O‘zbekiston | 18:30 / 01.08.2021
27146
2 daqiqa o‘qiladi

Zomindagi o‘rmon yong‘ini o‘chirildi

Zomin tumanining tog‘li hududida kunning birinchi yarmida boshlangan o‘rmon yong‘ini butunlay o‘chirildi. 80 gektar hududdagi daraxtlar va o‘t-o‘lanlar yongan, yong‘in aholi uylariga yetib kelmagan.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Zomin tumani o‘rmon hududida sodir bo‘lgan yong‘in o‘chirilgani haqida xabar berdi. Yong‘in 80 gektar maydonni qamrab olgan.

«1 avgust kuni ertalab soat 10:40da Jizzax viloyati Zomin tumani «Duoba» MFY O‘riklisoy aholi punkti hududiga yaqin joyda taxminan 80 ga. maydonda quruq o‘t va daraxtlar yongan. Yong‘inni o‘chirish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, Chegara qo‘shinlari, Davlat o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, 14ta yong‘in o‘chirish ekipaji va 1ta yong‘in qutqaruv otryadi, 4ta vertolyot jalb etildi.

Yong‘in soat 18:20da batamom o‘chirildi. Barcha jarayon Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari tomonidan muvofiqlashtirilib borildi. Tegishli idoralarning kuch vositalarining o‘z vaqtidagi harakatlari natijasida yong‘in yaqin atrofdagi aholi punktlariga o‘tmadi», deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan oldinroq Jizzaxdagi Zomin tog‘larida 1 avgust kuni yong‘in chiqqani, olovni o‘chirish uchun 400ga yaqin xodim va 4ta vertolyot jalb etilgani haqida xabar berilgan edi. AviaSpotter kanalining ma'lum qilishicha, yong‘inni o‘chirishga O‘zbekiston Mudofaa vazirligining AirBus X215 SuperPuma vertolyotlari jalb etilgan.

Mavzuga oid