O‘zbekiston | 16:09 / 24.07.2021
23360
3 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘cha» kursi iboralari, dinimizga ochiq e'tiqod qilishdan qo‘rqqan paytlarimiz o‘tmishga aylandi» - Allamjonov prezidentning tug‘ilgan kunida so‘nggi yillardagi islohotlarni esladi

Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov telegramdagi sahifasi orqali prezident Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan tabriklab, so‘nggi besh yilda mamlakat hayotida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan islohotlarni sanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Muammolar haqida ochiq, erkin gapirishga shunchalik tez o‘rgandikki, ovozimizni chiqarmay, chekka-chekkada pichirlashib yurgan paytlarimizni eslamay ham qo‘ydik.

Yana ko‘p narsalarni deyarli unutdik. Dinimizga ochiq e'tiqod qilishdan qo‘rqqan paytlarimizni ham. Azon tovushini faqat masjidlarning yonginasida turib eshitish mumkin bo‘lganini ham. Jamoat joylarida «diniy libos»da yurgani uchun ko‘cha-ko‘yda ushlanib, 15 sutkaga oborib tiqilganlarni ham.

«Ko‘cha» kursi, birja kursi, davlat kursi iboralari-chi, esingizdami? Qora qozonini qaynatish uchun bolasi chet eldan yuborgan dollarni «valyutchiklar»dan alishtirgan otaxon-onaxonlar qonunan jinoyatchiga aylangan paytlarni eslaysizmi?

Pensiyasini kartadan yecholmay, supermarket kassalarida sarg‘ayib, navbatda turganlarga yalingan qariyalar-chi, yodingizdami?  

Hozir biror chet ellikka «kartadagi pulimizni 20 foizlik stavka – zarari bilan naqd pulga aylantirganmiz», deb gapirib bersak, ishonmasa kerak.

MXXdagi «kattalar»ga yoqmay qolganlar yo‘q joydan tuhmat bilan qamab yuborilgan davrlar esingizdami?

Adolat qaror topdi. Tuhmat yoki arzimagan aybi tufayli qamoqda o‘tirgan qanchadan qancha yurtdoshimiz bugun ozodlikda. Ular bilan birga oilalariga quvonch, xotirjamlik, baraka qaytdi. 

Mamlakatimizning har bir chekkasida azon tovushi yangrayapti. Dindoshlarimiz erkin ibodat qilmoqda. Yillab sarson yurgan minglab boshpanasizlar uyli bo‘ldi, yana qanchasi davlat himoyasiga olindi. Konvertatsiya ochildi. Tekshiruvlar to‘xtadi, tadbirkorda halovat paydo bo‘ldi.

Xullas, gapirsa, gap ko‘p.

Asosiysi, bu o‘zgarishlar xalq uchun va xalq dardi bilan yashaydigan bir insonning qaror-u irodasi bilan amalga oshdi. Va kechagi kunini unutmaganlar bu inson uchun duoda. Xolis duoda xayr, baraka, yaxshilik bo‘lishi shubhasiz.

Siz uchun juda ko‘pchilik duoda.

Tavallud kuningiz muborak, muhtaram Prezident!» deyiladi postda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid