Jahon | 15:04 / 21.07.2021
11364
2 daqiqa o‘qiladi

Jyeff Bezos kosmosga parvozidan so‘ng 200 mln dollarni xayriyaga ajratdi

Jyeff Bezos Courage and Civility Award tashabbusini boshlaganini ma'lum qildi: biznesmen global muammolar yechimi bilan shug‘ullanayotgan insonlarga mablag‘ ajratadi.

Foto: Joshua Robers / Reuters

Amazon sobiq bosh direktori Jyeff Bezos 200 mln dollar mablag‘ni ikki ijtimoiy tadbirkorga xayriya sifatida ajratdi. U bu haqda kosmosga parvozidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida e'lon qildi

Bosh oshpaz Xose Andres Bezosdan 100 mln dollar oladi. Andres 2018 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga tavsiya qilingandi. U 2010 yilda World Central Kitchen loyihasi hammuallifi bo‘lgan. Mazkur notijorat tashkilot dunyoning tabiiy ofatlardan zarar ko‘rgan hududlaridagi aholining ovqatlanishini tashkil etishda yordam beradi. Qayd etilishicha, tashkilot o‘tgan haftada Germaniyadagi suv toshqinlaridan jabrlangan aholiga yordam berdi. 

Yana 100 mln dollarni CNN siyosiy eksperti Ven Jons oladi. Jons mahbuslar huquqlari va ularning jamiyatga integratsiyasi bilan shug‘ullanadigan bir nechta notijorat tashkilotlar va harakatlar asoschisi hisoblanadi.

Bezosning so‘zlariga ko‘ra, Jons va Andres mablag‘lardan o‘zlari istaganidek foydalanishlari mumkin. Jyeff Bezos Courage and Civility Award tashabbusini boshlaganini ma'lum qildi: biznesmen global muammolar yechimi bilan shug‘ullanayotgan insonlarga mablag‘ ajratadi.

20 iyul kuni Jyeff Bezos o‘zi asos solgan Blue Origin kompaniyasining New Shepherd kemasida kosmosga muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirdi. Parvoz 10 daqiqa-yu 18 soniya davom etdi.

Bu vaqt davomida raketa to‘rt kishi joylashgan kapsulani quyi orbitaga olib chiqdi. Shundan so‘ng raketa belgilangan nuqtaga qaytib qo‘ndi, ma'lum muddat vaznsizlik holatida bo‘lgan kapsula birozdan keyin parashyut yordamida yerga qaytib tushdi. Har ikkala qo‘nish ham muvaffaqiyatli bo‘ldi.

Bezos parvozdan biroz vaqt oldin ham Vashingtondagi havoga parvoz va astronavtika milliy muzeyiga 200 mln dollar ajratgandi.

Forbes Real-Time reytingiga ko‘ra, uning boyligi 205 mlrd dollarga teng.

Mavzuga oid