O‘zbekiston | 14:09 / 02.08.2021
16780
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda hokimiyat oldidagi yo‘lni to‘sgan ayollar jazolandi (video)

Ular viloyat hokimi qabul qilmagani sababli o‘z noroziliklarini yo‘lni to‘sish orqali namoyish etishgan edi.

Andijon viloyati IIB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, 31 iyul kuni Andijon viloyatida bir guruh fuqarolar viloyat hokimligi binosi oldiga hokim qabuli uchun kelishgan. 

Hokimlik tomonidan qabul kuniga o‘zgartirish kiritilgani va hozirda hokimning birinchi o‘rinbosari qabuliga kiritilishi ma'lum qilingan. Biroq fuqarolar o‘rinbosar qabuliga kirishdan bosh tortishgan va hokimlik binosi yonidan o‘tgan avtomobil yo‘liga chiqib, mashinalar harakatini cheklashga urinishgan.

Shundan so‘ng mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, hujjatlar Andijon shahar sudiga yuborilgan.

Sud qarori bilan 11 nafar fuqaroga MJtKning 183-(mayda bezorilik), 194-(IIO xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 201-moddalari (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) 1-qismiga ko‘ra 8-11 sutka ma'muriy qamoq jazosi va yana 6 nafar fuqaroga BHMning 7 baravari (1 mln 715 ming so‘m) jarima tayinlangan.

Bunday holat Andijonda birinchi marta emas. O‘tgan yili internetda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov unga «sassiq gapirgan» marhamatlik uch ayolni 15 sutkaga qamatgani haqida gapirgan audio tarqalgan va ushbu audioga viloyat hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirgan edi.

Mavzuga oid