O‘zbekiston | 13:11 / 22.07.2021
53614
4 daqiqa o‘qiladi

22 iyul – dam olish kuni. Mehnat vaziri bosh vazir yig‘ilishiga chaqirilgan, Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi videoselektor o‘tkazmoqda

Na prezident farmoniga, na karantin qoidalariga rioya etildi. Mamlakatda mehnatkashlarning huquqlarini himoya qilishga, mehnatga oid huquqlarni ta'minlashga mas'ul bo‘lgan ikki yirik idora rahbari dam olish kunida yig‘ilishda ishtirok etadi. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri bosh vazir o‘tkazadigan yig‘ilishga chaqirilgan bo‘lsa, Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi yig‘ilishning tashabbuskori hisoblanadi.

Foto: Shutterstock

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Q. Rafiqov imzolagan telefonogramma tarqaldi. Unda joriy yilning 22 iyul (prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan rasman dam olish kuni deb e'lon qilingan) kuni soat 12:00da  O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining katta majlislar zalida prezidentning “Tarixiy va sivilizatsiyaviy mushtaraklik, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning umumiy manfaatlari farovon kelajakni bunyod etishda mustahkam zamin yaratish” mavzusidagi nutqidan kelib chiqadigan kasaba uyushmalari oldida turgan vazifalar to‘g‘risida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilishi aytiladi.

Ayni vaqtda ushbu yig‘ilish bo‘lib o‘tayotgani tasdiqlandi. Mazkur videoselektor yig‘ilishiga ayederatsiya raisining o‘rinbosarlari, federatsiya apparati bo‘lim mudirlari, mas'ul xodimlari, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashlari raislari va ularning o‘rinbosarlari hamda federatsiya tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlari federatsiyaning katta majlislar zalidan ishtirok etishlari lozimligi ko‘rsatilgan.

Tizimning boshqa tashkilotlari rahbarlari va mas'ul xodimlari federatsiyaning Qoraqalpog‘iston va viloyat kengashidagi hamda federatsiya qoshidagi malaka oshirish instituti majlislar zalidan ishtirok etishlari so‘ralgan.

Qolaversa, Kun.uz’ning Kasaba uyushmalari federatsiyasidagi manbasining ma'lum qilishicha, yig‘ilishga chaqirilganlarning aksariyati Covid-19dan xavf osti guruhiga mansub aholi toifasi (65 yoshdan yuqori)dagi shaxslar hisoblanadi.

Shuningdek, Kun.uz ixtiyoriga mehnat huquqlariga zid ravishda bugun yana bir yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida hujjat kelib tushdi. Unga ko‘ra, prezident maslahatchisi, bosh vazir o‘rinbosari, vazirlar hamda markaziy muassasalar rahbarlari bugun – 22 iyul soat 17:45 ga bosh vazir rahbarligida o‘tkaziladigan videoselektor yig‘ilishiga chaqirtirilgan.

Yig‘ilishga taklif qilinganlar qatorida xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishi lozim bo‘lgan bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov ham bor.

Mehnat kodeksining 132-moddasiga ko‘ra, bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlash man etiladi.

Yana bir holatni yoddan chiqarmaslik lozimki, Mehnat kodeksining 9-moddasiga binoan, mehnat sohasidagi davlat boshqaruvini O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi amalga oshiradi.

Bundan tashqari, aynan mazkur moddada mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirish va nazorat qilishni amalga oshiruvchi organlar qatorida kasaba uyushmalari ham sanab o‘tilgan.

Shundan kelib chiqilsa, mehnat huquqlariga rioya qilinishini himoya qiluvchi idora rahbarlarining o‘zi mehnat qonunchiligiga amal qilmayotgan bo‘lsa, oddiy mehnatkash fuqarolar dodini kimga aytsin?

Eslatib o‘tamiz, Prezident farmoni bilan 22 iyul barcha xodimlar uchun dam olish kuni deb e'lon qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 27 yanvar kungi selektorda majlisbozliklar ko‘payib ketganini qattiq tanqid qilib, ruxsatsiz majlis qilgan rahbarlar ishdan ketishini aytgandi.

«Ko‘p amaldorlar majlisbozlikka kasal bo‘lgan. Buni davolaymiz. Bugundan boshlab majlis qilmoqchi bo‘lgan hokimlar administratsiyadan ruxsat olib, uzog‘i 40 daqiqalik majlis o‘tkazishi mumkin. Ruxsatsiz majlis o‘tkazgan amaldorlar ishdan ketadi», degan edi prezident.

Bundan tashqari, 10 fevral kuni davlat rahbari yana bir bor har qanday majlisbozlikni yig‘ishtirish kerakligini aytgandi.

Mavzuga oid