O‘zbekiston | 14:17 / 30.07.2021
1082
2 daqiqa o‘qiladi

Nukusda “Yosh olimlar akademiyasi” va Yoshlar texnoparki tashkil etiladi

Bundan tashqari, Prezident qaroriga ko‘ra Qoraqalpog‘istonda bir necha texnologiyalar joriy etiladi.

BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, Nukus shahrida “Yosh olimlar akademiyasi” hamda yosh olimlar, startap loyihalar egalari, tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yoshlar texnoparki tashkil etiladi.

Qayd etilishicha, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi huzurida o‘simliklar urug‘lari genbanki bilan ta'minlangan laboratoriya, biznes-akselerator o‘quv markazi ochiladi.

Shu bilan birga yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan o‘simlik va hayvonot dunyosi obektlari elektron xaritalanib, ma'lumotlar bazasi yaratiladi.

Shaxslarni yuzi bo‘yicha aniqlash texnologiyasi joriy etiladi.

Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanib avtonom ichimlik sho‘r suvni tuzsizlantirish texnologiyasi ishlab chiqiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2,5 ming gektar maydonda paxta, g‘alla, kunjut, makkajo‘xori va chorva ozuqasi ekinlarini sug‘orishda yomg‘irlatib sug‘orish tizimi joriy etiladi.

Sinov laboratoriyalari modernizatsiya qilinib (oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, yengil sanoat), namunalarni laboratoriyaga yetkazish bo‘yicha logistika xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, sho‘rlangan tuproqlar ball bonitetini aniqlash maqsadida oliy ta'lim muassasalararo kompleks biokimyoviy tahlil markazi tashkil etiladi.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid