Sport | 19:02 / 29.07.2021
22470
5 daqiqa o‘qiladi

Kichik qishloqdan katta sportga yo‘l - tog‘lar orasida tug‘ilgan Olimpiada sovrindori

Tokioda bo‘lib o‘tayotgan Olimpiada o‘yinlarining dzyudo bahslarida yurtimiz vakili Davlat Bobonov -90 kg vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Tribuna.uz sportchi tug‘ilib o‘sgan Navoiy viloyati, Nurota tumanining Chuya qishlog‘ida bo‘lib, uning yaqinlari bilan suhbatlashdi.

Oqtog‘ va Qoratog‘ o‘rtasida joylashgan Chuya qishlog‘i go‘zal tabiati bilan tillarga tushgan. Olimpiada sovrindori Davlat Bobonov – tog‘lar orasidagi ana shu qishloq farzandi.

Ko‘plab musobaqalarda yuqori natija qayd etgan sportchi haqiqiy ma'noda chuyaliklarning faxriga aylangan. Uning kechagi g‘alabasi esa nafaqat ota-onasi va yaqinlari, balki butun qishloq ahli uchun unutilmas voqea bo‘ldi.

“O‘zi kurashchilar oilasimiz. Turmush o‘rtog‘im ham, bolalarim ham kurashgan, – deydi sportchining buvisi Mukarram Bobonova. – Bu nabiram yoshligidan boshqacha edi. Qishloqlarda kurashib, solimlar olib kelardi. Gohida tinch yur, o‘ntalab kurashma, derdim. Darslarni ham yaxshi o‘zlashtirardi, a'lochi edi. Bobosi sportga berganida ham norozi bo‘lganman bilimi yaxshi buning deb. Keyin Samarqanddagi sport maktabiga berdik.

Mana, bugun biz kutgandan ham ortiqroq yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. O‘zi bo‘lmadi bu yutuqlarning, juda qiynalib, mashaqqat bilan erishdi. Vazn yo‘qotish paytida qo‘shilib yig‘lagan kunlarimiz ham bo‘ldi. Shukr, mana ko‘zlagan manziliga yetdi. Ammo rahmatli bobosi ko‘rolmadi, mana, biz ko‘ryapmiz”.

Mukarram Bobonova, sportchining buvisi

Davlat Bobonov 1997 yil 7 iyun kuni tavallud topgan. Otasi Husniddin Bobonov o‘sha paytlarda savdo-sotiq bilan shug‘ullangan va oilasi bilan Toshkent shahriga ko‘chib ketgan. Olimpiada sovrindorining yoshligi Toshkentda o‘tgan.

U poytaxtdagi 243-umumta'lim maktabida tahsil olgan. 12 yoshidan Samarqand olimpiya zaxiralari kollejida, keyinchalik Samarqand davlat universitetida o‘qigan. Ko‘plab musobaqalar g‘olibi, O‘zbekiston va Osiyo chempioni. Hozirgi kunda dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a'zosi hisoblanadi.

Davlatning otasi Husniddin Bobonov nomdor kurashchilarga havas qilib, o‘g‘lini sport mashg‘ulotlariga berganini aytadi.

Husniddin Bobonov, sportchining otasi

“15 yildan beri niyat qilib yurgan medalimizga erishdik. Quvonchimiz cheksiz. Buni tasvirlab berolmayman. Abdulla Tangriyev, Rishod Sobirov, Ramziddin Saidov kabi katta kurashchilarga havas qilib o‘g‘limni sport maktabiga berganmiz. Davlatning dzyudoga kirib kelishiga amakisi, kichik ukam Shahobiddin Bobonov sababchi bo‘lgan. 6 yoshdan 12 yoshgacha uning qo‘lida tarbiyalangan. Mana, O‘zbekiston, Osiyo chempioni bo‘lib, shu darajaga yetishdi”, – deydi ota.

Dzyudochining onasi Nuriya Bobonova ham taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, o‘g‘li qo‘lga kiritgan medalni o‘zbek xalqining medali, deya e'tirof etdi. Uning ta'kidlashicha, Davlatning nomdor sportchi bo‘lib yetishishida ko‘plab insonlarning mehnati singgan.

Nuriya Bobonova, sportchining onasi

“Bolam Olimpiadada bronza medalini oldi. Bu, albatta, o‘zbek xalqining medali. Men bu medal bilan barchani tabriklayman. Bu – bizning necha yillik orzumiz. Biz o‘g‘limga chempion bo‘lasan, deya har doim dalda bo‘lardik.

Bu kunlarni ko‘rishni qaynotam Jiyanmurod Bobonov juda orzu qilardi. Hatto betob bo‘lib, to‘shakda yotgan vaqtlarida: “Bir marta bo‘lsa ham televideniyeda Bobonov degan ovozni eshitsam armonim yo‘q”, derdi. Ammo bu kunlarni ko‘rolmadi. Bolamning bu darajaga yetishishida hissasi katta bo‘lgan insonlarga, jumladan, murabbiyi Nurali Qobulovga rahmat aytaman”, – deydi sportchining onasi N.Bobonova. 

Davlat Bobonovning yutug‘idan butun qishloq ahli xursand. Qishloq oralab, sport maydonchasida futbol o‘ynayotgan bolakaylarning ham, ko‘chada suhbat qurib o‘tirgan nuroniy otaxonlarning ham taassurotlari bilan qiziqdik.

78 yoshli Quvondiq Begashev keyingi Olimpiadada Davlat oltin medalni qo‘lga kiritishiga ishonmoqda.

Quvondiq Begashev

Biz ham otaxonning niyatlariga qo‘shilgan holda Davlat Bobonovga bundan ham yuksak zafarlar tilab qolamiz.

Ruslan Saburov tayyorladi.

Mavzuga oid