Jahon | 17:08 / 01.08.2021
38728
7 daqiqa o‘qiladi

Armiya va toliblar Afg‘onistonning uch yirik shahri uchun jang qilmoqda

«Tolibon» harakati kuchlari mamlakat janubi va g‘arbidagi uchta yirik shahar tomon yaqinlashib kelmoqda. 

Foto: EPA

BBC manbasi xabar qilishicha, jangarilar Hirot, Lashkargoh va Qandahor shaharlari atrofidagi hududlarga kirishgan.

«Tolibon»ning afg‘on armiyasi pozitsiyalariga hujumga o‘tishi AQSh harbiylari Afg‘onistonni tark etishga kirishishi bilan boshlangandi va o‘tgan haftalar davomida ko‘plab hududlar toliblar nazoratiga o‘tdi.

Turli baholarga ko‘ra, harakat mamlakat hududining 50 foizini nazorat qilmoqda (toliblarning o‘zi esa Afg‘onistonning 80 foizi egallanganini aytishadi), ammo ular shu vaqtgacha biror yirik shaharni egallashga muvaffaq bo‘lishmagan.

Toliblar o‘tgan haftada mamlakat chegaralarining 90 foizlik qismida nazorat o‘rnatilganini ma'lum qilgandi. Kobuldagi hukumat esa buni rad etgan.

«Bu hech qanday asosga ega bo‘lmagan ig‘vo», degan «Frans press» agentligiga Afg‘oniston mudofaa vazirligi matbuot kotibi Favad Aman va hukumat kuchlari chegaralarda nazoratni saqlab qolayotgani, asosiy shaharlar va ularni bog‘lovchi yo‘llar ham rasmiylar nazoratida ekaniga ishontirgandi.

O‘z navbatida toliblar Eron, Pokiston, Turkmaniston va Tojikiston bilan chegaralardagi muhim nazorat-o‘tkazish punktlari egallangani haqida ma'lum qilgan.

Qandahordagi qochqinlar uchun lagerlarda ayni vaqtda 11 mingga yaqin oila yashamoqda. Afg‘on parlamenti a'zosi Gul Ahmad Kamin BBC bilan suhbatda ushbu shahar ekstremistlar qo‘liga o‘tishi ehtimoli real holatga aylanayotganini qayd etgan.

Kaminning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» Qandahorni o‘zining vaqtinchalik poytaxtiga aylantirishni mo‘ljallagan. Agar bu shahar boy berilsa, Kobuldagi hukumat mamlakat janubi-g‘arbidagi yana besh-olti viloyat ustidan nazoratni ham qo‘ldan chiqaradi. Kaminning qo‘shimcha qilishicha, 20 yildan buyon bu shahar uchun hozirgidek shiddatli janglar olib borilmagandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jangarilar shaharga bir necha tomondan hujum qilmoqda, agar ular himoyani yorib o‘tishsa, armiya tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lmasligi uchun ularga qarshi og‘ir artilleriya qo‘llay olmaydi.

Qandahorda armiya va «Tolibon» o‘rtasidagi urush tufayli  viloyat markaziga minglab qochqinlar kirib kelgan

Afg‘oniston shimoli-g‘arbidagi Hirotda ham to‘qnashuvlar keskin tus olmoqda. Jangarilar shaharga janubdan hujum qilmoqda. Hududning kamida beshta nuqtasida janglar olib borilmoqda. AQSh harbiy havo kuchlari «Tolibon» pozitsiyalariga zarbalar berishni davom ettirmoqda. Hukumat kuchlari shahar aeroportini jang bilan qaytarib olishgan.

Aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ular o‘z ixtiyorlari bilan qurol ko‘tarib, toliblarga qarshi jangga otlangan. Mujohidlarning dala qo‘mondoni, Afg‘on urushi vaqtida sovetlarga qarshi kurashgan Ismoil xon shahar himoyasiga yordam berish uchun ko‘ngilli jangchilar bo‘linmasini tashkil etgan.

Lashkargoh viloyati markazi Hilmand uchun ham faol harbiy harakatlar olib borilmoqda. BBC manbasining so‘zlariga ko‘ra, toliblar shanba kuni Hilmanddagi hokimiyat binosiga yuz metr masofagacha yaqinlashib kelishgan. Juma kungi janglardan keyin ham ular binoni egallab olishga yaqin kelgandi, ammo afg‘on harbiylari ularni uloqtirib tashlagan.

YeIning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchisi Tomas Niklasson BBC korrespondenti Liz Dyuset bilan suhbatda mojaro o‘zining pik davridan hali uzoqligi, «Tolibon» «islom amirligi»ni tiklash g‘oyasiga qaytgani haqida gapirgan.

AQSh toliblarga aviazarbalar yo‘llashda davom etmoqda

O‘tgan haftada Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi brifing chog‘ida jurnalistlarga Amerika armiyasi Afg‘oniston hukumati harbiylarini qo‘llab-quvvatlash uchun havodan zarbalar yo‘llagani haqida ma'lum qilgandi.

Kirbi tafsilotlarni oshkor etishni istamagan, ammo Amerika matbuoti Pentagondagi manbasiga asoslangan holda dronlar orqali Qandahor viloyati markazida shaharni olish uchun harakat qilayotgan toliblar pozitsiyalari bo‘ylab zarbalar amalga oshirilgani haqida yozdi.

NBC telekompaniyasi dronlar orqali zarbalar jangchilarga qarata va toliblar hukumat kuchlaridan tortib olgan harbiy texnikalarga qarata yo‘llanganini ma'lum qildi. 

Nashr suhbatdoshining ma'lum qilishicha, zarbdor dronlar topshiriq bajarish uchun Afg‘oniston hududiga xorijdan uchib kelgan; so‘nggi oylarda amerikaliklar bunday zarbalar berishni to‘xtatgandi. Amerika kuchlari deyarli to‘lig‘icha Afg‘onistondan olib ketilmoqda - faqat AQShning Kobuldagi elchixonasi va mahalliy aeroportni qo‘riqlash uchun katta bo‘lmagan kontingent qoldiriladi.

Toliblar rasmiy vakili Zabihullo Mujohid aviazarbalar haqidagi ma'lumotlarni tasdiqlagan, zarbalar Qandahor shahri atrofidagi hududlarda amalga oshirilgani, bu hujumlar oqibatida «Tolibon»ning uch jangchisi va ikkita harbiy texnika yo‘q qilinganini ma'lum qilgan.

«Biz aviazarbalar amalga oshirilganini tasdiqlaymiz va bu faktni qat'iy qoralaymiz. Bu Dohadagi kelishuvning ochiqchasiga buzilishidir: maydan keyin ular Afg‘onistonda bunday operatsiyalar amalga oshirishi mumkin emasdi», deya uning so‘zlarini keltirgan Reuters agentligi.

2020 yil boshida Qatar poytaxti Dohada imzolangan kelishuvga ko‘ra, prezident Donald Tramp ma'muriyati harbiylarni Afg‘onistondan shu yil mayigacha olib ketishi kerak edi. Ammo aprel oyida AQShning yangi prezidenti Jo Bayden harbiylarni olib ketish may oyigacha emas, 11 sentyabrgacha tugallanishini ma'lum qildi.

AQSh Afg‘onistondan asosiy kuchlarini olib ketib bo‘lgan, ammo Kobul hukumatiga havodan yordam imkoniyatini qoldirgan  - masalan, Fors ko‘rfazidagi bazadan Global Hawk dronlari yordam uchun uchib keladi.

Mavzuga oid