“Koronavirusga qarshi kurashda kafe-restoranlarni qurbon qilmaylik” - Zafar Hoshimov
Maxsus komissiya qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish obektlari faqat ochiq maydonlarda, soat 08:00dan 20:00gacha ishlashi mumkin. Tadbirkor Zafar Hoshimov koronavirusga qarshi kurashda tanlangan bu chorani qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.
Kafe va restoranlar faoliyati pandemiya davrida cheklanayotgani tarmoq uchun og‘ir bo‘lmoqda, deya yozdi tadbirkor Zafar Hoshimov o‘zining Facebook'dagi sahifasida.
“Kafe va restoranlar – tadbirkorlarning asosiy o‘zagi va forposti. Aynan shu sohada eng ijodkor va jasur, hech qanaqa riskdan tap tortmaydigan odamlar to‘plangan. Bu sohaning yaxshisi ham, yomoni ham juda tez ayon bo‘ladi. Bu biznesda o‘rtamiyona bo‘lib bo‘lmaydi, sen yo muvaffaqiyatlisan, yoki yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur biznes hammaga ham emas.
Biz, shaharliklar, mijozlar uchun kafe-restoranlar shunchaki oshqozon g‘amini yeydigan joy emas, balki do‘stlar, yaqinlarimiz va qadrli insonlarimiz bilan uchrashadigan, hayotimizdagi muhim voqealarni nishonlaydigan, muloqot qiladigan, hayajonli daqiqalarni kechiradigan joy hamdir. Kafe va restoranlar muzokaralar uchun juda samarali joy. Chunki bir dasturxon atrofida o‘tirganda ishonch o‘z-o‘zidan mustahkamlanadi, o‘zaro kelishuvlarga juda tez kelinadi. Kafe va restoranlar shu ma'noda shaharning ijtimoiy episentridir”, – deb yozadi tadbirkor.
Zafar Hoshimov ko‘p sayohat qiladigan odam sifatida aynan kafe va restoranlar u yoki bu shahar haqidagi fikr shakllanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini qayd etgan.
Tadbirkor aynan kafe va restoranlar koronavirusga qarshi urushda aybdor deb topilib, qurbonlikka mahkum etilganini tushunmasligini ta'kidlaydi.
“Ishonchim komilki, odamlar aynan kafe va restoranlarda virusni yuqtirib olayotganini isbotlaydigan ishonchli tadqiqotlar yo‘q. Gap albatta, yuzlab odamlar bilan to‘y-tomosha qilish haqida ketmayapti. Albatta, soat 20:00gacha ham kafe-restoranlarda odamlar to‘planib qolishi mumkin, qolaversa, mavjud talablarga bo‘ysunmasdan ishlayotgan kafe-restoranlar ham bor. Eng yomoni ham shu.
Ushbu yuzaga kelgan vaziyatni zudlik bilan tuzatish kerak. Shunday chora-tadbirlar joriy qilish mumkinki, umumiy ovqatlanish muassasalari o‘zini oqlamagan vaqt va joy cheklovlaridan qat'i nazar ham ishlay oladi”, – deb yozdi u.
Telegram'dagi davletovuz kanali Zafar Hoshimovning fikrlarini qo‘llab-quvvatlab, koronavirusga qarshi kurash, albatta, mantiq va ilmiy xulosalarga asoslansa, iqtisodiyot ham yutqazmasligi, odamlarda ham haqli e'tirozlar tug‘ilmasligini ta'kidladi.
“Toshkentda yashaydigan odam borki, soat 20:00dan keyin ishlaydigan “elita” joylarni ham, pana-panada ishlaydigan odmi joylarni ham biladi. Kimdir tanka bilan, kimdir pul bilan, kimdir taqdirga tavakkal qilib ishlayapti.
Qariyb 16 oyki, koronavirusga qarshi yaxshigina tajriba to‘pladik. Lekin qadamlarimizda hali ham mantiqsizlik bor. Bir martalik choralar, mantiqsiz xatti-harakatlardan tiyilaylik. Milliardlab mablag‘ sarflab festival-konsert o‘tkazib, so‘ng milliardlab soliq va million odam uchun osh-non beradigan kafe-restoranlarni yopmaylik. Bu yo‘qotishni hech kim qoplamayapti, afsuski. Biz Amerika emasmiz, “vertolyot pullarimiz” yo‘q.
Modomiki shundoq ham kafe-restoranlarni virus o‘chog‘i deb bilishar ekan, balki xodimlarini to‘liq emlagan kafe-restoranlarga to‘liq yoki vaksinaning kamida ikkita dozasini olgan mijozlarni QR-kod orqali xizmat ko‘rsatish uchun qabul qilishga ruxsat berilar. Ham rag‘bat, ham iqtisodiyot yuradi.
Aqlli, insofli, mantiqli bo‘laylik. To‘satdan yopib, to‘satdan ochib ishlash – stress. Mavhumlik biznes uchun ham, odamlar uchun ham og‘ir. Maxsus komissiya faoliyati shaffofroq, uning harakatlarini, tashlaydigan qadamlarini prognoz qilish imkoniyati bo‘lsa ishonch kuchayadi. Hech kim yutqazmaydi”, – deya yozmoqda bloger.
Avvalroq, karantin cheklovlaridan qiynalayotgan restoratorlar hukumatdan yordam so‘rayotgani xabar qilingandi.
Kun.uz'ga murojaat qilgan restoran va kafelar egalari cheklov sabab qiyin vaziyatga tushib qolgani, kundalik tushum tushib ketgani, agar cheklovlarda yengilliklar berilmasa, ish o‘rinlarini qisqartirishga majbur bo‘lishlari, bu yil o‘tgan yildan farqli ravishda karantin paytida soliq imtiyozlari ham yo‘qligi haqida so‘zlab bergandi.
Mavzuga oid
20:02 / 31.10.2024
Ishdan bo‘shatilgan xodim yashirin ravishda Disney restoranlaridagi menyularni o‘zgartirib qo‘ydi
12:48 / 21.10.2024
“700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining 75 foizida taomnoma o‘zbek tilida emas” – Raqobat qo‘mitasi
23:58 / 11.09.2024
Toshkentdagi restoranlardan birida ommaviy zaharlanish yuz berdi
10:00 / 09.09.2024