Iqtisodiyot | 18:41 / 26.07.2021
74212
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarning ish haqi statistikasi e'lon qilindi

Statistikaga ko‘ra, eng ko‘p maosh moliyachilarda, eng kami esa shifokorlar va ijtimoiy soha vakillariga to‘g‘ri keladi. Hududlar kesimida eng yuqori maosh oluvchilar Toshkent shahrida yashaydi.

Statistika qo‘mitasi 2021 yilning 6 oyi bo‘yicha o‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik maoshiga oid  statistikani e'lon qildi.

Bunda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarda ishlovchi, qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub'yektlaridan tashqari xodimlarning o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqlari har bir iqtisodiy faoliyat turlarida farqlanadi.

O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi tarkibiga qo‘shimcha to‘lovlar, mukofot pullari, rag‘batlantiruvchi to‘lovlar, kompensatsiya va ishlamagan vaqti uchun to‘lovlar, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va kasaba uyushmasiga ajratmalar kiradi.

Eng ko‘p va eng kam maosh kimlarda?

 Statqo‘m tahlillari o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori darajasi moliyaviy va sug‘urta iqtisodiy faoliyatida 7 mln 111 ming so‘m yoki respublika ko‘rsatkichidan 2,4 barobar yuqori ekanligini ko‘rsatdi.

 Eng kam maosh esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish faoliyatida 2 mln 49 ming so‘m yoki respublika o‘rtacha oylik ish haqidan 69 foizga kam ekanligi kuzatildi.

 Sohalar bo‘yicha (qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub'yektlaridan tashqari) 2021 yilning yanvar-iyun oylarida ish haqlarining o‘sishi:

1. Moliyaviy va sug‘urta faoliyati - 7 mln 111 ming so‘m. 29,6 foiz o‘sish;

2. Axborot va aloqa sohasi - 5 mln 138,4 ming so‘m. 21,3 foiz o‘sish;

3. Sanoat sohasi - 3 mln 734,6 ming so‘m. 2020 yilning mos davriga nisbatan 7,9 foiz o‘sish;

4. Tashish va saqlash sohasi – 3 mln 712,6 ming so‘m. 10,3 foiz o‘sish;

 5. Qurilish sohasi - 3 mln 690,7 ming so‘m, 22,1 foiz o‘sish;

6.  Savdo sohasi -  2 mln 977,3 ming so‘m. 21,7 foiz o‘sish;

 7. Ta'lim sohasi- 2 mln 250 ming so‘m. 14,4 foiz o‘sish;

8. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasi – 2 mln 49 ming so‘m. 15,1 foiz o‘sish.

Hududlar kesimida o‘rtacha ish haqi statistikasi qanday?

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha moliyaviy va sug‘urta faoliyatida o‘rtacha ish haqi ko‘rsatkichi respublikaning barcha hududlarida yuqori ekanligi kuzatildi. Ko‘pgina hududlarda oylik ish haqining pastroq darajasi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish faoliyatida kuzatildi

Shuningdek, raqamlar o‘rtacha ish haqining eng yuqori  o‘sish sur'ati Toshkent shahriga (24,5 foiz), eng past o‘sish esa Andijon viloyatiga (8 foiz) to‘g‘ri kelishini ko‘rsatadi.

Sanoat va qurilish sohalarida eng yuqori maosh Navoiy viloyatiga, qolgan barcha sohalardagi yuqori maosh Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. 

Mavzuga oid