Sport | 23:16 / 28.07.2021
6987
5 daqiqa o‘qiladi

Olimpiada sovrindori Bobonovning murabbiyi: «Davlatjon sport maktabimizga yangi kelgan vaqtda futbolga keldim, deb o‘ylagan»

Tokioda bo‘lib o‘tayotgan Olimpiada o‘yinlarining dzyudo bahslarida erkaklar o‘rtasida -90 kg vaznda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Davlat Bobonov bronza medalini qo‘lga kiritdi. Tribuna.uz muxbiri Olimpiada sovrindorining murabbiyi Nurali Qobulov bilan suhbat uyushtirib, uning g‘alabadan keyingi taassurotlari bilan yaqindan tanishdi.

«Bugun shogirdim Davlatjon Olimpiada bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu, albatta, juda katta xursandchilik. Biz uchun, vatanimiz uchun katta yutuq bo‘ldi. Mustaqilligimizning 30 yilligiga katta sovg‘a bo‘ldi, desam bo‘ladi. 

Davlatning yoshligini yodga oladigan bo‘lsam, 7-sinfligida Samarqand olimpiya zaxiralari sport maktabiga o‘qishga o‘tgan. Ushbu sport maktabiga kelishi bilan shaxsan o‘zim qabul qilib olganman. Davlat yangi kelganida juda ham nimjon, kurashni tushunmaydigan oddiygina bola edi. U dastlab futbolga keldim, deb o‘ylagandi. 

Bir gal Samarqand viloyati birinchiligi bo‘lib o‘tdi. 16ta tarbiyalanuvchi qo‘limda shug‘ullansa, o‘nga yaqini medallarni yutishga erishgandi. Sovrindor bo‘la olmaganlar safida Davlatjon ham bor edi. Yig‘lab turardi, oldimga chaqirib, sen hali jahon, Olimpiada chempioni bo‘lasan, degan edim. Davlatning o‘zi ham ko‘p eslaydi o‘sha voqeani. Chunki, unda boshqacha iqtidor sezilib turardi. Xudoga shukr, niyatlarimizga yetdik – shu bir yil ichida jahon chempionati, «katta dubulg‘a» va Osiyo chempionatlarida sovrindor bo‘ldi. Mana Olimpiadada ham medalga erishdi. Qanchalik xursandligimni so‘z bilan ta'riflab berishim qiyin. 

Xudo xohlasa, 2022 yilda jahon chempionati Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Davlatning o‘zi ham ko‘p aytadi – Toshkentdagi musobaqada, Parij Olimpiadasida oltin medal uchun bor kuchi bilan harakat qiladi. 

 - 90 kg vaznda juda kuchli sportchilar jam bo‘lgan. Ko‘rib turibsiz, jahon chempionatida g‘oliblik uchun kurashganlar olimpiya o‘yinlarida bronza yo‘lida to‘qnash kelmoqda. Ispaniyalik raqibi Nikolaz Sherazadashvili bilan 3 marta jang qilgan bo‘lsa, barchasida yengilgandi. Olimpiadaga ketish oldidan menga «Nurali aka, shu turnirda ispaniyalik dzyudochini yengishim kerak. Uni yengmasam, yaxshi natija qayd eta olmayman», degan edi. Bronza medali uchun hal qiluvchi bahsda bel olishgan Mixael Zgankka ham 2 marotaba imkoniyatni boy bergandi. Bu gal g‘alabaga erishdi. 

Olimpiadaning o‘ziga xos bosimi ham bor. Bu turnirda taxminan, 18 nafar teng kuchli sportchilar ishtirok etmoqda. Qaysi biri nechanchi o‘rinni band etishini oldindan aytib bo‘lmasdi. Kim ruhiy tomondan kuchliroq bo‘lsa, o‘sha yaxshi o‘rinlarni olmoqda. Davlatdan Tokioda ham oltin medal kutgandik. Gruziyalik Lasha Bekaurini Dyusseldorfdagi «katta dubulg‘a» turnirida mag‘lub etishga erishgandi. Afsuski, bu gal omad raqib tomonda bo‘ldi. Hakamlar Davlatni boshi bilan tatamiga tushdi deb o‘ylab, dzyudo tilida aytganda xansoki berib, bahsdan chetlatishdi. Fikrimcha, buning uchun asoslar yetarli emasdi. Ammo buguncha nasib qilgani bronza ekan. Bu ham yomon natija emas. 

Davlatning o‘z vazni 87-88 kg hisoblanadi. Raqiblari esa 95-96 kg vazndan pastga tushishadi. Shu jihatdan, biroz jismoniy imkoniyatlarda farq sezilib qolayotgandek edi. Biroq ushbu Olimpiada ko‘rsatib berdiki, endi Davlat kuchli raqiblariga qarshi bemalol bahs olib bora oladi. 

Albatta, Samarqand dzyudo maktabi avvaldan milliy jamoaga sportchilar yetkazib beruvchi maktablardan hisoblanadi. Bu gal bronza medalini qo‘lga kiritdik. Kichkina shogirdlarimiz ham Davlat akasining yutug‘idan ruhlanib, yaxshi mashg‘ulot o‘tkazib, Olimpiada, jahon chempionlariga aylanadi, deb umid qilamiz», - dedi Olimpiada sovrindorining murabbiyi. 

Ma'lumot uchun, Bobonov qo‘lga kiritgan bronza medali Tokio Olimpiadasida hamyurtlarimiz tomonidan yutilgan ikkinchisi bo‘ldi. Bundan avvalgi medalni taekvondochimiz Ulug‘bek Rashidov qo‘lga kiritgandi. O‘zbekiston umumiy medallar jamg‘armasi bo‘yicha ushbu ikkita medal hisobiga 25-o‘rinni band etib turibdi.

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid