Sport | 17:23 / 02.08.2021
13485
5 daqiqa o‘qiladi

Tokiodagi Olimpiya shaharchasida Davlat Bobonov bilan eksklyuziv intervyu (video)

UzbekLife’ning Yaponiyadagi kolumnisti Jo‘rabek Hasanov Tokiodagi Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi va musobaqada bronza medalini qo‘lga kiritgan dzyudochi hamyurtimiz Davlat Bobonov bilan eksklyuziv suhbat uyushtirdi.

Tokio Olimpiadasi men uchun ilk olimpiada bo‘ldi

Tokio-2020 Olimpiadasi hayotimdagi ilk olimpiada hisoblanadi. Tokio olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun Osiyo, jahon chempionatlarida va boshqa bir qator yirik musobaqalarda qatnashgandim. Ammo Olimpiadada qatnashish, undagi atmosfera boshqa turnirlardan umuman farq qilishiga guvoh bo‘ldim. Bu yerda bosim, mas'uliyat boshqa turnirlarga nisbatan birmuncha ulkan bo‘lishini his qildim.

Bilasizki, Yaponiya dzyudo vatani hisoblanadi. Bu yilgi olimpiada o‘yinlarining Yaponiyada bo‘lishi va dzyudo vatani bo‘lgan mamlakatda dzyudo bo‘yicha medal egasi bo‘lishim xursandligimni birmuncha oshirdi.

Yaponiya o‘ziga xos madaniyatga ega ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim

Boshqa musobaqalarda qatnashish uchun avval ham Yaponiyada bo‘lganman. Bu yilgi Olimpiada sabab yana bir bor Yaponiyaga kelish nasib qildi. Har safar kelganimda yaponlarning madaniyatiga, bir-biriga bo‘lgan hurmatiga, shaharlar ozodaligiga qoyil qolganman. Hozir bu olimpiya shaharchasida ekanman, bunga yana bir karra amin bo‘ldim.

Vatanim, xalqimning qo‘llab-quvvatlashi asosiy rol o‘ynadi

Olimpiada musobaqalari start olishidan oldin bizning maqsadimiz, eng kamida, medal olish edi. Qur'a tashlangandan keyin raqiblarimiz kimligini bilib oldik. Ularning ba'zilari menga notanish emas edi. Ular bilan avval ishtirok etgan musobaqalarda to‘qnashgan edim.

Bronza medal uchun kechgan jangda Vatanim, xalqimning qo‘llab-quvvatlashini uzoqdan bo‘lsa-da his qildim. Tribunadagi hamyurtlarimning hayqiriqlari esa meni ushbu jangda g‘alaba qozonishga undagan asosiy omillardan biri bo‘ldi, deb bemalol ayta olaman.

Oila a'zolarimning quvonchini ko‘rib ko‘zimga yosh keldi

G‘olib chiqqanimni televizorda kuzatib turgan oila a'zolarimning videosini ko‘rib, to‘g‘risi, ko‘zimga yosh keldi. Ular bilan telefon orqali gaplashganimda ham aytishdiki, jangni butun mahalla kuzatishgan, uyimiz qo‘ni-qo‘shnilarga to‘lib ketgan. Shunda angladimki, Olimpiadada qatnashadigan sportchi ortida butun xalq turgan bo‘ladi. Har bir sportchi buni his qilgan holda musobaqada qatnashadi.

“Davlat Bobonov bronza medali uchun kechgan jangda 16 ta «ippon» bilan g‘alaba qozongan”. Ippon – bu o‘zbek tilida «halol» ma'nosini bildirib, kurashchining raqibini ko‘tarib yerga urish orqali ochko olishini ifodalaydi”.

 Men o‘zim erishgan ushbu yutuqda, avvalambor, ustozlarimning xizmati katta deb bilaman. Bundan tashqari, ota-ona duosi, xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi va Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyat va shart-sharoitlar g‘alabaning asosiy sababi deb bilaman.

Dzyudo sportiga yaratilgan e'tibor rivojlangan davlatlardan umuman qolishmaydi

Tokio-2020 Olimpiadasida qatnashib shunga amin bo‘ldimki, aynan dzyudo sportiga yurtimizda beriladigan e'tibor, sportchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar dunyoning eng rivojlangan mamlakatlarida bu sport turiga beriladigan e'tibordan kam emas. Shu sababdan ham, bizga ushbu sharoitlarni yaratib bergan Prezidentimizga, shuningdek, ustozlarimizga, Federatsiya raisiga, Olimpiya qo‘mitasiga, Sport va turizm vazirligiga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.

Yoshlarimizga xoh professional sportda bo‘lsin, xoh kundalik mashg‘ulot sifatida bo‘lsin, qanaqa sport turi bo‘lishidan qat'i nazar muntazam shug‘ullanib turishlarini tavsiya qilaman.

To‘liq videoni UzbekLife'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qiling.

Jo‘rabek Hasanov,
UzbekLife’ning Yaponiyadagi kolumnisti

Mavzuga oid