O‘zbekiston | 17:34 / 26.07.2021
19065
3 daqiqa o‘qiladi

“Yashab turgan hududingizda qanday muammo bor? “Ochiq budjet” portalida yozib qoldiring” - moliya vaziri chaqirig‘i

O‘zbekiston moliya vaziri Timur Ishmetov aholini “Ochiq budjet” portalida o‘z hududidagi muammolarni yozib qoldirib, budjet mablag‘larini taqsimlashda faol bo‘lishga chaqirdi.

1 avgustgacha Respublikadagi barcha tuman va shaharlar aholisi o‘z hududidagi yo‘l yoki binolar ta’miri, ichimlik suvi va yoritish tizimlari bilan bog‘liq muammolarni “Ochiq budjet” portaliga yozib qoldirishi mumkin.

Takliflar orasidan tanlangan loyihalar mahalliy budjet daromad va xarajatlarining ma’lum qismidan moliyalashtiriladi.

Moliya vaziri Timur Ishmetov Twitter'dagi sahifasida aholini bu borada faollikka chaqirdi.

“Yangi talqindagi “Ochiq budjet” portali mablag‘larning sarflanishi ustidan nafaqat parlament va jamoatchilik nazoratini, balki fuqarolar budjet mablag‘larining ishlatilishidagi ishtirokini oshirishga xizmat qiladi.

Fuqarolarning jamiyatimiz uchun hududlardagi xayrli va dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda ushbu portal munosib xizmat qiladi, deb umid qilamiz”, – deb yozdi vazir.

Shuningdek, Ishmetov hozirgacha 8 mingdan ziyod tashabbuslar kelib tushgani, bu takliflar har bir fuqaroning yashash hududidagi muammolarni hal qilishga yordam berishini aytadi:

“Yashab turgan shahringiz yoki mahallangizni obodonlashtirish bo‘yicha qanday takliflaringiz bor? Fikrlaringizni do‘stlaringiz va qo‘shnilaringiz qo‘llab-quvvatlaydimi? Loyihangizni “Tashabbusli budjet” orqali amalga oshiring.

Hozirda portalga 8 mingdan ziyod tashabbuslar kelib tushgan. “Tashabbusli budjet” fuqarolarga o‘zi istiqomat qilayotgan hududlardagi mavjud qiyin masalalarni hal etish imkoniyatini taqdim etadi.

Buning uchun 157 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, yechim topish mumkin bo‘lgan vaziyatlarda sizning ovoz va takliflaringiz muhimdir”, – deydi MV rahbari.

Vazir Sirdaryo viloyatidan kelib tushgan tashabbus tufayli, aholining suv muammosini hal etish uchun mablag‘ ajratilganiga to‘xtaldi.

“Bir misol bilan bo‘lishsam, Sirdaryo viloyati, Guliston tumani, Do‘stlik mahallasi aholisi suvsizlikdan qiynalar edi. Mahalla faollari “Ochiq budjet” portaliga o‘z tashabbuslarini yozib qoldirdilar va ushbu taklif eng ko‘p ovoz to‘pladi. Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘ evaziga suv ta’minoti yo‘lga qo‘yildi.

Shunday xayrli tashabbuslarda faol bo‘ling, ochiq budjet sari tashabbusingiz sabab atrofimizda esda qolarli va barcha uchun foydali loyihalar bilan iz qoldirish imkonini boy bermang”, – deya so‘zlarini yakunlaydi Timur Ishmetov.

Eslatib o‘tamiz, iyulning birinchi o‘n kunligida Moliya vazirligi yangilangan “Ochiq budjet” axborot portalini ishga tushirdi. Bu orqali hududlardagi muammo va kamchiliklar bevosita hudud aholisining talabi bilan bartaraf etiladi.

Mavzuga oid