Jamiyat | 12:37 / 05.08.2021
20625
10 daqiqa o‘qiladi

4 ta rasmiy davlat tili bor – Shveytsariya ajoyibotlari haqida (foto)

Bir necha yildan buyon Shveytsariyada istiqomat qilaman. Aniqrog‘i, bu yerda Shveytsariyaning nufuzli ETH Zürich Federal texnologiya instituti biotexnologiya yo‘nalishi magistratura bosqichida o‘qiyman. Ushbu maqola orqali Shveytsariya mamlakatining o‘ziga xosliklari haqida ma'lumot bermoqchiman.

Uydan, o‘sib ulg‘aygan muhitidan uzoqlashgan ko‘plab insonlar, ayniqsa, chet elga uzoqroq muddatga chiqqanlar “sulture shock”, ya'ni madaniyat shokiga uchraydi.

Madaniyat shoki o‘zi aslida nima? Bu tafakkur, urf-odat, yashash tarzi va shaxslararo o‘zaro munosabatlardagi chuqur madaniy tafovutlardan kelib chiqadigan holat. U ko‘pincha yangi muhit va madaniyatga moslashish jarayonidagi ichki kurash. Bu jarayonni osonlashtirishning asosiy yo‘li, albatta, boradigan manzil, millat va davlatni o‘ziga xos bo‘lgan jihatlarini oldindan o‘rganib chiqish.

Bugun eng ko‘p shokolad iste'mol qiladigan davlat - Shveytsariyaning, o‘ziga xos yashash tarzi, infrastrukturasi va bizga noodatiy bo‘lgan oddiy hayot, maishiy tajribalarini rasmlar orqali ko‘rsatib chiqaman. Bu Shveytsariyaga qiziqadigan va kelajakda o‘qish yoki ishlash uchun kelmoqchi bo‘lgan hamyurtlarimizga foydali bo‘ladi degan umiddaman.

Shveytsariya Markaziy Yevropada joylashgan bo‘lib 4 ta rasmiy davlat tiliga ega: nemis, fransuz, italyan va retoromancha tillar. Eng ommabop til nemis tili, lekin u Shveytsariyaga xos shevada gapiriladi. Shuning uchun germaniyaliklar shveysarcha lahjada nemis tilida gapirgan insonlarni ko‘pincha tushunishmaydi. Men o‘qiydigan shahar ham nemischa gapiradigan hududga kiradi. Fotolavha ham nemis tilida gapiradigan hududga oid. Har bir tilga oid bo‘lgan hududning o‘ziga hos jihatlari bor, bu hududlarda urf-odatlar, yashash tarzi ham odamlarni temperamenti ham har xil.

Shveytsariyaga kelganingizda birinchi bo‘lib jamoat transporti qanchalar rivojlanganini ko‘rasiz. Bu yerda turli xil transport vositalari bir yo‘lda birga yuradi: ham avtomashina, ham avtobus, ham tramvay, ham mototsikl, ham velosiped, ba'zi shaharlarda trolleybus ham bor. Qaysi transport vositasi ko‘proq «hurmatga» egaligi yo‘l qoidalarida belgilangan. Tramvay va velosipedlarni doim birinchi o‘tkazib yuborish kerak. Ko‘plab ko‘chalarda svetofor o‘rnatilmagan, hammasi yo‘l zebrasi orqali boshqariladi, haydovchilar bir-birini juda hurmat qiladi.      

Shuningdek, Shveytsariyada fuqarolarga bo‘lgan ishonch juda kuchli. Buni fuqaro va davlat o‘rtasidagi ko‘plab masalalarda ko‘rsa bo‘ladi. Masalan, davlat idoralarida yoki shifoxonalarda to‘lov doim ham xizmat ko‘rsatilgan vaqtning o‘zida olinmaydi. Aksincha, hisob-fakturasi insonni yashash manziliga pochta orqali yuboriladi. Va uni to‘lash uchun sizga 30 kun muhlat beriladi, to‘lovni onlayn yoki pochta idoralarida amalga oshirish mumkin.

Shunday qilib to‘lovni amalga oshirish avval sizning vijdonigizga qo‘yib beriladi.  

Yana bir ishonch bildirilgan masala bu jamoat transportida konduktor bo‘lmasligi. Chiptalarni vaqti-vaqti bilan tekshirishadi, lekin ko‘pincha avtobus va tramvaylarda chiptalarni hech kim tekshirmaydi. Butun yo‘lovchilar vaqtida chipta olish uchun ma'suliyatli, hamma tergov va nazoratsiz bu qoidalarga amal qiladi. Lekin chiptasiz yo‘lovchi bo‘lishning narxi ham qimmat, ham chipta sotib olingan vaqti juda ahamiyatli. Masalan, o‘zimni misolimda, yaqinda chiptani 42 sekund kech sotib olganim uchun 100 frank jarima to‘lashimga oz qoldi. Yaxshiyamki, konduktor tushunadigan chiqdi.                              

Shveytsariyada kitoblar azizlanadi. Ko‘chalarda o‘rindiqlarni yonida, chiroyli manzaraga qaragan joylarda kitob nuqtalarini uchratish mumkin. Ochiq havodagi kichkina kutubxona kabi, kitoblarni olib, o‘tirib o‘qib qayta joyiga qaytariladi. Bunday joylarda ham nazorat yo‘q. Odamlar jamiyatga tegishli narsalarni uylariga olib ketmaydilar, hamma shunday tarbiya olgan.

Yana bir jihat ichimlik suviga bo‘lgan ahamiyat. Suvni toza tutish, uni qayta tozalash uchun davlat budjetidan katta mablag‘ sarflanadi. Aynan shuning uchun xonadonlardagi jo‘mrakdan oqayotgan suv qaynatilmasdan ichishga yaroqli. Hatto ko‘chalardagi favvoralardagi suv ham ichishga arzirli. Avvalboshdan hamma suv ichimlik deb hisoblanadi, lekin agar unchalik toza bo‘lmasa, albatta, suv manbasi yonida «Ichimlik suvi emas», degan yozuv turadi. Favvoralarga avvaldan katta ahamiyat berib kelingan. Ular butun Shveytsariya bo‘ylab turlicha shakl va ranglarda keladi.    

Shveytsariyada hayot tarzi sekinlik bilan ketadi. Odamlarning hordiq chiqarish usullari ham boshqacha. Oddiy kun davomida do‘kon va supermarketlar kechki payt 19:00 yoki 20:00 da yopiladi. Ovqatlanishga mo‘ljallangan kafe va restoranlar faqat tushlik payti (11 dan soat 14:00 gacha) va kechki ovqat payti (soat 17:00-18:00 lardan keyin) ochiq bo‘ladi. Shanba kunlari hamma narsa ertaroq yopiladi, yakshanba kuni esa supermarket, kiyim-kechak do‘konlari, ko‘plab ovqatlanish joylari yopiq bo‘ladi. Chunki yakshanba kuni hamma oilasi bilan o‘tkazadigan kundir. Hafta kunlari kechki soat 22:00 dan keyin uyda baland ovozli uskunalar bilan foydalanish, ba'zi uylarda hatto cho‘milish mumkin bo‘lmasa, yakshanba kuni umuman changyutgich, kir yuvish mashinasi kabi uskunalarni ishlatish juda odobsizlik hisoblanadi. Chunki bu kun dam olish, hordiq chiqarish kunidir. Odamlar vaqtlarini oila a'zolari bilan uyda yoki do‘stlari bilan ko‘chada o‘tkazishadi. Ba'zilar ko‘chaga chiqib shaxmat o‘ynaydi, ba'zilar bog‘bonlik hududlariga borib u hududdagi o‘zlariga tegishli bo‘lgan kichkina bog‘ni parvarishlaydi, ba'zilar esa piyoda yurish, toqqa chiqish, ekstremal sport turlari bilan shug‘ullanish uchun tabiat qo‘yniga borishadi. 

Insonlar bu yerda umuman tabiatga juda ham e'tiborli. Har bir daraxt, har bir o‘simlikni asrashga harakat qilishadi. Bu ularga ham havo ifloslanishi bilan kurashishda yordam beradi, ham shaharlarga o‘zgacha estetik, nafis go‘zallik beradi. Derazalarning tashqi tokchalariga, uy ichiga, deyarli barcha ko‘p qavatli xonadonlarda mavjud bo‘lgan balkonlarga, uylarning tomlariga va hatto binolarning tashqi fasadlariga gul va daraxtlar ekib chiqishadi. Daraxtlar hatto ulkan tuvaklarda o‘stiriladi. Gullar nafaqat alohida gul bozorlarida, balki oddiy supermarket tashqarisida ham sotiladi. Kichkina shaharchalarda bu gullarni supermarket yopilganida ham ichkariga olib kirishmaydi. Bu fuqarolarga bo‘lgan yana bir ishonch misolidir.

Agar ahamiyat bergan bo‘lsangiz, hamma uy derazalarining tashqi tarafida jalyuzilar qo‘yilgan. Shunday deraza to‘siqlari va jalyuzilar balkon bilan birga har bir uyga mansub bo‘lgan Shveytsariyaning alohida bir xususiyatidir. Bu to‘siqlar uylarni quyoshdan yaxshigina saqlaydi va pardalarga hojat ham qoldirmaydi.              

Shaxsan men uchun noyob tuyilgan narsa bu odamlarni o‘z uyidagi kerak bo‘lmagan buyumlarni ko‘chaga chiqazib qo‘yib ustiga «gratis» (bepul) deb yozib qo‘yishlari bo‘lgan. Bu degani shuki, agar siz bu buyumdan hali ham foydalansa bo‘ladi, deb o‘ylasangiz va sizga kerakli bo‘lsa, uni o‘zingiz bilan olib ketishingiz mumkin. Bu buyumlar oddiy kitob, idishlar, o‘yinchoqlardan boshlab uy jihozi kabi katta buyumlargacha bo‘lishi mumkin. Men va xonadoshlarim shu orqali yashaydigan joyimizni jihozlaganmiz va haligacha kerakli, foydali va chiroyli ko‘chadan topilgan buyumlar bilan uyimizni bezashda davom etib turamiz.           

Velosiped ham asosiy transport vositalaridan biri bo‘lgani uchun uyga kiraverishda velosiped saqlash va veloturargoh qilish joylari bor.

Bu Shveytsariyaning bizdan farqli, noyob bo‘lgan tomonlari edi. O‘ylaymanki, sizga bu ma'lumotlar asqotadi va madaniyat shokini yengib o‘tishda ko‘mak beradi. 

Siz ham o‘z hikoyalaringizni biz bilan bo‘lishmoqchi bo‘lsangiz Telegram’da http://t.me/uzbeklifebot ga murojaat qiling.

Surayyo Akramxanova

Shveytsariya

Mavzuga oid