O‘zbekiston | 15:05 / 26.07.2021
7339
9 daqiqa o‘qiladi

Jazirama ta'sirida ham dard orttirish mumkin – mutaxassisning issiqdan himoyalanish bo‘yicha maslahatlari

Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova jazirama kunlarda issiqdan himoyalanish hamda sog‘lom turmush tarziga rioya qilish bo‘yicha ma'lumotlar berdi.

Foto: KUN.UZ

Serquyosh yurtimizda yozning jazirama davrida havo harorati 40 darajadan yuqori bo‘lishi odatiy hol. Quyosh ostida uzoq vaqt bo‘lish natijasida ultrabinafsha nurlar organizmga salbiy ta'sirini ko‘rsatadi. Shu sabab, quyoshning tik nurlaridan saqlanish lozim, aks holda oftob urishi kuzatilishi mumkin. Bunday paytda kunning issiq vaqtida boshyalang yurganda bosh qizib ketadi, quyosh nuri ta'sirida bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari kengayadi va butun tanada issiq qon aylanib, oftob urish holati yuz berishi mumkin.

Buning oqibatida quyidagi belgilar yuzaga keladi:

  • tana harorati ko‘tarilishi, terining qizarishi, holdan toyish;
  • nafas olish va puls tezlashishi, yurak tez urishi;
  • bosh og‘rishi, bosh aylanishi;
  • ko‘ngil aynishi, qayt qilish;
  • hushdan ketish holatlari kuzatilishi mumkin.

Issiq haroratning ta'siri va oftob urganda birinchi yordam:

  • oftob urgan odamni darhol soya joyga yotqizib, sochiqni muzdek suvga ho‘llab boshiga qo‘yiladi;
  • kiyimlari bo‘yin ko‘krak sohalarini siqib turgan bo‘lsa, bo‘shatiladi yoki, tananing ochiq joylari muzdek suvga ho‘llangan dastro‘mol, sochiq yoki mato bilan ho‘llanadi yoki ust-boshlarini yechib, muzdek suvga choyshabni ho‘llab butun tanasiga o‘raladi;
  • bo‘yin va qo‘ltiq sohasiga muz xaltachalari qo‘yiladi;
  • oftob urgan kishiga oz-ozdan suyuqlik ichiriladi va zudlik bilan tez yordam chaqiriladi. Tez yordam yetib kelguncha yuqoridagi muolajalar davom ettiriladi;

Oftob urishining oldini olish uchun:

  • iloji boricha kunning birinchi yarmida bosh kiyim kiygan holda sayr qilish;
  • sayrga bosh soyabon ham olib chiqish;
  • imkoni boricha havosi salqin bo‘lgan joylarda kunni o‘tkazish;
  • jismoniy faol harakatlar bilan shug‘ullanishni esa salqin vaqtlarda ertalabki yoki kechki soatlarda o‘tkazgan ma'qul;
  • oftobdan kuyishning oldini olish uchun maxsus oftobdan saqlovchi kremlardan foydalanish mumkin;
  • kunlik ratsion yengil hazm bo‘ladigan taomlar hamda meva va sabzavotlardan iborat bo‘lishi;
  • ko‘proq suyuqlik iste'mol qilish ayniqsa chanqovbosdi ichimliklarni ichish (gazlanmagan qadoqlangan suv, ayron, nordon mevalarning sharbatlari, shakarsiz kompotlar, mors va kvas va h.k.);
  • kofe, shirin gazlangan suvlarni iste'mol qilmaslik maqsadga muvofiq.
  • spirtli ichimliklarni ichmaslik tavsiya etiladi;
  • tuzlangan va achchiq mahsulotlarni chegaralash lozim;
  • kunning issiq vaqtlarida uzoq yo‘lga chiqmang;
  • mashina salonlarida yosh bolalarni va qariyalarni uzoq qoldirmaslik kerak.

Oftob nurining faollashgan paytida, ya'ni soat 11:00-12:00 dan to soat 16:00-17:00 largacha iloji boricha salqin xonalarda, ko‘chaga chiqmasdan uyda bo‘lish tavsiya etiladi. Uyda xonalar ham quyosh nurlari ta'sirida bo‘lmasligi uchun derazalarga himoyalanish maqsadida mato tutish maqsadga muvofiq;

! Kun davomida ko‘proq suv ichish lozim, har bir xonadonda toza ichimlik suv bo‘lishiga e'tibor berish kerak.

Jazirama issiq sharoitlarda kiyinish:

  • havoni yaxshi o‘tkazadigan, tabiiy matolardan tikilgan;
  • quyosh nurini qaytaradigan, terni o‘ziga shimadigan;
  • keng tikilgan va tanaga yopishib turmaydigan kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi.
  • Shuningdek, to‘q rangli yoki qora va jigarrang matodan tikilgan kiyimlar o‘ziga issiqlik va quyosh nurini ko‘p tortadi natijada tana qizib ketadi va issiq urishi kuzatiladi. Aksincha, ochiq rangli yoki oq rangli matolardan kiyimlar kiyish lozim. Ular issiqlik va quyosh nurini qaytaradi va oftob urishining oldini oladi.

Yozning issiq kunlarida ham karantin qoidalariga to‘la rioya qilgan holda, niqobni yechmasdan uni taqib yurishga moslashish kerak:

  • issiq havo natijasida niqob ostida nojo‘ya ta'sirlar (qichishishi, mayda toshmalar) bo‘lmasligi uchun 1-2 soatdan almashtiring;
  • niqob ostida yuz terlamasligi uchun tabiiy matodan tayyorlangan bir necha martalik niqoblarni tanlashingiz mumkin. Ular yumshoq bo‘lishi, paxta ipli matodan bo‘lsa yaxshi. Yechgandan so‘ng uni xo‘jalik sovunida yuvib, dazmollang;
  • niqob osti allergik holatlari bo‘lmasligi uchun gipoallergen materiallardan tayyorlangan bir martalik dorixona niqoblaridan foydalanish mumkin;
  • umuman, niqob kiyishdan oldin yuzingizni yaxshilab yuving;
  • niqobni yechgandan so‘ng, yuzni gipoallergen sovunda yuvish mumkin;
  • niqobni tez-tez almashtirib turish uchun yoningizda bir nechta niqob olib yuring.

Konditsionerdan foydalanish

  • Konditsioner ostida uzoq vaqt o‘tirmang, juda past haroratga moslamang;
  • Konditsionerning sovuq shamoli tanangizga to‘g‘ridan to‘g‘ri esmasin;
  • Issiqdan terlab turib konditsioner ishlab turgan xonaga kirish qator kasalliklarga turtki bo‘lishi mumkin.

Suv havzalarida cho‘milish

Kunning juda issiq paytlarida, ayniqsa quyoshda toblangandan keyin muzdek hovuz yoki oqar suvga birdaniga tushish mumkin emas. Chunki tana harorati bilan suvning orasidagi keskin farq tufayli tomirlar tortishishi yuzaga kelishi mumkin. Bunda oyoq tomirlarining tortishishi, hattoki miya yoki yurak tomirlarining keskin qisqarishi oqibatida ular faoliyatini qo‘qqisdan buzilishi ham yuzaga kelishi ehtimoli bor. Bu esa juda jiddiy holat hisoblanadi.

Yoz faslida sog‘lom turmush tarziga amal qilish

 Issiq kunlarda kun tartibi va shaxsiy gigiyena, karantin qoidalariga amal qilish, kechqurun iliq dush qabul qilishga odatlanish lozim.

Faslga mos kiyinishga rioya qilgan inson sog‘lom, tetik va o‘zini odamlar orasida yaxshi sezadi. Kiyim – inson tanasini tashqi muhit ta'sirlaridan saqlaydi.

 Havo isib ketgan paytda tanamizni asrash uchun quyidagilarga ahamiyat berish lozim. Avvalo, yoz kunlari boshni quyosh nuridan asrash uchun maxsus bosh kiyimlar kiyish kerak hamda soyabonlardan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Issiq havoda terlash natijasida organizm yo‘qotadigan suv va zarur moddalar oqsil, vitamin va mineral tuzlar o‘rnini qoplashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sabab ovqatlanish va ichimliklar ichishga ham e'tibor berish lozim.

  • Ko‘proq suyuqlik (chanqovbosdi ichimliklardan – gazlanmagan suv (2-2,5 l), shakarsiz kompotlar, ayron, nordon mevalarning sharbatlari, ko‘k choy ichish;

Taomlar: - issiq kunlarda ko‘proq suyuq va yengil hazm bo‘ladigan ovqatlar bo‘lgani ma'qul. Barra sabzavotlardan ko‘katli salatlar tayyorlab yeyish lozim. Bundan tashqari - qatiqli suyuq taomlar (akroshka), go‘ja kabilar ayni yoz fasli uchun mos ovqatlar.

Har kuni ho‘l mevalar va sabzavotlarni iste'mol qilish kerak.

 Quyidagilarga e'tiborli bo‘ling!

  • Qaynatilmagan suv ichmang;
  • Meva va sabzavotlarni yuvmasdan yemang;
  • Ko‘p ovqat yeb qo‘ymang;
  • Tayyorlangan ovqatlarni uy haroratida 2 soatdan ortiq saqlamang;
  • Barcha pishirilgan va tez buziladigan oziq–ovqat mahsulotlarini sovitkichda (+50 S darajali past haroratda) saqlang;
  • Tayyor taomlarni dasturxonga tortguncha issiq holda saqlang (600S darajadan yuqori);
  • Taomni hatto sovitkichda ham uzoq vaqt saqlamang;
  • Yaroqlilik muddati o‘tib ketgan mahsulotlarni iste'mol qilmang;
  • Kofe, shirin gazlangan rangli ichimliklarni iste'mol qilmang, chunki ular aksincha chanqatadi;
  • Tuzlangan va achchiq mahsulotlarni chegaralang;
  • Oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘lga oling va taom tayyorlashdan avval qo‘llarni sovunlab yuving;
  • Ovqat tayyorlash jarayonida foydalaniladigan barcha narsalar yuzasi va oshxona anjomlarini yaxshilab yuvib, dezinfeksiya qiling;
  • Oshxona va oziq–ovqat mahsulotlarini hasharotlardan himoyalang.

Yuqoridagilarga amal qilinganda, oshqozon-ichak tizimida noxush holatlar kuzatilmaydi.

Jazirama issiq kunlarda quyosh nurlaridan saqlaning va sog‘lig‘ingizga e'tiborli bo‘ling, o‘zingizni asrang! 

Mavzuga oid