston tashabbusi bilan Afg‘onistonda amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan energetika va transport-kommunikatsiya loyihalarining bu mamlakatda doimiy tinchlikni o‘rnatish uchun ahamiyati beqiyos ekanligiga alohida urg‘u berildi.

Shundan keyin bu masala bo‘yicha tomonlar ishtirokida o‘zaro muzokaralar va fikr almashuvlar yo‘lga qo‘yildi, shu jumladan, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining o‘zaro bog‘liqligini ta'minlovchi loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan yangi formatni tashkil etish ham uchrashuvlarning kun tartibidan o‘rin olgan edi.

Ba'zilar, siz savol bergandek, bu yangi format faqat inklyuziv afg‘onlararo muzokaralar uchun xizmat qiladi, degan fikrni bildirdi.

Lekin bu sayozroq xulosa, chunki bu formatning asosiy yo‘nalishlaridan biri – mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirishga xizmat qilish. Shu bilan birga, AQSh, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston vakillari, mintaqalararo aloqalarning rivojlanishi Afg‘onistonda doimiy tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish uchun o‘ta muhim ekanligini e'tirof etishdi. Boshqacha qilib aytganda – tinchlik va mintaqaviy bog‘liqlik bir-birini o‘zaro kuchaytiruvchi omillar hisoblanadi.

Tomonlar samarali xalqaro savdo yo‘nalishlarini rivojlantirishni tarixiy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, o‘zaro tijoratni kengaytirish, yangi tranzit marshrutlarini yaratish va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga umid bildirishdi.

Yaqin kelajakda ushbu mamlakatlarning vakillari yig‘ilib “to‘rtlik” doirasida bo‘lajak hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida kelishib oladi.

Men o‘ylaymanki AQSh, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston ishtirokida yangi “to‘rtlik” formatining tashkil etilishi bo‘lib o‘tgan nufuzli xalqaro anjumanning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi.

— Davlatimiz rahbari Afg‘oniston Islom Respublikasi, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligining muhim bo‘g‘ini deb ta'kidladi. Bu haqda siz nima deya olasiz?

— Avvalambor shuni ta'kidlash joizki, bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni tiklash, mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchsizlikka barham berish yo‘lidagi dadil qadam bo‘ldi va davlatimiz rahbari o‘z nutqlarida ushbu yo‘nalishda istiqbolli g‘oyalarni o‘rtaga tashladilar.

Anjumanda O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan energetika va transport-kommunikatsiya sohasidagi loyihalarga urg‘u berildi.

Prezidentimiz bu loyihalarning mintaqaviy ahamiyatga ega ekanligi hamda afg‘on xalqi manfaatlari yo‘lida amalga oshirilishini ta'kidladi. Ma'lumki, Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishi nafaqat ushbu mamlakatning kelajagi, balki ulkan mintaqaning istiqbolini belgilovchi omil hisoblanadi.

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan hamkorlikda “Surxon – Puli-Xumri” elektr tarmog‘ini barpo etish hamda Transafg‘on transport yo‘lagini yaratish kabi muhim infratuzilma loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.

Ishonchim komilki, ushbu rejalarning hayotga tatbiq etilishi Afg‘oniston xalqi uchun minglab ish o‘rinlarini yaratish bilan bir qatorda, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Afg‘onistonda bardavom tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilgan taqdirdagina ushbu maqsadlarga erishish mumkin.

Fikrimcha, bo‘lib o‘tgan nufuzli xalqaro konferensiya davlatimiz rahbari tomonidan afg‘on muammosini tinch yo‘llar bilan hal etish, uning milliy iqtisodini tiklash yo‘lida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarning mantiqiy davomidir.

Xulosa qilib aytganda, Toshkent konferensiyasi O‘zbekiston afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha asosiy diplomatiya maydoni hamda mintaqaviy bog‘liqlik g‘oyasini amalda ilgari surayotgan lokomotiv davlat ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

Shu nuqtayi nazardan, zamonamizning eng dolzarb mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘z vaqtida amalga oshirilgan tashabbus bo‘ldi.

Abror Zohidov suhbatlashdi

Mavzuga oid