O‘zbekiston | 16:31 / 03.08.2021
58273
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident O‘zbekistonda pandemiyaning keyingi to‘lqinlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun 3ta muhim shartni aytdi

Pandemiyadan imkon qadar yo‘qotishlarsiz o‘tish va keyingi to‘lqinlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, xalqdan 3ta muhim shartga qat'iy amal qilish talab etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil I yarim yilligida iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda har bir tarmoq va hududda uchinchi chorak va yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda pandemiyani yengib o‘tish doirasida olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.

Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 10 mingga yaqin bemor shifoxonada, 3 ming nafari uy sharoitida davolanayotgan bo‘lsa, 2,4 ming nafari og‘ir, 890 nafari o‘ta og‘ir ahvolda. 

«Shifokorlar albatta jonbozlik ko‘rsatishyapti, lekin yetarli darajada samara bo‘lmayapti. Shifokorlarning talablarini bajarmaganimiz tufayli vaziyat og‘irlashdi, ming afsus, kasallik ko‘payib bormoqda.

Shunday bo‘lsa-da, kasallikni davolash va uning oldini olish bo‘yicha yetarli tajriba orttirdik. Sog‘liqni saqlash tizimi shay holatga keltirilib, barcha zarur vositalar, yetarli dori-darmon va tibbiyot jihozlari bilan ta'minlandi. Ijtimoiy soha obektlari va iqtisodiyot tarmoqlari keskin karantin cheklovlarisiz faoliyatini davom ettirmoqda. 

Bu faqat sog‘liqni saqlash tizimining ishi deganlar qattiq adashadi. Albatta, vazirlikka katta mas'uliyat yuklangan, lekin hamma javobgarlikni his qilishi kerak», degan davlat rahbari.

«Pandemiyadan imkon qadar yo‘qotishlarsiz o‘tishimiz va keyingi to‘lqinlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, xalqimizdan 3ta muhim shartga qat'iy amal qilish talab etiladi.

Birinchidan, virusdan himoyalanish va uni yengishning eng muhim sharti – bu albatta vaksinatsiya. Qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, ushbu maqsadlar uchun bugungi kunga qadar 4 turdagi 13 million doza vaksina olib keldik. Birorta hudud vaksina yo‘q, deb ayta olmaydi, hammasini bepul yetkazib beryapmiz. Qaysi turdagi vaksina bilan emlanish bo‘yicha aholida tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi. To‘rtta vaksina ishlayapti hozir.

Shu bois, emlash tadbirlarini keng joriy etish maqsadida kuni kecha maxsus qonunni imzoladim. Ushbu qonun orqali ish beruvchilarga sog‘lig‘iga ko‘ra qarshi ko‘rsatma bo‘lmagan, lekin profilaktik emlashni rad etgan xodimlarini ish joyiga kiritmaslik huquqi berildi.

Ikkinchidan, shaxsiy gigiyena va ijtimoiy masofani saqlash talablariga rioya qilish, jamoat joylarida tibbiy niqobda yurish – kasallikdan eng samarali himoya ekanini unutmaslik lozim.

Afsuski, odamlarimiz bu talabni unutib, esdan chiqarib qo‘ygani ham, ayni haqiqat. Cheklovlarga qaramasdan, joylarda ko‘p kishilik to‘ylar, turli marosimlar to‘xtagani yo‘q.

Shu bilan birga, joriy haftadan oliygohlarga kirish uchun test imtihonlari boshlanadi, bu tadbirlarda respublika bo‘yicha kuniga 100 mingga yaqin abituriyent qatnashadi. Ushbu tadbirlarni ham karantin talablari asosida tashkil etish zarur.

Uchinchidan, kasallik yengil kechayotgan va uy sharoitida davolanayotgan bemorlarni o‘zboshimchalik bilan, pala-partish dori vositalari iste'mol qilishining oldini olish zarur. 

Afsuski, bemorlar uy sharoitida noto‘g‘ri davolanishlari natijasida og‘ir oqibatlar kelib chiqmoqda», dedi prezident.

Sog‘liqni saqlash mutasaddilari oldiga uy sharoitida davolanayotgan bemorlarning tizimli nazoratini hamda to‘g‘ri davolanishni targ‘ib qilish topshirig‘i berildi. Buning uchun, maxsus tibbiyot brigadalari sonini kamida 2 baravarga oshirish, ularni zarur dori vositalari bilan uzluksiz ta'minlash zarurligi qayd etildi.

Bosh prokurorga viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari bilan birgalikda dorixonalarda koronavirusga qarshi qo‘llanadigan dori vositalari narxining asossiz oshishi va ularning noqonuniy aylanmasi bo‘yicha kunlik nazorat tadbirlarini kuchaytirish topshirildi.

Mavzuga oid