O‘zbekiston | 14:14 / 28.07.2021
4386
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekiston bog‘chalarida ovqatlanishni yaxshilash dasturiga 21 mln dollardan ko‘proq mablag‘ ajratadi

«Mercy Corps» tashkiloti AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi (USDA) mablag‘ bilan ta'minlovchi «O‘zbekistonda ta'lim va bolalar uchun oziq-ovqat Makgovern-Doul xalqaro dasturi» doirasida Maktabgacha ta'lim vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan anglashuv memorandumini imzoladi. 

Budjeti 21,5 million AQSh dollariga teng ushbu dastur 400dan ortiq maktabgacha ta'lim muassasasini oziq-ovqat bilan ta'minlaydi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi 245ta qishloq va kam ta'minlangan maktabgacha ta'lim muassasasidagi 90 000 nafar bola uchun ovqatlanish va ta'lim olishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha infratuzilmani rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Mazkur uch tomonlama bitim maktabgacha ta'lim muassasalarini kundalik oziq-ovqat bilan ta'minlash, savodxonlik darajasini oshirish, o‘qituvchilar va tibbiyot hamshiralarini o‘qitish, maktabgacha ta'lim muassasalari, jumladan, sinf xonalari, oshxona va jamoat hojatxonalarini ta'mirlash orqali O‘zbekiston hukumati hamda «Mercy Corps» xalqaro nodavlat tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi. 

O‘zbekistonning maktabgacha ta'lim darajasini yaxshilash bo‘yicha ustuvor rejalariga muvofiq ravishda, mazkur dastur 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun sifatli ta'lim olishni kengaytirish bo‘yicha hukumatning ta'lim sektoriga oid rejasini (2019-2023 yillar uchun) qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu dastur, shuningdek, mamlakat kelajagi uchun yosh, sog‘lom avlodni tarbiyalash muhimligiga e'tibor qaratish maqsadida «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» uchun belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga ham mos keladi.

Dastur ovqatlanish, salomatlik va gigiyenaning ilg‘or usullari hamda maktabgacha ta'lim muassasalarida taomlarni xavfsiz tayyorlash haqida xabardorlikni oshirishni ham ko‘zda tutadi. Bu, ayniqsa, koronavirus O‘zbekiston va butun dunyoda bolalarning ta'lim olishiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan bir paytda juda muhimdir. Maktabgacha ta'lim muassasalarida yuqumli kasalliklar tarqalishini bartaraf etish uchun dastur sanitariya va gigiyena holatlarini yaxshilash hamda tegishli andoza va amaliyotlarni qo‘llash bo‘yicha o‘qituvchilar, tibbiyot hamshiralari va oshpazlarni o‘qitishni ko‘zda tutadi. 

Mavzuga oid