Bu yerda yoz umuman boshqacha: O‘zbekistonning eng sovuq go‘shalaridan birida o‘tayotgan ta'til
Namanganlik Sardorbekning har yilgi maktab ta'tili boshqa tengdoshlarinikidan ancha farq qiladi: u yozni Chotqol tog‘ tizmalarida oilasi bilan o‘tkazadi. Bu yerda aloqa yo‘q: televizor, telefon va internet ishlamaydi, chunki elektr tortilmagan. Boz ustiga, havo sovuqligidan yozda ham pechka yoqishga to‘g‘ri keladi, tez-tez yomg‘ir ham yog‘ib turadi. Kun.uz bu oilaning sokin tog‘lar bag‘ridagi turmushi haqida hikoya qiladi.
Namanganlik Sardorbek Safarov 6-sinfga o‘tdi. U otlarga qiziqadi. Ko‘pkari chopuvchi chavandoz bo‘laman, deydi. Hatto egarlanmagan otda mashq qilaman, deb qo‘lini ham sindirgan. Shunday bo‘lsa-da, u oti bilan doim birga.
Pop tumanida yashovchi Sardorbek har yili may tugab ta'til boshlanishi bilan internetsiz, mobil aloqasiz, hatto televizor ham ko‘rsatmaydigan tog‘lar orasiga yo‘l oladi.
Uning ota-onasi, yaqinlari dengiz sathidan 3500 metr balandlikda, Chotqol tog‘ tizmalarida chorvachilik bilan shug‘ullanadi.
Bu hudud Arashan buloq atrofidagi tog‘lar va ko‘llarga yaqin. Tabiati ancha salqin. Yoz kunlari ham yomg‘ir ko‘p yog‘adi. Butun O‘zbekiston bo‘ylab jazirama hukmron kunlarda ham bu yerda uyni isitish uchun pechka yoqiladi.
Sentabr oyi o‘rtalariga borib, yomg‘irlar qorga aylana boshlaydi.
Sardorbekning otasi Zokir Soliyevning so‘zlariga ko‘ra, cho‘ponlik – ajdodlaridan qolgan meros. Katta cho‘pon tog‘larda poda boqishni yoshligidan boshlagan, xuddi Sardorbek kabi.
Usta cho‘pon shu tog‘lar orasida "tishi chiqqani"ni ta'kidlaydi.
Cho‘ponning aytishicha, aprel oyida chorvani olib, Kelinchaksoy nomli hududga kelib joylashishadi. Qahramonimiz va uning oilasi aholining chorvasini boqishadi.
Bunday sharoitda yashashning o‘ziga yarasha yoqimli va mashaqqatli taraflari bor. Ayniqsa, ayol kishiga. Qahramonimizning onasi Munavvar Toshboyeva shu yerlarda yashashga o‘rgangani, bu yerlar ikkinchi uyi bo‘lib qolganini aytadi.
U erta tongda sigirlarni sog‘ib, sutdan qaymoq ajratishga shaylanadi. Tog‘ o‘t-o‘lanlaridan to‘yingan sigir suti o‘zgacha bo‘ladi.
Munavvar opa bir kunda 5-6 kg qurut tayyorlashini aytdi. Tayyorlangan qurutlarni xaridorning o‘zi o‘tovdan olib ketadi.
Munavvar Toshboyevaning aytishicha, shu ishlar bilan kun o‘tkazmasa, bu yerda zerikib qolish tayin.
Sardorbek ham bu yerda zerikmasligi va ko‘p vaqtini Oqqashqa laqabli oti bilan o‘tkazishini aytadi. Uning bu otidan tashqari Konfet va Qorabayir laqabli otlari ham bor.
Sentyabr kelishi bilan qahramonimiz maktabga otlanadi. Maktablar onlayn shaklga o‘tgan taqdirda ham, bu yerdan ta'lim olishning iloji yo‘q. Chunki aloqa chiqishi uchun tog‘ oralab kamida 20 km yo‘l bosish kerak.
Nima bo‘lganda ham chavandoz bo‘lishni orzu qilayotgan Sardorbekka omad, oilasiga baraka tilab qolamiz.
Tohirjon Tursunov,
Kun.uz muxbiri
Tasvir va montaj ustasi — Boymirza Xalilov.
Mavzuga oid
16:39 / 15.11.2024
Namangan viloyat sudi raisi o‘rinbosarining qilmishi yashirilmoqda: yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qoladimi?
11:56 / 06.11.2024
Inson matonati: 22 yil davomida tog‘ni yo‘nib yo‘l ochgan odam
12:19 / 07.10.2024
Namanganda o‘zganing fotosuratlarini internetda tarqatishini aytib pul talab qilgan shaxs ushlandi
18:33 / 02.10.2024