Jahon | 10:17 / 29.07.2021
4091
2 daqiqa o‘qiladi

Salvadorning sobiq prezidenti xalqaro qidiruvga berildi

Foto: Reuters

Salvador hukumati mamlakatning sobiq prezidenti Salvador Sanches Serenni va prezident Maurisio Funes hokimiyati vaqtidagi hukumatning 4 a'zosini noqonuniy boyish va pul yuvish ishi bo‘yicha xalqaro qidiruvga berdi.

Associated Press axborot agentligining xabar berishicha, San-Salvador sudi Interpolga ushbu shaxslarni ushlash haqida ko‘rsatma berish to‘g‘risida qaror chiqargan. Seren 2009 yildan 2014 yilgacha vitse-prezident lavozimini egallaganda pul yuvish bilan shug‘ullanganlikda va noqonuniy boyiganlikda gumonlanmoqda. Mamlakat bosh prokuraturasi ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu davr davomida mamlakat rahbariyati parlament ma'qullovisiz kamida 351 mln dollarni ishlatib yuborgan.

Ushbu ish bo‘yicha umumiy hisobda 10 kishi ayblanuvchi sifatida o‘tmoqda. Ayni vaqtda Maurisio Funes hukumatida sog‘liqni saqlash, moliya, mehnat vazirlari va qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari lavozimlarini egallagan shaxslar hibsga olingan.

Ta'kidlanishicha, ayblanuvchilardan ba'zilari mamlakat tashqarisiga chiqib ketgan. Amaldagi prezident Nayib Bukele Sanches Seren 2020 yil dekabrda mamlakatni tark etgani va qaytib kelmaganini tasdiqlagan. Taxmin qilinishicha, sobiq prezident hozirda Nikaraguada qolmoqda.

77 yoshli Salvador Sanches Seren 2009-2014 yillarda Salvador vitse-prezidenti, so‘ngra 5 yil davomida prezident lavozimini egallagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid