O‘zbekiston | 11:50 / 27.07.2021
6604
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrining ikki tumanida elektr ta'minotida avariyali uzilish kuzatildi

Kecha, soat taxminan 21:00da Shayxontohur hamda Olmazor tumanlarining ayrim hududlarini elektr energiyasi bilan ta'minlovchi TDTN 25 000 kVA PS “Farobiy” podstansiyasining yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ida avariyali uzilish kuzatilgan.

"Toshkent shahar ETK" AJ matbuot xizmatining xabar qilishicha, bunga sabab - Olmazor tumani Kichik halqa aylanma yo‘li hududida joylashgan 110/35/10 kV kuchlanishli transformator podstansiyasida ob-havoning keskin isib ketishi natijasida yuklama ortib ketgan hamda transformatorda qizish natijasida favqulodda yong‘in yuzaga kelgan, natijada tarmoq avariya holatida o‘chgan.

Nosozlikni qisqa vaqt ichida bartaraf etish ishlari “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJ rahbariyati tomonidan to‘liq nazoratga olinib, barcha zaruriy choralar ko‘rilgan.

Nosozlik bartaraf etilgunga qadar avariya holatida o‘chgan kuch transformatoridagi yong‘inni bartaraf etish hamda xodimlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida, birinchi T-1 kuch transformatori vaqtincha tarmoqdan ajratilgan. Soat taxminan 23:00lar atrofida yong‘in bartaraf etilganidan so‘ng, ushbu podstansiyadagi ikkinchi T-2 kuch transformatori ishga tushirilib, iste'molchilar soz holatdagi transformatorga o‘tkazilgan.

Ma'lum qilinishicha, yuqori kuchlanishli TDTN 25 000 kVA PS “Farobiy” podstansiyasi Shayxontohur tumanining Yangi Beltepa, Beltepa, Yangi Jarariq, Eski Jarariq, Ibn Sino 1, Ibn Sino 2, Huvaydo, Bo‘ston va qisman Ipakchi hamda Olmazor tumanining M.G‘olib mahallasi hududlarini elektr energiyasi bilan ta'minlaydi.

Kecha soat taxminan 23:00lar atrofida “Farobiy” podstansiyasidagi nosozlik bartaraf etilib, kuch transformatori soz holatda ish rejimiga qo‘yilgan.

Mavzuga oid