Hakerlar Saudi Aramco’dan 50 million dollar talab qilishdi
Hakerlar Saudiya Arabistoni neft kompaniyasi Saudi Aramco’ga tegishli ma'lumotlarni o‘chirib tashlash uchun kompaniyadan kriptovalutada 50 mln dollar talab qilishdi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar berdi.
Kompaniya sizib chiqish oqibatida hakerlar qo‘liga tushgan ma'lumotlar o‘ziga tegishli ekanini tasdiqlagan. Ushbu ma'lumotlar pudratchi firmalardan birida saqlangan. Kompaniya ma'lumotlar sizib chiqqani haqida yaqinda xabar topgan.
“Ma'lumotlar sizib chiqishi xavfsizlik tizimimizdagi zaif joy sababli yuz bermagan. U kompaniya faoliyatiga ta'sir ko‘rsatmagan”, deb ma'lum qilingan kompaniyada.
AP’ning xabar berishicha, kompaniya xodimlari darknetda o‘g‘irlangan ma'lumotlar joylashtirilgan saytni topishga muvaffaq bo‘lishgan. Hakerlar qo‘liga tushgan ma'lumotlar hajmi 1 terabaytga yaqinni tashkil qiladi. Saytning o‘zida hakerlar ma'lumotlar to‘liq o‘chirilishi uchun 50 mln dollar talab qilishgan.
Hakerlik hujumi ortida kim turgani noma'lum.
Ta'kidlanishicha, Saudi Aramco birinchi marta kiberhujumlar nishoniga aylanmayapti. 2012 yilda kompaniyaning kompyuter tarmog‘i virus hujumiga uchragan. Zararli dastur qattiq disklarda saqlangan ma'lumotlarni o‘chirib tashlagan, kompyuterlar ekraniga esa yonayotgan AQSh bayrog‘i chiqarilgan. O‘shanda kompaniya butun tarmoqni ma'lum muddatga o‘chirishiga va 30 mingtaga yaqin kompyuterni yo‘q qilishiga to‘g‘ri kelgan.
Mavzuga oid
22:44 / 15.08.2024
Google: eronlik hakerlar AQShdagi saylovlar oldidan kiberhujumlarni kuchaytirdi
20:04 / 12.08.2024
Xitoylik hakerlar Rossiya hukumati saytlariga ommaviy kiberhujum uyushtirdi
19:39 / 11.04.2024
Hakerlar yuzga yaqin mamlakatda iPhone foydalanuvchilariga hujum qildi
15:11 / 07.11.2023