Sportchi-abituriyentlarning murojaatlaridan so‘ng ularga istisno tariqasida imtiyozlar berildi
Oxirgi uch yilda Osiyo va respublika chempionatlarida sovrindor bo‘lib, bu yil “Sport faoliyati” va “Jismoniy madaniyat” yo‘nalishlariga hujjat topshirgan sportchi-o‘quvchilar testlardan ozod etilib, imtihonsiz maksimal ball oladigan bo‘ldi. Ular umumiy tanlovdan tashqari talabalikka qabul qilinadi.
Sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sportchi-o‘quvchilar va ota-onalarning murojaatlari inobatga olinib, ularga OTMga kirish imtihonlarida istisno tariqasidagi qo‘shimcha imtiyozlar belgilandi.
Bu haqda Davlat qabul komissiyasining 2-son bayonida qayd etilgan, deb ma'lum qildi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi.
Qayd etilishicha, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi uch yilda g‘olib va sovrindor bo‘lgan hamda joriy yilda faqat “Sport faoliyati” va “Jismoniy madaniyat” yo‘nalishlariga hujjat topshirgan sportchi-o‘quvchilarga istisno tariqasida quyidagi imtiyozlar belgilandi:
— ikkinchi mutaxassislik fani (umumiy jismoniy tayyorgarlikni nazarda tutgan holda) hamda majburiy uchta fanlar bo‘yicha test sinovlaridan ozod etgan holda maksimal ball beriladi;
— kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga ko‘ra, ushbu toifadagi abituriyentlarning to‘plagan ballariga muvofiq, ular umumiy tanlovdan tashqari davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilinadi. Bunda, kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga ko‘ra, ushbu toifadagi abituriyentlarni davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilish uchun minimal o‘tish bali Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq belgilanadi;
— “Sport faoliyati” va “Jismoniy madaniyat” bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida mazkur bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarining sirtqi ta'lim shaklini tanlagan ushbu toifadagi abituriyentlar kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga ko‘ra faqat to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilishi mumkin;
— “Jismoniy madaniyat” bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan ushbu toifadagi abituriyentlarga sovrinli o‘rinlar qo‘lga kiritilgan sport turlarining xususiyatidan kelib chiqib, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “Sport faoliyati” bakalavriat ta'lim yo‘nalishining sport turlari bo‘yicha tuzilgan fan dasturlari asosida birinchi mutaxassislik fani bo‘yicha kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) o‘tkaziladi;
— sovrinli o‘rinlar qo‘lga kiritilgan sport turlarining xususiyatidan kelib chiqib, birinchi mutaxassislik fani bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihon OTM professor-o‘qituvchilari, tegishli sport federatsiyalari, Turizm va sport vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi vakillaridan iborat bo‘lgan tarkibda tuziladigan imtihon komissiyasi tomonidan onlayn videotranslatsiya qilingan holda belgilangan muddatlarda o‘tkaziladi.
Respublika oliy ta'lim kengashi a'zosi Xushnudbek Xudoyberdiyevning aniqlik kiritishicha, sportchi-abituriyentlarga yo‘nalishini o‘zgartirish imkoniyati beriladi.
“Ya'ni boshqa yo‘nalishga onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar o‘zlari rozi bo‘lsa, imtiyoz beriladigan “Sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha)” va “Jismoniy madaniyat” bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga o‘zgartira oladi”, deya ma'lum qildi u Telegram-kanalida.
Mavzuga oid
08:10 / 22.11.2024
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
20:35 / 16.11.2024
«Besh tashabbus olimpiadasi» sport musobaqasi tashkil etiladi
13:50 / 21.10.2024
Hindiston O‘zbekiston OTMda onlayn smart-auditoriyalarni tashkil etishi mumkin
15:23 / 21.09.2024