Sport | 02:43 / 29.07.2021
46689
8 daqiqa o‘qiladi

Tokio-2020. Yaponiyada total o‘sish, Taymazova bronza oldi, Amerikada sensatsion yo‘qotish

Tokio olimpiadasining navbatdagi kuni yakunlandi. 28 iyul kuni 23 ta medallar komplekti o‘ynaldi. Quvonarlisi, O‘zbekiston bugun yana bir medal oldi va medallar soni ikkitaga yetdi.

Yaponiya hamon yetakchi, Avstraliya – «suvdagi baliq»

Musobaqa mezboni hisoblangan Yaponiya jamoasi navbatdagi kunni ham medallar jamg‘armasi bo‘yicha yetakchi sifatida yakunladi. Mezbonlar 28 iyulda suzish, dzyudo va gimnastikadan uchta oltin olishdi. Yaponiyalik atletlar hozirgacha 13 ta oltin, 4 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Qizig‘i, yaponiyaliklar oldingi uchta olimpiada yakunlariga ko‘ra ham bunchalik ko‘p oltin olmagan: Rioda 12 ta, Londonda 7 ta, Pekinda 9 ta oltin. Hali musobaqa yakunlanishiga ancha borligini inobatga olsak, Yaponiya bu boradagi eng yaxshi natijasini ham qayd etishi mumkin.

Kun yakunlariga ko‘ra hamon AQSh eng ko‘p (31 ta) medal yutgan delegatsiya bo‘lib turibdi. Oxirgi kunda amerikaliklar ikkita oltin yutishdi. Suzish bahslarida Ketlin Ladeki chempion bo‘ldi, uch kishilik basketbolning ayollar bahslarida ham oltin amerikaliklarga nasib etdi. Ular finalda Rossiyani mag‘lub etishdi. Erkaklar finalida ham ruslar qatnashib, Latviyaga mag‘lub bo‘lishdi. 200 metrga kompleks suzishda esa yaponiyalik Yui Oxasi ikki amerikalikni alamli tarzda ortda qoldirdi.

Avstraliya jamoasi 28 iyul kungi bahslarni uchta oltin medal bilan yakunladi. Akademik eshkak eshishda ikkita, suzishda bitta oltin Avstraliyaga yo‘l oldi. Natijada avstraliyaliklar umumjamoa hisobida 5-o‘ringa ko‘tarilishdi. Ularda umumiy medallar soni ham yomon emas – 16 ta. Qizig‘i, Avstraliya qo‘lga kiritgan 6 ta oltinining barchasi suv sporti bahslariga to‘g‘ri kelgan. 16 ta medalning faqat bittasi velosportda qo‘lga kiritilgan, qolgan barchasi suv sportlari hissasiga to‘g‘ri keladi. To‘rt tomoni suv bo‘lgan davlat uchun bu normal holat deyish mumkin.

Taymazova – kun qahramoni, 19 karra jahon chempioni ruhiy muammo sabab musobaqalarni tark etdi

Artur Taymazov olimpiada bahslarida medal olishiga ko‘pchilik o‘rganib qolgandi. Keyinchalik biz uning medallari bekor qilinishiga ham ko‘nikib qoldik. Endi bu familiyada medal yutadigan yana bir sportchi paydo bo‘ldi. Osetiyalik Madina Taymazova qahramonlarcha bronza medalini qo‘lga kiritdi. Nega qahramonlarcha, shunchaki bronza medal-ku, deyizmi? Ha, shunday bo‘lardi, agar Madina bir ko‘zi deyarli hech nimani ko‘rmay qolgan jarohat bilan jang qilmaganida. Rossiya jamoasi a'zosi jiddiy zarbalar qabul qilib oxirgi ikki bahsni deyarli bir ko‘zda o‘tkazdi.

Bronza medal uchun kurashda amaldagi jahon chempioni Barbara Matichni mag‘lub etgan Taymazova Rossiya uchun kunning eng qadrli medalini taqdim etdi. Uning natijasini Artur Taymazov ham e'tirof etdi: «Madinaning chiqishi shunchaki qahramonlik. Menimcha, yarim finalni u yutgan edi, lekin hakamlar boshqacha qaror qabul qildi. Professional sifatida shuni aytishim mumkinki, hakamlarga hech qachon xato qilish imkonini qoldirmaslik kerak va bu uchun raqibdan ikki bosh baland ekaningni isbotlash shart. Hechqisi yo‘q, Madina hali 22 yoshda va olimpiada chempioni bo‘lishga ulguradi. Men ham birinchi urinishda uddalay olmagandim», deydi O‘zbekiston uchun jang qilib uch karra olimpiada chempioni bo‘lgan va ikkita medalidan doping sabab mahrum qilingan Taymazov.

Simona Baylzda ruhiy muammo

Yaxshilab joylashib oling, hozir so‘z borayotgan sportchining natijalari boshingizni aylantirib yuborishi mumkin. 1997 yilda tug‘ilgan Simona Baylz faoliyati davomida 4 marta olimpiada chempioni, 19 marta jahon chempioni, 2 marta mutlaq jahon chempioni bo‘lgan. AQSh gimnastika jamoasi yetakchisi bo‘lgan Simona Tokioda kumush bilan kifoyalandi. Jamoaviy bahslarda amerikalik qizlar kutilmaganda rossiyalik qizlarga yutqazib qo‘yishdi. Rossiya sporti tarixida bunday muvaffaqiyat ilk marta kuzatildi.

Simona Baylz XOQ prezidenti Tomas Bax bilan

Baylz ruhiy muammolar sabab musobaqani tark etdi. U tayanib sakrash bahslarida jarohat sabab yaxshi qatnasha olmadi, zaldan murabbiylarga tayanib chiqdi. Biroq uning o‘yinlarni tark etishiga ruhiy muammolar sabab bo‘lgan. CNN'ga ko‘ra atlet Rossiyaga qarshi finaldan oldin qattiq hayajonlangani sabab stress holatiga tushgan va yaxshi qatnasha olmagan. Bu holat sport jamoatchiligida keng muhokama qilinmoqda.

Quyida 28 iyulda o‘ynalgan barcha medallar bilan tanishishingiz mumkin:

Suzish. Jamoaviy bahslar

1. Buyuk Britaniya;
2. Rossiya;
3. Avstraliya.

Akademik eshkak eshish. Ayollar. Ikkilik

1. Ruminiya;
2. Yangi Zelandiya;
3. Niderlandiya.

Erkaklar ikkilik

1. Fransiya;
2. Niderlandiya;
3. Xitoy.

Ayollar, to‘rtlik

1. Avstraliya;
2. Niderlandiya;
3. Irlandiya.

Erkaklar, to‘rtlik

1. Avstraliya;
2. Ruminiya;
3. Italiya.

Erkaklar, juft to‘rtlik

1. Niderlandiya;
2. Buyuk Britaniya;
3. Avstraliya.

Ayollar, juft to‘rtlik

1. Xitoy;
2. Polsha;
3. Avstraliya.

Suzish. Ayollar. 200 m, erkin usul

1. Ariarne Titmus (Avstraliya);
2. Shivon Xoui (Honkong);
3. Penni Oleksyak (Kanada).

Erkaklar. 200 m, batterflyay

1. Krishtof Milak (Vengriya);
2. Tomoru Honda (Yaponiya);
3. Federiko Burdisso (Italiya).

Ayollar. 200 m, kompleks

1. Yui Oxasi (Yaponiya);
2. Aleks Uolsh (AQSh);
3. Keyt Duglass (AQSh).

Ayollar. 1500 m, erkin usul

1. Ketlin Ladeki (AQSh);
2. Erika Sallivan (AQSh);
3. Sara Koler (Germaniya).

Veloshosse. Ayollar. Individual poyga

1. Annemik van Vleten (Niderlandiya);
2. Marlen Roysser (Shveytsariya);
3. Anna van der Bregen (Niderlandiya).

Erkaklar. Individual poyga

1. Primoj Roglich (Sloveniya);
2. Tom Dyumolen (Niderlandiya);
3. Roan Dennis (Avstraliya).

Regbi-7. Erkaklar

1. Fidji;
2. Yangi Zelandiya;
3. Argentina.

Dzyudo 70 kg, ayollar

1. Chizuru Arai (Yaponiya);
2. Mikaela Polleres (Avstriya);
3. Madina Taymazova (Rossiya);
3. Sanne van Diyke (Niderlandiya.)

Qilichbozlik. Shamshir. Jamoviy bahslar, erkaklar

1. Janubiy Koreya;
2. Italiya;
3. Vengriya.

Dzyudo. 90 kg, erkaklar

1. Lasha Bekauri (Gruziya);
2. Eduard Trippel (Germaniya);
3. Kristian Tot (Vengriya);
3. DAVLAT BOBONOV (O‘ZBeKISTON).

Ot sporti. Yakkalik

1. Jyessika fon Bredov-Verndl (Germaniya);
2. Izabel Vert (Germaniya);
3. Sharlott Dyujarden (Buyuk Britaniya).

Og‘ir atletika. 73 kg, erkaklar

1. Shi Chjiyun (Xitoy);
2. Xulio Perniya (Venesuela);
3. Rahmat Abdulla (Indoneziya).

Sport gimnastikachi. Erkaklar. Ko‘pkurash

1. Dayki Xashimoto (Yaponiya);
2. Syao Joten (Xitoy);
3. Nikita Nagorniy (Rossiya).

Basketbol 3x3. Ayollar

1. AQSh;
2. Rossiya;
3. Xitoy.

Erkaklar

1. Latviya;
2. Rossiya;
3. Serbiya.

Beshinchi kungi bahslardan keyin O‘zbekiston delegatsiyasi 1 oltin va 1 bronza medal bilan umumiy reytingda Xorvatiya va Estoniya bilan bir xil natija qayd etgan holda 24-26-o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid