Avtomobilni tasarruf etish huquqi bilan 6 oyda 236 mingta ishonchnoma berildi
Yilning 1-yarmida avtotransportni tasarruf etish huquqi bilan jami 236 378ta ishonchnoma rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan 4 139tasi qarindoshlarga, 232 239tasi qarindosh bo‘lmagan shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan.
O‘zbekiston Notarial palatasi 28 iyul kuni birinchi yarim yillikdagi faoliyati yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Notarial palata raisi Dilshod Ashurovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda Notarial palataga xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi 872 nafar notarius a’zo hisoblanib, ular tomonidan joriy yilning 1-yarim yilligi davomida milliondan oshiq notarial harakatlar amalga oshirilgan.
Jumladan, yarim yillikda ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq 148 750ta shartnoma rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan kvartirani, uyni yoki uning bir qismini boshqa shaxsga o‘tkazish bo‘yicha 108 723ta oldi-sotdi shartnomasi, 27 752ta hadya shartnomasi, 139ta ayirboshlash shartnomasi rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, noturar joyni oldi-sotdi, hadya qilish, ayirboshlash bo‘yicha 12 045ta, fuqaro hayotligi davomida qarab turish bo‘yicha 77ta shartnoma rasmiylashtirilgan.
2021 yilning dastlabki 6 oyi davomida amalga oshirilgan avtomashina oldi-sotdi shartnomasi soni jami 209 322tani tashkil qilgan bo‘lsa, avtomashinani hadya qilish bo‘yicha 8 400ta, ayirboshlash bo‘yicha 46ta, ijaraga berish bo‘yicha 55 525ta shartnoma rasmiylashtirilgan.
Avtotransportni tasarruf etish huquqi bilan jami 236 378ta ishonchnoma rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan 4 139tasi qarindoshlarga, 232 239tasi qarindosh bo‘lmagan shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan.
Avtotransportni boshqarish huquqi bilan jami 97 941ta ishonchnoma rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan 8 064tasi qarindoshlar o‘rtasida, 89 877tasi qarindosh bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida rasmiylashtirilgan.
O‘tgan davr davomida notariuslar tomonidan 8 185ta vasiyatnoma rasmiylashtirilgan. Fuqarolarga meros bo‘yicha berilgan guvohnomalar soni 30 612tani tashkil qilgan.
Shuningdek, notariuslar 70 107ta garov shartnomasi, 23 795ta ipoteka shartnomasi, 523ta lizing shartnomasi, 1 249ta nikoh shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan.
1-yarim yillikda notariuslar tomonidan jami 2 128 878ta notarial harakat amalga oshirilgan bo‘lib, bir nafar notariusga o‘rtacha 2 441ta notarial harakat to‘g‘ri kelgan.
Jami amalga oshirilgan notarial harakatlar uchun to‘langan davlat bojining umumiy miqdori 536 mlrd 927 mln so‘mni tashkil etgan. Xususan, uy-joy va kvartiralar oldi-sotdisi bo‘yicha 29 mlrd 346 mln so‘m, avtotransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq harakatlar bo‘yicha 190 mlrd 874 mln so‘m, ijara shartnomasini rasmiylashtirish bo‘yicha 13 mlrd 414 mln so‘m, ishonchnomalarni rasmiylashtirish bo‘yicha 233 mlrd 537 mln so‘m undirilgan.
Ma’lumot uchun, Notarial palata 2020 yil yanvar oyida tashkil etilgan bo‘lib, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar unga a’zolik asosida faoliyat yuritadi.
Mavzuga oid
13:07 / 18.11.2024
Piskent poligonidagi navbat elektron shaklga o‘tkazildi
12:06 / 16.11.2024
“Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri zavod bilan ishlaymiz”: Toshkentda 16 kunlik firma odamlarni “halol lizing”ga mashina olib berishga ishontirmoqda
09:52 / 15.11.2024
O‘zbekiston avtomobil bozorida faollik darajasi oshdi
18:44 / 12.11.2024